Vatikanda konklav boshlandi. Kardinallar yopiq eshiklar ortida yangi Rim papasini saylashga kirishdi
Papani saylash oldidan kardinallar o‘zlarining elektron qurilmalarini topshirgan. Shuningdek, ular Sikstin kapellasida sir saqlash qasamyodini qabul qilgan.

Foto: Getty images
Vatikanda konklav boshlandi — uning doirasida 133 nafar kardinal yangi Rim papasini saylashi kerak bo‘ladi.
Kardinallar Rimga mahalliy vaqt bilan soat 10:00 da yetib kelgan va Avliyo Pyotr soboriga tashrif buyurgan. Shundan keyin ular Santa-Mariya qarorgohiga tushlik uchun qaytib, soat 16:30 larda konklav o‘tkaziladigan Sikstin kapellasiga yo‘l olgan.
Papani saylash oldidan kardinallar o‘zlarining elektron qurilmalarini topshirgan. Sikstin kapellasida kardinallar sir saqlash qasamyodini qabul qilgan, papani saylash marosimiga rahbarlik qilayotgan Diyego Ravelli «Extra Omnes» («Hammangiz chiqib keting») so‘zlarini aytgan va shundan so‘ng konklavda ishtirok etmaydiganlar xonani tark etishga chaqirilgan. Eshiklar yopilgach, maxfiy ovoz berish boshlangan.
Saylovlar davomida bir nechta ovoz berish jarayoni o‘tkaziladi va ularning har biridan keyin byulletenlar yoqiladi. Sikstin kapellasi mo‘risidan esa yangi papa saylanganiga ishora qiluvchi tutun chiqadi. Agar tutun qora bo‘lsa, bir nafar nomzod keraklicha ovoz to‘play olmaganini (jami ovozlarning uchdan ikki qismi va yana bir ovoz — ya’ni 89 ovoz), oq bo‘lsa — saylov amalga oshganini anglatadi.
Konklavning birinchi kunida ovoz berish jarayonlarining faqat bir raundi o‘tkaziladi. Birinchi tutun mahalliy vaqt bilan 19:00 dan keyinga kutilmoqda.
Konklavning dastlabki to‘rt kunida har kuni to‘rt martagacha ovoz berish jarayonlari tashkil etilishi mumkin: ertalab ikkita va kunduzi ikkita. Beshinchi kuni ovoz berish to‘xtatilib, kardinallarga ibodat uchun vaqt va norasmiy muhokama imkoniyati beriladi. Uzog‘i bilan bir kun ichida ovoz berish qayta tiklanadi va navbatdagi tanaffusga qadar yana yettita raund o‘tkaziladi. Agar 33 raund doirasida hech kim keraklicha ovozni to‘play olmasa, kardinallar oldingi raundlarda eng ko‘p ovoz to‘plagan ikki yetakchini tanlaydi. Ular orasidan g‘olib bo‘ladigan inson esa shunchaki ko‘proq ovoz to‘plasa kifoya.
Rim papasi Fransisk 21 aprel kuni 88 yoshida vafot etgandi. U 2013 yil mart oyida saylanib, sog‘lig‘idagi muammolar tufayli papalikdan ketgan Benedikt XVI ning o‘rnini egallagan.
Konklav davomida yangi Rim papasini saylash bir necha soatdan bir necha kun, hafta va hatto oygacha davom etishi mumkin. Katoliklar tarixida eng uzoq davom etgan konklav XIII asrda o‘tkazilgan — kardinallarga papa Kliment IV ning vorisini saylashga 1006 kun talab etilgan. Eng qisqa konklav esa bir necha soat davom etgan — bu 1503 yilda Yuliy II ning saylovi edi.
Mavzuga oid

09:37
Vatikanda kardinallar yangi Rim papasini saylay olmadi

16:35 / 28.04.2025
Yangi Rim papasini saylash uchun konklav 7 may kuni chaqiriladi - Reuters

14:20 / 23.04.2025
Urushni muzlatmoqchi bo‘layotgan Putin va Trampga qarshi chiqqan AQSh universitetlari - kun dayjesti

13:04 / 22.04.2025