O‘zbekiston | 15:46 / 07.05.2025
8180
4 daqiqa o‘qiladi

«Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar» dasturi e’lon qilindi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Nogironlikni belgilashda VKK – vrachlik-maslahat komissiyalari degan korrupsion tizimdan to‘liq voz kechiladi. Endilikda nogironlik oilaviy shifokor rasmiylashtirgan hujjat asosida tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Mutasaddilarga bu tizimni 1 iyundan Toshkent shahri va Navoiyda, 1 sentabrgacha qolgan hududlarda to‘liq joriy qilish topshirildi.

Shu bilan birga, kasalliklarni barvaqt aniqlash va asoratlarini kamaytirish bo‘yicha ham yangi mahallabay tizim bo‘ladi. 

Masalan, Ishtixondagi poliklinikaga va mahallalarga viloyatdagi kardiologiya, endokrinologiya va ona-bola markazlari, markaziy shifoxona vrachlari biriktiriladi. Ular mahallalarda yurib, aholini to‘liq diagnostikadan o‘tkazadi, biriktirilgan oilaviy shifokorlarga kasalliklarni erta aniqlash va davolashni joyida o‘rgatadi, davolash va diagnostika bo‘yicha yangicha yondashuvlarni poliklinikada joriy qiladi.

Samarqand tibbiyot universiteti professor-o‘qituvchilari, magistratura bitiruvchilari ilmiy ishlarini shu yerga kelib yozadi. 

Yil yakunida natija bo‘lsa, mahallaga biriktirilgan ushbu mutaxassislar oyligining 2 karra miqdorida mukofotlanadi.

Prezident aytilgan yangi tizimni joriy yilda Ishtixon bilan birga Samarqand shahri, Bulung‘ur tumani va qolgan viloyatlarning 1 tadan tumanida, keyingi yildan to‘liq Samarqand viloyatida, 2027 yildan esa bosqichma-bosqich barcha hududlarda joriy qilishga topshiriq berdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga yil oxirigacha tibbiyot oliygohlari bilan 15 ta tumandagi 4 ming 700 nafar oilaviy shifokor va hamshirani «Oila salomatligi» dasturi bo‘yicha, rahbarlarni esa menejerlikka o‘qitish topshirildi. 

15 ta tumandagi poliklinika va shifoxonalar faoliyatini yangi tizim asosida tashkil qilish uchun bu yil 285 milliard so‘m, bunga qo‘shimcha viloyat hokimlari tomonidan ham kamida 10 milliard so‘mdan ajratilishi belgilandi.

«Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar» dasturi boshlanishi e’lon qilindi.

Bunda, viloyat hokimlari kutish joylarida qulay o‘rindiqlarni ko‘paytirib, navbatni tartibga keltirish, «ona-bola» xonalarini tashkil qilish, nogironligi borlar erkin harakatlanishi uchun kirish-chiqish joylari, xona va yo‘laklarda inklyuziv muhit yaratish, qo‘l yuvishga issiq suvi bor pokiza hojatxonalar tashkil etish uchun mas’ul bo‘ladi.

«Oddiy qilib aytganda, tibbiyot muassasasiga madaniyat, tartib-intizom, fayz olib kirib, odamlarga ijobiy kayfiyat ulashadi», - dedi prezident.

Bunga har bir viloyat hokimi 10 milliard so‘mdan ajratadi.

Mutasaddilarga bu ishlarni butun respublikada tizimli tashkil qilish, to‘qson kun natijasi bo‘yicha prezidentga batafsil hisobot berish topshirildi.

Yuqumli kasalliklarning 35-40 foizi oddiy gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida yuzaga kelayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu munosabat bilan barcha maktab, bog‘cha, texnikum, oliygoh, poliklinika va shifoxonalarda «Toza qo‘llar» dasturi amalga oshiriladi. Unga ko‘ra: 

  • ta’lim va tibbiyot tashkilotlaridagi qo‘l yuvish joylari sanitar-gigiyena vositalari bilan to‘liq ta’minlanadi, 
  • sharoiti og‘ir bo‘lgan 126 ta maktabda hojatxonalar binoni ichida joylashtirilib, yangidan quriladi, 6 mingdan ziyod bog‘chaga geliokollektor olib beriladi;
  • 4 ming 295 ta ijtimoiy muassasada suv baki va sisterna o‘rnatiladi.

Ushbu maqsadlar uchun shu yilning o‘zida budjetdan 780 milliard so‘m ajratiladi.

Har bir ijtimoiy soha muassasasi toza, ozoda bo‘lishi, unda odamlar uchun qulay sanitar-gigiyena sharoiti yaratilishi shartligi qayd etildi. 

«Toza qo‘llar» dasturining mohiyati, shaxsiy gigiyena haqida katta targ‘ibot kampaniyasini tashkil etish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mavzuga oid