Jahon | 21:23 / 12.05.2025
1502
2 daqiqa o‘qiladi

Amazon 20 yil ichida kompaniya logotipini birinchi marta o‘zgartirdi

Xususan, kompaniya logotipidagi «tabassum» rangi o‘zgardi. Rebrending Koto xalqaro studiyasi va Amazon jamoasi bilan birgalikda amalga oshirilgan.

Amazon kompaniyasi o‘z logotipining yangilangan dizaynini taqdim etdi — bu so‘nggi 20 yil ichidagi birinchi sezilarli darajadagi o‘zgarish hisoblanadi, deb yozmoqda Dezeen portal.

Qayd etilishicha, rebrending Koto xalqaro studiyasi va Amazon jamoasi bilan birgalikda amalga oshirilgan. Uning maqsadi — korporativ uslubning vizual ifodasini kuchaytirish hamda uni elektron tijorat giganti tarkibidagi 50 dan ortiq subbrendga moslashtirish bo‘lgan.

Markaziy element sifatida barchaga tanish «tabassum» saqlanib qolgan bo‘lib, u mijozlarga yo‘naltirilganlik ramzi hisoblanadi. Biroq endi asosiy vizual urg‘u aynan shu elementga qaratilgan — oldingi versiyada diqqat markazidan strelka o‘rin olgandi. Koto studiyasi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, bu yondashuv Amazonʼning mijozlarga quvonch ulashish va ularning kundalik hayotini soddalashtirishga bo‘lgan intilishini ifodalaydi.

Vizual rebrending doirasida yangi korporativ shrift — Amazon Logo Sans ham taqdim etilgan. U Amazon Smile, Amazon Cash, Amazon Echo va Amazon Jobs kabi yo‘nalishlarni belgilashda ishlatiladi. Bundan tashqari, ilgari Kindle brendi bilan bog‘langan Ember shriftiga ham o‘zgartirishlar kiritilgan.

Tipografik yangilanishlardan tashqari, Amazon butun brend uslubida yanada yorqin va ifodali ranglar joriy etgan hamda ikonografiyani yagona shaklga keltirgan. Ayniqsa, Prime, Amazon Grocery, Alexa va Amazon One Medical xizmatlariga alohida e’tibor qaratilgan.

Kompaniyadagilarning ta’kidlanishicha, yangi dizayn Amazonʼning rivojlanish va kelajakdagi maqsadlarini ifodalaydi, shu bilan birga, u oldingidek ko‘pchilik taniydigan ko‘rinishini saqlab qolgan. Bu yangilanish kompaniya tomonidan yaqin orada taqdim etilishi rejalashtirilgan yangi xizmatlar va yaxshilanishlar arafasida amalga oshirilmoqda.

Mavzuga oid