O‘zbekiston | 10:00 / 07.05.2025
4439
5 daqiqa o‘qiladi

“Telefonda gaplashish uchun shu cho‘qqiga chiqardik” - qishloqlarda aloqa, internet qanday?

“Manzil” jamoasi bu safar ham odatdagidek O‘zbekistonning eng chekka va olis hududlariga safar qildi. Bu galgi manzillarimiz uyali aloqa va internet tarmoqlari yetib borgan, lekin bir paytlar dunyodan “uzilib qolgan” qishloqlar bo‘ldi. Sayohatimizda aloqa sohasida ishlaydigan mutaxassislar hamroh bo‘lishdi.

Navoiy viloyati, Xatirchi tumani, Angidon qishlog‘i

Uch yil muqaddam Angidon qishlog‘iga ilk bor borib, go‘zal tabiati haqida ko‘rsatuv tayyorlagan edik. O‘shanda bu qishloqda uyali aloqa umuman ishlamasdi. Mahalliy aholi yaqinlari bilan bog‘lanish uchun pastroq tog‘ cho‘qqilarga chiqishga majbur edi. Abdurazzoq Imomov o‘sha kunlarni eslab, kechasi cho‘qqiga chiqib qiyinchilik bilan qo‘ng‘iroq qilganini eslaydi.

Bugun esa Angidonga internet va aloqa kelgan. Bu jarayonda o‘z mehnati bilan ishtirok etgan montyor Nurali Omonov va uning hamkasblari nafaqat Angidon, balki Xatirchining eng olis tog‘ qishloqlarigacha kabelli internet yetkazish uchun mehnat qilishmoqda.

Qashqadaryo viloyati, Maydanak

Maydanak singari baland tog‘li hududlarda aloqa o‘rnatish oson emas. Bu yerda uyali aloqa ishlashi va internet orqali fazoni kuzatish jarayonida olingan ma’lumotlar tez fursatda o‘rganish uchun Fanlar akademiyasiga yuboriladi. Montyor Husan Aliqulov ushbu hududdagi antennalarni o‘rnatishdagi hissasini faxr bilan yodga oladi. Uning faoliyati natijasida yuzlab odamlar uchun yaqinlari bilan bog‘lanish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Bugungi kunda bu hududlarda internetning borligi tufayli qishloq bolalari, xususan Suxrob kabi yoshlar IT sohasiga qiziqish bildirmoqda. Ular ta’limni masofaviy tarzda olib, kelajakda ilg‘or sohalarda ishlashni niyat qilishmoqda.

Surxondaryo viloyati, O‘shor qishlog‘i

O‘shor – tog‘lar bag‘rida joylashgan yana bir olis hudud. Qishloq aholisi bir paytlar uyali aloqadan qiynalgan, hatto shoshilinch holatlarda bir-birini xabardor qilishning iloji bo‘lmagan. Abduqahhor ota Sharipov o‘tmishdagi qiyinchiliklarni eslab, uyali aloqa kelganidan keyingi yengilliklarni hayajon bilan so‘zlab berdi.

Bu hududda faoliyat yuritgan Najmiddin Xo‘jayorov singari montyorlar esa 40 metrli stansiyalarda ishlab, nafaqat texnik vazifani, balki insonlar o‘rtasida ko‘prik vazifasini ham bajarishmoqda. U o‘z mehnatining eng katta mukofoti deb xalq duosini olish ekanini ta’kidlaydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qoraqalpoq posyolkasi

Qoraqalpoq posyolkasi – Qozog‘iston chegarasi yaqinida joylashgan, O‘zbekistonning eng olis aholi yashash punkti bo‘lib, bugungi kunda uyali aloqa va kabelli internet bilan ta’minlangan. Nursaula Sultanbayeva o‘z uyiga internet kelgach, onlayn tarzda biznes tashkil etishga kirishgan. U kerakli bilimlarni internet orqali olgan va ish boshlagan.

Qibla Ustyurt ovuli

Qibla Ustyurt – cho‘llar bag‘rida joylashgan, gaz kompressor stansiyasi uchun barpo etilgan ovul. Yo‘llar juda og‘ir: tekis asfaltga yetib borish uchun kamida 40 km cho‘lni bosib o‘tish talab etiladi. Shu hududga uyali aloqa va internet yetkazishga harakat qilgan mutaxassislar mehnati haqiqiy jasorat namunasidir. Bu yerda yashovchilar uchun aloqa – nafaqat qulaylik, balki hayot bilan bog‘liq asosiy vositadir.

Shunday qilib, bu galgi safarimizda bizga ko‘p bor beriladigan “bu joyda telefon ishlaydimi?” degan savolga amalda javob berdik desak adashmagan bo‘lamiz. Bir qarashda oddiy ko‘ringan, o‘z-o‘zidan ishlab qolgan uyali aloqa va internet ortida sodda va samimiy, mehnatkash, yurakdan ishlaydigan, yurtimizning eng chekka hududlarigacha aloqa yetib borishni maqsad qilgan fidoyi insonlarning mehnati yotibdi.

“Manzil” jamoasi va uning barcha tomoshabinlari nomidan Raqamli  texnologiyalar vaziriligi  tizim xodimlari va “O‘ztelekom” kompaniyasi xodimlarini 7 may – Aloqachilar kuni bilan chin qalbdan muborakbod etamiz! Sog‘lik-salomatlik, oilaviy xotirjamlik va doim xalq duosida yurish nasib qilsin!

Tohirjon Tursunov,
Kun.uz'ning “Manzil” loyihasi uchun

Mavzuga oid