Jahon | 13:32 / 07.05.2025
2533
9 daqiqa o‘qiladi

Pokistonga hujum qilgan Hindiston, genotsidga sheriklikda ayblangan AQSh va Germaniyaning yangi kansleri – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Hindiston Pokiston hududiga raketa zarbalari berdi, Pokiston javob qaytardi

Hindiston tomoni «Sindur operatsiyasi»ni boshlab, Pokiston hududidagi obektlarga raketa zarbalarini yo‘lladi.

7 mayga o‘tar kechasi Kashmirning Pokistonga qarashli qismida portlashlar yuz berdi. Guvohlarning aytishicha, yarim tundan keyin Muzaffarobod shahri atrofiga raketa zarbalari berilgan. Portlashlardan keyin shaharda elektr energiyasi ta’minoti uzilgan.

Hindiston hukumati Pokistondagi «terrorchilik» infratuzilmalariga qarshi zarbalar berganini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, Hindiston «Sindur operatsiyasi» doirasida to‘qqizta obektga hujum qilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, hind tomoni «yer-yer» sinfidagi ballistik raketalardan foydalangan.

«Hindiston Qurolli kuchlari terrorchilar lagerlariga aniq zarbalarni amalga oshirdi. Pokiston harbiy obektlari hujumga uchramadi», — deyiladi Hindiston Mudofaa vazirligi xabarida.

Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif «ayyor dushman Pokistonning besh hududiga qo‘rqoqlarcha hujumlar uyushtirgani» va Islomobod bunga javob berishini aytdi. Bu haqda siyosatchi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozgan.

Sharifning so‘zlariga ko‘ra, Pokiston «Hindiston tomonining bu urush aktiga qat’iy javob berishga to‘liq haqli». Uning ta’kidlashicha, bunday javob «allaqachon berilgan». Bundan tashqari, Shahboz Sharif mahalliy vaqt bilan chorshanba kuni ertalab soat 10:00 ga belgilangan Pokiston Milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishini chaqirdi.

Pokiston armiyasining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha xodimi Ahmad Sharifga ko‘ra, Hindiston hujumlari natijasida sakkiz kishi halok bo‘lgan, 35 kishi jarohatlangan va ikki kishi bedarak yo‘qolgan. «Hindiston bu qo‘rqoq hujum orqali erishgan vaqtinchalik baxt doimiy qayg‘u bilan almashtiriladi», degan Pokiston rasmiysi.

Shuningdek, Pokiston havo kuchlari Hindistonning 5 qiruvchi samolyoti va droni urib tushirilganini, Kashmirdagi bo‘linish chizig‘i bo‘ylab Hindiston posti vayron qilingani haqida xabar berdi. Hindiston armiyasi bu da’volarni tasdiqlamadi.

Kongressmen AQShni Falastindagi «genotsidga sheriklikda» aybladi

AQSh Vakillar palatasining Demokratik partiyadan a’zosi Rashida Tlaib Qo‘shma Shtatlarni «genotsid»ga sheriklikda aybladi.

X ijtimoiy tarmog‘ida chop etilgan bayonotida Tlaib Isroil hukumatining qaroriga keskin munosabat bildirdi.

«Isroil 64 kundan beri insonparvarlik yordamining G‘azoga kirishiga to‘sqinlik qilmoqda. Urush jinoyatchisi Binyamin Netanyaxu butun Falastin aholisini majburan chiqarib yuborish, etnik tozalash, G‘azoni butunlay vayron qilish va uni anneksiya qilishni nazarda tutuvchi rejani oshkor qildi», — deb yozadi u.

Tlaibning so‘zlariga ko‘ra, Isroil boshidanoq bu yo‘lni tanlagan. «Qo‘shma Shtatlar bu genotsidning sherigi», deb ta’kidladi siyosatchi.

Avvalroq Isroil harbiy-siyosiy vazirlar mahkamasi G‘azo sektoridagi «hududlarni to‘liq bosib olish» va ular ustidan «barqaror nazorat» o‘rnatishni nazarda tutuvchi “Hamas tashkilotini yo‘q qilish» bo‘yicha operativ rejani tasdiqlagan edi.

Gap maqsadli reydlar haqida emas, balki «hududlarni to‘liq bosib olish va ular ustidan barqaror nazorat o‘rnatish haqida» ketmoqda.

Fridrix Mers Germaniya kansleri etib saylandi

Nemis konservatorlari yetakchisi Fridrix Mers Bundestagda takroriy ovoz berish natijalariga ko‘ra Germaniyaning yangi kansleri etib tasdiqlandi.

Takroriy ovoz berish jarayonida Mers uchun 325 nafar deputat ovoz berdi, saylanish uchun kamida 316 ovoz talab etilardi. Parlamentning 289 nafar a’zosi uning nomzodiga qarshi chiqqan. Bir deputat betaraf qolgan, uchta ovoz haqiqiy emas deb topilgan.

Parlamentdagi ovoz berish jarayonidan so‘ng, Mers Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer huzuriga bordi, u «Xristian-demokratik ittifoq» va «Xristian-sotsial ittifoq» bloki rahbarini rasman yangi kansler etib tayinladi. Mers – II jahon urushidan so‘ng Germaniya tarixidagi o‘ninchi kanslerga aylandi.

Shimoliy Koreya Rossiyaga 15 ming mehnat muhojirini yubordi

Shimoliy Koreya Rossiyaga 15 mingga yaqin ishchi yubordi, deb yozadi The Wall Street Journal Janubiy Koreya razvedkasiga tayanib. KXDRdan ko‘plab mehnat muhojirlari Rossiya Federatsiyasiga talaba vizasi bilan kirgan, deb yozadi nashr. Unga ko‘ra, Seuldagi razvedka boshqarmasi bu ma’lumotni 30 aprel kuni qonun chiqaruvchilarga taqdim etgan.

Hozirda shimoliy koreyalik ishchilar asosan Rossiyaning Uzoq sharqida ishlamoqda, biroq Rossiya biznesi va rasmiylar shimoliy koreyalik muhojirlar tez orada yirik shaharlarga, jumladan, Moskvaga yetib borishidan umidvor. Mahalliy ish beruvchilar shimoliy koreyaliklarni kam maosh evaziga kuniga 12 soat ishlashga tayyor ekanliklari uchun qadrlashadi, deya xabar beradi WSJ.

The Wall Street Journal shuningdek, Rossiya rasmiylarining ma’lumotlariga tayanib, 2024 yilda Rossiyaga kirgan Shimoliy Koreya fuqarolari soni o‘tgan yilga nisbatan 12 baravar ko‘p bo‘lganini yozdi. Shu bilan birga, BMT Xavfsizlik Kengashi koreyalik mehnat muhojirlaridan xorijda foydalanishni taqiqlaydi, biroq Rossiya va Xitoy bu taqiqni bir necha bor buzgan, deydi amerikalik jurnalistlar.

YeI Putinga Ukrainaga harbiy yordamni ikki baravar oshirish bilan tahdid qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Vladimir Putinni urushni tezda tugatishga ko‘ndira olmasa, Yevropa Ittifoqi davlatlari Ukrainaga harbiy yordamni sezilarli darajada oshirishi mumkin, dedi Yevropa Ittifoqi mudofaa komissari Andryus Kubilyus. Uning so‘zlariga ko‘ra, YeI va AQSh hozirgacha Kiyevga yiliga 40 milliard yevroga yaqin harbiy yordam ko‘rsatgan, biroq bu mablag‘larni to‘g‘ridan to‘g‘ri ukrainalik ishlab chiqaruvchilardan arzonroq qurol sotib olishga yo‘naltirish orqali samaraliroq foydalanish mumkin. «Bu xuddi shu 40 milliard yevro evaziga Ukraina oladigan qurollar miqdorini amalda ikki barobarga oshiradi. Bizning qo‘llab-quvvatlashimizning haqiqiy qiymati 80 milliard yevrogacha ko‘tariladi», deb yozdi Kubilyus X ijtimoiy tarmog‘ida.

Yevropa komissarining eslatishicha, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida Ukrainaga yordam berishning yangi vositasi bor — ular Kiyev uchun harbiy xaridlarni moliyalashtirishda mudofaa kreditlaridan foydalanishlari mumkin. “Tinchlik orqali kuch” formulasi amalda aynan shunday ishlashi mumkin.

Tramp Mark Karni bilan uchrashib, yana bir bor Kanada AQSh 51-shtatiga aylanishi mumkinligini aytdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda Kanada bosh vaziri Mark Karni bilan uchrashdi. Amerika prezidenti yana bir bor Kanada AQShning 51-shtatiga aylanishi mumkinligi va voqealarning bunday rivoji «ko‘plab afzalliklar»ni taqdim etishini ta’kidladi.

«Ko‘chmas mulk sohasidan bilasizki, shunday joylar bo‘ladi, hech qachon sotilmaydi», — deydi Mark Karni Trampning bu mavzudagi bayonotiga javoban.

Amerika prezidenti esa «hech qachon hech qachon demaslik kerakligini» qayd etgan. Shu bilan birga, u Kanada bosh vaziri bilan ushbu masalani muhokama qilish niyatida emasligini bildirgan.

Donald Tramp bir necha bor Kanadaga AQShga qo‘shilishni taklif qilgan. Ottavaning Vashington bilan munosabatlariga mas’ul Kanada moliya vaziri Dominik Leblan Amerika yetakchisi «bu hech qachon sodir bo‘lmasligini bilsa-da, shu orqali odamlar orasida sarosima paydo qilmoqchi» ekanini aytgandi.  

Mavzuga oid