Jamiyat | 10:44
1312
1 daqiqa o‘qiladi

Telegramʼda akkauntlar sotilishini reklama qilib, fuqarolarning pulini o‘zlashtirib kelgan shaxs ushlandi

Toshkent viloyati IIBB Kiberxavfsizlik bo‘limi va Ohangaron shahar IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida Telegram tarmog‘ida PUBG o‘yini uchun akkauntlar sotilishini reklama qilib, fuqarolarning pullarini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirib kelgan shaxs ushlandi.

Foto: IIBB

Aniqlanishicha, ohangaronlik 20 yoshli yigit hududiy ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilib, Telegram orqali akkaunt sotib olish maqsadida noma’lum shaxsning bank kartasiga 9 million so‘m pul o‘tkazganini, ammo va’da qilingan akkaunt berilgach, bir kundan keyin qaytarib olinganini ma’lum qilib qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida ushbu qilmishni Navoiy viloyatida yashovchi 20 yoshli yigit sodir etgani aniqlangan va u protsessual tartibda ushlangan. U Telegram'dagi turli kanallarda e’lon joylashtirib, akkauntlarni sotish bahonasida fuqarolarni chuv tushirib, ularni bir kunga sinov tariqasida foydalantirib, keyin esa akkaunt parollarini o‘zgartirib, pullarni o‘zlashtirib kelgan.

Mazkur holat yuzasidan 2005 y.t (D.F) shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid