Jahon | 14:16 / 07.05.2025
4304
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya "Rayffayzenbank"dan deyarli 2 mlrd yevroni musodara qildi

Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki Raiffeisen Bank International'ning Rossiyadagi shu’ba korxonasi hisobvarag‘idan rubl ekvivalentidagi 1,87 milliard yevroga yaqin mablag‘ni majburan musodara qildi va milliarder Oleg Deripaska bilan bog‘liq «Rasperia» kompaniyasining hisob raqamiga o‘tkazdi.

Foto: Ivan Vodopyanov / Kommersant’

Rossiya Markaziy banki Avstriyaning Raiffeisen Bank International AG bank guruhining Rossiyadagi shu’basi "Rayffayzenbank" hisobvarag‘idan rubl ekvivalentidagi taxminan 1,87 milliard yevroni majburan musodara qildi va bu summani "Rasperia" kompaniyasi hisobiga o‘tkazdi. Bu haqda Raiffeisen Bank International AG'ning 6 may, seshanba kuni chop etilgan press-relizida aytilgan.

Mablag‘lar Rossiya sudining Raiffeisen Bank International AG'ning Rossiyadagi shu’ba korxonasiga rossiyalik milliarder Oleg Deripaska bilan bog‘liq bo‘lgan "Rasperia" kompaniyasiga tovon to‘lash majburiyatini yuklaganidan keyin musodara qilingan. "Rayffayzenbank"dan musodara etilgan summa sud tomonidan aniqlangan zararga teng. Avstriya bank guruhining ta’kidlashicha, "Rasperia" ushbu foizlarni «istalgan vaqtda» majburiy undirishni talab qilishi mumkin.

Raiffeisen Bank International AG avvalroq sud qarori tufayli qo‘shimcha moliyaviy yo‘qotishlarni kutmayotganini ta’kidlagan edi. 2024 yilning to‘rtinchi choragida bank ehtimoliy yo‘qotishlar uchun 840 million yevro ajratgan. Raiffeisen Bank International, xabar qilinganidek, mablag‘ning qolgan qismini deyarli 6 milliard yevro kapitalga ega bo‘lgan Rossiyadagi shu’ba korxonasining aktivlarini sotish orqali qoplash niyatida.

Mavzuga oid