Isroil Yamandagi asosiy aeroport va portni yakson etdi
Tramp husiychilar taslim bo‘lgani - va AQSh endi ularni bombardimon qilmasligini aytdi.
6 may kuni Isroil harbiy-havo kuchlari Yaman bo‘ylab zarbalar seriyasini amalga oshirdi: tunda — Hudayda porti, kunduzi — mamlakat poytaxti Sano shahridagi aeroport bombardimon qilindi. Hujumdan oldin TSAHAL mahalliy aholiga ogohlantirish berib, zudlik bilan Sano aeroporti yaqinidagi hududlarni tark etishga chaqirgan.

Mohammed / Xinhua / ZUMA Press / Scanpix / LETA
Aeroport to‘lig‘icha ishdan chiqarilgan: terminal, uchish-qo‘nish yo‘lagi hamda harbiy baza yakson etilgan, shuningdek, bir necha samolyot yo‘q qilingan. Badjil shahridagi sement zavodi va bir necha elektr stansiyalar ham zarbalar ostida qolgan. Yamandagi «Al-Masira» telekanali ma’lumotiga ko‘ra, uch kishi halok bo‘lgan.
Bu obektlarning barchasi «Ansor Alloh» (husiychilar) tomonidan nazorat qilinadigan hududda joylashgan. Isroil mudofaa armiyasi bayonotiga ko‘ra, ular husiychilar infratuzilmasining bir qismi hisoblangan: Hudaydadagi port va Sano aeroporti — «Ansor Alloh» Erondan olingan qurollarni tashishda foydalanadigan transport tuguni vazifasini o‘tagan, sement zavodi mahsulotlari esa yerosti bunkerlari va tunnellar qurishda ishlatilgan.
Aeroport bo‘ylab zarbalardan ko‘p o‘tmay AQSh prezidenti Donald Tramp husiychilar Qizil dengizdagi kemalarga hujum qilishni to‘xtatishga rozi bo‘lgani va shuning uchun AQSh ularning Yamandagi obektlariga boshqa hujum qilmasligini bildirdi. Tramp hech qanday tafsilotlarni keltirmagan — husiychilar kimga, qachon, qayerda va aynan nima deganiga aniqlik kiritmagan.

Trampning bayonotidan ko‘p o‘tmay O‘mon tashqi ishlar vaziri Badr al-Busaydiy AQSh va husiychilar Maskat vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olganini ma’lum qildi. «Kelgusida tomonlarning hech biri bir-birini ta’qib qilmaydi, jumladan, Qizil dengiz va Bob al-Mandib bo‘g‘ozida Amerika kemalariga hujum qilinmaydi», – dedi vazir. «Al-Mayadin» telekanali xabarida husiychilar AQSh bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarda bo‘lmagani aytilgan. AFP xabariga ko‘ra, husiychilar Isroilga qarshi hujumlarni davom ettirishga va’da bergan.
Isroilning havo zarbalari husiychilarning 4 may kuni Tel-Aviv yaqinidagi, Ben-Gurion nomidagi yirik aeroportga ballistik raketa uchirishiga javoban amalga oshirildi. Bu zarba jiddiy zarar yetkazmagan: raketa aeroportdagi biror obektga borib tegmagan, faqat bir necha kishi yengil jarohat olgan. Aeroport taxminan yarim soat davomida reyslarni yuborish va qabul qilishni to‘xtatgan va yo‘lovchilar uchun taxminan bir soatga yopilgan, shundan keyin faoliyatini tiklagan.
Ammo ko‘plab xalqaro aviakompaniyalar, jumladan WizzAir, Ryanair, Lufthansa, British Airways, Air France va Delta kabilar Isroilga uchishni va u yerdan parvozlarni amalga oshirishni to‘xtatgan.
So‘nggi haftalarda husiychilar muntazam ravishda Isroil bo‘ylab ballistik raketalar uchirib kelayotgandi, ammo odatda havo hujumidan mudofaa tizimi ularni to‘xtatib qolayotgandi. Bu safar Isroilning «Xets» tizimi ham, Amerikaning THAAD tizimi ham raketani o‘tkazib yuborgan.
Husiychilar bir yarim yildan buyon Isroilni o‘qqa tutadi hamda Yaman sohillari yaqinidan o‘tadigan kemalarga hujum qiladi, guruh buni falastinliklarni Isroilga qarshi urushda qo‘llab-quvvatlash belgisi deb izohlaydi. Natijada Qizil dengiz orqali kemalar qatnovi falaj ahvolga kelib qolgan — bu Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi muhim savdo yo‘li hisoblanadi. 2025 yil martida Tramp kemalarga hujum qilinishiga butkul chek qo‘yish uchun mintaqaga Amerika qurolli kuchlarini yuborgandi. U Isroil o‘qqa tutilishiga barham berishni amaliyot maqsadi sifatida keltirmagan.
Mavzuga oid

19:01 / 07.05.2025
Suriya va Isroil BAA vositachiligida yashirin muzokaralar olib bormoqda - Reuters

18:47 / 07.05.2025
«Harri Trumen» aviatashuvchisi bortidan yana bir qiruvchi samolyot Qizil dengizga tushib ketdi

17:53 / 07.05.2025
AQSh sudi Pegasus josuslik dasturini yaratgan Isroil kompaniyasini 170 mln dollar jarimaga tortdi

09:44 / 07.05.2025