O‘zbekiston | 16:59 / 09.05.2025
10763
6 daqiqa o‘qiladi

“Suv toshishi 24 aprelda boshlangandi” - Buloqboshidan reportaj

Sarbontepa mahallasida yashovchilarga ko‘ra, kanal qirg‘og‘ining o‘pirilishi ancha avvalroq – 24 aprelda boshlangan, o‘sha kuni qirg‘oqdan suv sizib chiqa boshlagan. Kun.uz muxbiri hodisa joyida bo‘lib, suv toshqini tafsilotlarini o‘rgandi.

Sarbontepa mahallasida yashovchilarga ko‘ra, kanal qirg‘og‘ining o‘pirilishi ancha avvalroq – 24 aprelda boshlangan, o‘sha kuni qirg‘oqdan suv sizib chiqa boshlagan. Kun.uz muxbiri hodisa joyida bo‘lib, suv toshqini tafsilotlarini o‘rgandi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Tumanning Shirmonbuloq qishlog‘iga yetib borganimizda maxsus texnikalar yordamida aholi xonadonlariga to‘lgan suvni tashqariga chiqarish ishlari olib borilayotgan ekan. Kimdir uy ichida qolib ketgan ko‘rpa-to‘shaklarni tashqariga tashigan, yana kimlardir devor tagini ichkaridan teshib xonadonda to‘plangan suvni ko‘chaga chiqarishga harakat qilardi. Tomorqalarga ekilgan chesnok va kartoshkalarga ham zarar yetgan. Qaysi bir xonadon “navesi” yiqilgan. Yana bir xonadon egalari esa balchiqni aravaga solib tashqariga tashishardi.

Sarbontepa mahallasi aholisining aytishicha, kanal qirg‘og‘i o‘pirilishi hodisasi asli 24 apreldan boshlangan. Shu sanadan boshlab qirg‘oqdan suv sizib chiqishni boshlagan.

Guvala uyimiz qisirlashni boshladi”

“Peshin mahali edi. Bir payt to‘satdan suv kelib hamma yoqni bosib ketdi. Sarosimaga tushib qoldik. Suv uylar ichigacha ko‘tarilib ketdi. Mahallaga chiqib odamlarni yordamga chaqirdik. Ko‘ryapsiz ahvolni. Mana, suv tizza bo‘yidan baland. Ariq ichi hamma yoq vayrona, suv bosib ketgan. Uylar ichi ham suvga to‘ldi.

Uy ichidagi buyumlarni olganimizcha oldik. Qolgani qolib ketdi. Yerto‘lalar suvga to‘ldi, devorlar allaqachon qisirlashni boshladi. Ko‘ryapsiz, guvalada urilgan uy, pishiq g‘ishtmas, guvalada bo‘lgan. Qo‘rqib turibmiz, Alloh saqlasin”, deydi Mirzohid G‘oziyev.

Mebellarimizni olib chiqolmadik...

“Peshinga tayyorgarlik ko‘rishni boshlagan paytim uyimizni suv bosa boshladi. Nevaralarni uyga olib kirib qo‘yib, tashqariga yugurdim. Avvaliga suv yo‘lini to‘sishga harakat qildik, lekin eplolmadik.

Tez orada uy ichigacha suv limmo-lim bo‘ldi. Ko‘rpalarni tashiy oldim xolos, qolgan mebellar ichkarida qoldi. Nevaralarni buvasinikiga jo‘natib yubordik, o‘zimiz yugur-yugur tash-tashi bo‘lib, hamma yoq ostin-ustun bo‘ldi”, deydi uyi suvga to‘lgan Mohidil G‘oziyeva.

Naves”, otxonalarimiz yer bilan bitta bo‘ldi...

“Suv bir metr ko‘tarilib, “fundament” barobar bo‘lib ketdi. Hovlimizga kirgan suv 5-6 soatgacha 1 metr balandlik holatida turdi. Ko‘ryapsiz “naves”lar yiqilgan. Hamma “naves”larimiz yiqilib ketdi. Uylarni ichiga suv kirib ketdi. Amallab ichkaridagi ko‘rpa-to‘shakni tashqariga tashib oldik.

Otxonamiz yer bilan bitta bo‘ldi. Hovliga ekilgan chesnok va kartoshkalarni suv bosdi. Yaxshiyamki hodisa kunduzi bo‘ldi, kechasi bo‘lganda nima bo‘lardi? Unda ancha sarosimaga tushib qolgan bo‘lardik. Qo‘lgan kelganicha qarindosh-urug‘lar kelib yordam berib ketishyapti”, deydi mahalla oqsoqollaridan biri Mirkomil G‘oziyev.

Biror inson norozi bo‘lmaydi...

Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov aholiga yetkazilgan zarar qay tarzda qoplanayotganiga izoh berdi.

Shuhrat Abdurahmonov, Andijon viloyati hokimi

“Ishchi guruh orqali suv kirgan har bir xonadonda xatlovlarni amalga oshirdik. Nima zararlangan bo‘lsa, hatto ekkan pomidoridan qancha hosil kutayotganini bozor bahosida hisob-kitob qildik.

Pullarni olib kelib qo‘ydik, kechasi bilan xalqimizga pullarni tarqatamiz. Biror inson norozi bo‘lmaydi, hamma narsa joy-joyiga qo‘yib beriladi”. Viloyat hokimining ta’kidlashicha, 150 ta xonadonga suv kirgan, kimningdir tomorqasi, boshqaning esa “navesi”, molxonasi zararlangan.

Suv toshishiga sabab O‘zbekgidroenergo tashkiloti Rossiya kompaniyasi bilan hamkorlikda 6,6 megavattli GES qurishni boshlagan. Suv kelayotgan kanalning chekkasida yemirilish bo‘lgan va shu yerdan suv chiqib ketgan. Hozir barcha to‘g‘onlar mustahkamlandi, ertalab yana hamma narsasi qaytadan ko‘riladi, mustahkam bo‘lganidan keyin suvni ochib beramiz”, - deydi Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov.

Qirg‘oq o‘pirilgan joy

Shuhrat Abdurahmonovning qo‘shimcha qilishicha, suv toshgan hududning yo‘llari asfaltlanib, namunali mahallaga aylantiriladi.

O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, xavfli gidrologik hodisaning kelib chiqishiga Janubiy Farg‘ona kanaliga GES qurilishi sababli ortiqcha suv tashlangani sabab bo‘lgan.

Shuningdek, O‘zgidromet Buloqboshi tumanida sodir bo‘lgan suv toshqini oqibatida hududdagi 560 ta xonadonni suv bosganini ma’lum qildi. FVV esa hodisa oqibatida 30 ta xonadonning ichiga, 70 ta xonadonning esa tomorqasiga suv kirganini bildirdi.

Keyinroq, “O‘zbekgidroenergo” ham rasmiy munosabat berib, texnogen holatga “GES qurish maqsadida kanalga ortiqcha suv tashlangani” emas, kanalga “loyihaviy suv o‘tkazish qobiliyatidan ko‘p suv kelgani” sabab bo‘lganini bayon qildi.

Ma’lum qilinishicha, hukumat qaroriga ko‘ra, Rossiyaning “MPR” moliya instituti mablag‘lari hisobiga Janubiy Farg‘ona kanalida “JFK-3 kichik GES qurilishi” loyihasi amalga oshirilmoqda. Qurilish ishlari “tayyor holda topshirish” sharti asosida Rossiyaning “Energosila” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov.

Mavzuga oid