Hindiston va Pokiston: kimning armiyasi kuchliroq?

Pokiston o‘z harbiylari mamlakatning turli shaharlariga hujum qilgan hindlarning 25 ta dronini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lganini e’lon qildi. Hindiston harbiylari Pokistonga uyushtirilgan aviazarbalar ortidan uchuvchisiz uchar apparatlar bilan hujum boshlagan.
«Bu Hindistonning navbatdagi harbiy tajovuzi», – dedi Pokiston armiyasi rasmiy vakili Ahmad Sharif Chaudhri.
O‘z navbatida, Hindiston tomoni ham o‘z hududiga uchib kelayotgan Pokiston dronlari va raketalarini «zararsizlantirgani»ni ma’lum qildi.
BBC harbiy qudratiga ko‘ra bu ikki davlat armiyalari nisbati qanday ekanini ko‘rib chiqdi.
Dronlar

General Atomics Aeronautical Systems
Ikkala davlat ham dronlar parkini kengaytirmoqda – ham import qilish orqali, ham o‘z texnologiyalari va ishlab chiqarishini rivojlantirish hisobiga. Hindiston dronlar soni bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. Harbiy ekspert Rahul Bedi BBC bilan suhbatda aytishicha, bir necha yildan so‘ng Hindiston armiyasida roppa-rosa 5000 ta yirik dron bo‘ladi.
2024 yilda Hindiston AQSh Davlat departamenti bilan 31 ta dron – MQ-9B SkyGuardian rusumli jangovar dronlar hamda SeaGuardian rusumli dengiz dronlarini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzoladi.
Pokiston Hindistonga qaraganda kamroq dronlarga ega bo‘lsa-da, uning harbiy dronlari kuzatuv, razvedka va nishonga olish kabi turli imkoniyatlarga ega.
Pokiston dronlarining asosiy afzalligi ulardan jangovar harakatlarda foydalanish bo‘yicha to‘plangan tajribadir. Xususan, Pokistonning Buraq rusumli uchuvchisiz uchog‘i 2015 yildan beri aksilterror operatsiyalarida qo‘llab kelinmoqda.
Pokiston Hindiston kabi eng yangi dronlarni faol ravishda import qilmoqda – asosan Turkiya va Xitoydan.
Harbiy xarajatlar va armiya miqdori

Ikki davlat yana keng ko‘lamli urush boshlashidan xavotirlar bor – bu oxirgi marta 1999 yilda ro‘y bergan.
Hindiston armiyasidagi harbiylar soni 1,4 million kishini tashkil etadi, Global Firepower Index mustaqil reytingiga ko‘ra, ushbu mamlakat harbiy jihatdan eng qudratli davlatlar orasida to‘rtinchi o‘rinni egallaydi. Pokiston armiyasi esa ancha kichikroq va 654 ming harbiy xizmatchidan iborat.
Stokholm tinchlik tadqiqotlari instituti (SIPRI) hisobotiga ko‘ra, 2024 yilda Hindistonning mudofaa xarajatlari Pokistonnikidan to‘qqiz baravar ko‘p bo‘lgan.
Quruqlikdagi qo‘shinlarga kelsak, Hindistonda 4200 dan ortiq tank va 15 mingta zirhli texnika mavjud. Pokiston 2600 dan ortiq tank va 18 mingga yaqin zirhli texnikaga ega.

Foto: AFP via Getty Images
Hindiston harbiy-havo kuchlari ixtiyorida 2229 ta samolyot, jumladan, 513 ta qiruvchi va 130 ta bombardimonchi samolyot bor. Global Firepower Index ma’lumotlariga ko‘ra, Pokistondagi samolyotlar soni 830 ga yaqinni tashkil etadi.
Hindiston harbiy-dengiz kuchlari ixtiyorida 293 ta kema bo‘lib, bu Pokistonnikidan ikki baravar ko‘pdir.
Raketalar va yadro qurollari
Pokistonning raketa dasturi Hindistonnikidan biroz ortda bo‘lib, u qanotli va ballistik operativ-taktik raketalarni, shuningdek, o‘rta va qisqa masofali raketalarni o‘z ichiga oladi.

Hindiston kengroq raketalar diapazoniga ega: bular 250 dan 600 kilometrgacha bo‘lgan Prithvi raketalari; shuningdek, 1200 dan 8000 kilometrgacha bo‘lgan Agni seriyali raketalar, shuningdek, Nirbhaya va Brahmos seriyali qanotli raketalar.
Hindistonda turli masofaga uchuvchi raketalarning mavjudligi mamlakatning Xitoyni tiyib turish niyatini ko‘rsatadi, ushbu qo‘shni davlat bilan ham hududiy nizolar mavjud.
Biroq, raketalar to‘plamining xilma-xilligi Hindiston Pokiston ustidan osongina g‘alaba qozonishi mumkinligini anglatmaydi – ikkala davlat ham yadro quroliga ega ekanini unutmaslik kerak.
SIPRI ma’lumotlariga ko‘ra, Hindistonda 172 ta, Pokistonda esa 170 ta yadro kallaklari mavjud.
Biroq, ushbu yadroviy kallaklarning qanchasi jangovar holatda ekani haqida ishonchli ma’lumotlar yo‘q.
Pokiston Hindiston bilan raqobatlashish uchun yadro qurolini ishlab chiqmoqda, Hindiston esa uzoq masofali raketalarni yaratishga e’tibor qaratmoqda, ular Xitoyga ham yo‘naltirilishi mumkin.
Ehtimoliy mojaro oqibatlari halokatli bo‘lishi mumkin, chunki Hindiston va Pokistonning qo‘shnisi Xitoy ham yadroviy arsenalini 22 foizga oshirib, jangovar kallaklar sonini 410 tadan 500 taga yetkazgan.
Ushbu mojaroda o‘rtaga katta dov tikilgan, shuning uchun xalqaro hamjamiyat har ikki davlatni vazmin bo‘lishga chaqirmoqda.
Mavzuga oid

22:15 / 09.05.2025
Pokiston Hindiston hujumlariga javobni kechiktirishga qaror qildi

20:21 / 09.05.2025
Hindiston va Pokiston nega urushaveradi?

08:50 / 09.05.2025
Hindiston Pokiston chegarani o‘qqa tutayotganini ma’lum qildi

00:23 / 09.05.2025