Jahon | 00:31
4927
2 daqiqa o‘qiladi

«G‘alaba asosan biz tufayli qo‘lga kiritilgan». Tramp 8 mayni rasman G‘alaba kuni deb e’lon qildi

Oq uydagi chiqishi davomida Tramp Ikkinchi jahon urushida g‘alaba qozongan amerikaliklarga «hurmat va ehtirom ko‘rsatish kerak»ligini ta’kidladi.

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp 8 may sanasini Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alaba kuni deb e’lon qilish haqida farmoyish berdi. Bu haqda 7 may kuni Oq uy saytida e’lon qilingan proklamatsiyada so‘z boradi.

«Qurbon bo‘lgan amerikalik askarlarsiz bu urushni yutib bo‘lmas edi va bugungi dunyo butunlay boshqacha ko‘rinishga bo‘lardi», — deyiladi Trampning proklamatsiyasida. U, shuningdek, AQSh «o‘z yurti, erkinlik va G‘arb sivilizatsiyasi omon qolishi uchun jonini fido qilgan har bir insonning xotirasini e’zozlashini» ta’kidladi.

Oq uydagi chiqishi davomida Tramp AQSh Ikkinchi jahon urushida g‘alaba qozongan amerikaliklarga «hurmat va ehtirom ko‘rsatishi kerak»ligini ma’lum qildi.

«Bu hafta dunyo bo‘ylab Ikkinchi jahon urushi ittifoqchilari bayram qiladi, biroq Qo‘shma Shtatlar hech qachon ushbu g‘alabani to‘laqonli nishonlamagan, garchi g‘alaba asosan biz tufayli qo‘lga kiritilgan bo‘lsa ham. Sizga yoqadimi-yo‘qmi — biz bu urushga kirishgan va yutganmiz, bizga bunda ko‘plab buyuk insonlar va ittifoqchilar yordam bergan. Ammo hech kim bizning bu urushdagi yetakchi kuch bo‘lganimizni inkor etmaydi, deb o‘ylayman. Biz esa bu g‘alabani nishonlamaymiz», — deydi Tramp.

Avvalroq Tramp 11 noyabr – Amerika milliy faxriylar kuni (Buyuk Britaniyada uni Xotira kuni sifatida nishonlashadi) Birinchi jahon urushida qozonilgan G‘alaba kuni deb o‘zgartirilishini e’lon qilgandi. Tramp buni Qo‘shma Shtatlarning Germaniya imperiyasi ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasini to‘g‘ri baholash zarurati bilan izohlagan.

Mavzuga oid