O‘zbekiston | 14:22
5075
4 daqiqa o‘qiladi

Mafkuralar kurashi: 9 may aslida qanday kun?

Ikkinchi jahon urushi tugaganiga 80 yil, SSSR qulaganiga 34 yil bo‘ldi, lekin hamon bir tomondan milliy-tarixiy o‘zlikni anglash, ikkinchi tomondan urush va g‘alaba nostalgiyasi bilan yo‘g‘rilgan sovet mafkurasi o‘rtasidagi ziddiyatlar davom etmoqda. Bu bahslar har yili 9 may arafasida ko‘proq ko‘zga tashlanadi.

O‘zbekiston mustaqil bo‘lgach, 9 mayni nishonlash masalasini qayta ko‘rib chiqdi va bu sananing mohiyati o‘zgardi. Xususan, “Ulug‘ Vatan urushi” va “Buyuk g‘alaba” jumlalaridan voz kechildi, 9 may Xotira va qadrlash kuni deya e’lon qilindi. Bu kun – urushda halok bo‘lgan yarim million vatandoshni xotirlash, urush dahshatlari va front ortidagi shafqatsiz hayotni yodga olish, tinchlikni qadrlash kuniga aylandi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Siyosatshunos Farhod Tolipov fikricha, 9 may sanasi haqidagi qarashlar o‘ta ziddiyatli. Borgan sari bu Ikkinchi jahon urushi yakuni sifatida emas, sovet ittifoqining merosxo‘ri bo‘lmish Rossiyaning strategik qarashlariga xizmat qilayotganday.

“Sovetlar davrida bu urushda qozonilgan g‘alabani nishonlash bayrami edi, lekin ziddiyatli talqinga ega bo‘lib keldi. Birinchidan, nega aynan 9 may ekani doim muhokamada. Ikkinchidan, yillar o‘tgan sari bu sananing mohiyati o‘zgarib, ma’nosi og‘isha bordi. Xuddiki, bu bayram asosan rossiyaliklar uchun kerakdek bo‘lib ko‘rinyapti, chunki dunyoda bu bayramni nishonlashni Rossiyadan ko‘ra ko‘proq xohlovchi davlat qolmagan bo‘lsa kerak”, – deydi Farhod Tolipov.

Jamiyatshunos, etnopsixolog Mahmud Yo‘ldoshevga ko‘ra, 9 may bu bayram emas, balki marosim, xotirlash kuni.

“Har xil aza marosimlari bor, non sindirib, tadbir o‘tkazishadi. 9 may ham o‘ynab, bayram qiladigan sana emas. Lekin bizda ba’zi yillari hattoki «Katyusha»ga o‘yinga tushishdi. Bu xalq ongidan sovet davri to‘liq chiqmaganini anglatadi. Oddiy misol, o‘g‘lingiz jamiyatga moslashib boradi, 30 yildan keyin nimani eslashi esa ota-onasi bergan tarbiyaga bog‘liq. Biz shu tarbiyani bera oldikmi? Og‘aynilar, bu bayram emas, marosim bu. Biz o‘zimizniki bo‘lmagan urushda qatnashib, katta qurbonlar berdik, sababi katta bir imperiya bizni bosib olgandi”, – deydi u.

Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov urush ikki repressiv tuzum o‘rtasida bo‘lganiga e’tibor qaratib, ulardan biri Markaziy Osiyo xalqlarini bosib olgani, ziyoli qatlamini qatag‘on qilgani, xususan o‘zbekistonliklarga keltirmagan jabri qolmaganini ta’kidlaydi.

“Sovet davri odamlarida nostalgiya bordir, lekin hali 35 yoshdan oshmagan odamlarda-chi? Ya’ni bu yerda mafkura bor. Mana shu eshittirish ostidagi izohlarda ham kuzatsak bo‘ladi, Rossiyada ishlab yurgan vatandoshlarimizdan bizga qancha haqoratlar tushadi. Odamlarimizning mustabid tuzum mafkurasidan ozod bo‘lishi – milliy mafkura, qat’iy intizom va siyosiy irodaga bog‘liq”, – deydi Tashanov.

Tarixchi Zavqibek Mahmudovga ko‘ra, sovet ittifoqining Ikkinchi jahon urushida erishgan g‘alabasiga hozirgi markaziy osiyoliklarning qo‘shgan hissasi sun’iy kamaytirilib ko‘rsatilgan. Biz urushga ixtiyoriy kirmaganmiz, majburlanganmiz, deydi u.

“9 mayni bayram qilib nishonlash uchun biz manqurt bo‘lishimiz kerak. Agar biz o‘z ixtiyorimiz bilan urushda qatnashganimizda, buni g‘alaba desa bo‘lardi, lekin bizni majburlashgan. Majburlashganda ham shunaqa majburlashganki, urushdan ortga qaytsa, o‘lim, tashlab qochsangiz ham o‘lim. Dushman tarafga o‘tsangiz, oilangizni ham qo‘shib tahdid qilingan”, – deydi tarixchi.

Suhbatni to‘liq holda Kun.uz'ning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.

Mavzuga oid