Jahon | 16:53 / 09.05.2025
5767
2 daqiqa o‘qiladi

Putin va Si Jinping «Ukraina inqirozi»ni muhokama qildi

Xitoy TIVga ko‘ra, Moskva tinchlik muzokaralarini boshlashga tayyorligini tasdiqlagan.

Rossiya va Xitoy rahbarlari 8 may kuni Kremlda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida «Ukraina inqirozi» masalasida fikr almashgan. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligining 9 may kuni ertalab e’lon qilingan bayonotida aytiladi.

Xabarga ko‘ra, Si Jinping Rossiya-Ukraina urushi mavzusiga to‘xtalib, «umumiy, keng qamrovli, qo‘shma va barqaror global xavfsizlik konsepsiyasi»ni ilgari surgan.

XXR raisi, shuningdek, «barcha mamlakatlar xavfsizligining qonuniy manfaatlari jiddiy qabul qilinishi va inqirozning asosiy sabablari bartaraf etilishi kerak», degan fikrni bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy tinchlik sa’y-harakatlarini olqishlaydi va Moskva va Kiyev o‘rtasida har ikki tomon uchun maqbul kelishuvga erishilishiga umid qilmoqda.

O‘z navbatida, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan tinchlik muzokaralarini boshlashga tayyorligi hamda adolatli va mustahkam tinchlik kelishuviga erishishga umid qilishini aytdi, deyiladi Xitoy TIV bayonotida.

Kreml esa Rossiya-Xitoy muzokaralari haqida bergan xabarlarida tomonlar urushni to‘xtatish mavzusini muhokama qilgani haqida to‘xtalmagan.

Mavzuga oid