Dunyodagi eng baxtli shahar aniqlandi
Daniya poytaxti yuqori darajadagi barqaror rivojlanish, yuqori sifatli ekologiya va toza transportdan keng foydalanish imkoniyatlari tufayli tengsiz deb topildi.

Kopenhagen / Foto: iStock
Happy City Index tashkiloti dunyodagi eng baxtli shaharlarning yillik reytingini e’lon qildi. Daniya poytaxti Kopenhagen 2025 yilda rekord darajadagi 1039 ball to‘plab, peshqadam bo‘ldi. Kuchli beshlikka, shuningdek, Tsyurix (Shveytsariya), Singapur, Orxus (Daniya) va Antverpen (Belgiya) kirdi.
Hisobotda qayd etilganidek, Kopenhagenning birinchi o‘ringa chiqishi kutilmagan hodisa bo‘lmadi: shahar yuqori darajadagi barqaror rivojlanish, yuqori sifatli ekologiya va toza transportdan keng foydalanish imkoniyatlarini namoyish etadi – sayohatlarning 69 foizdan ortig‘i velosiped va jamoat transportida amalga oshiriladi. Shuningdek, shaharda bu konsepsiyani ilmiy va madaniy tushunishga bag‘ishlangan noyob «Baxt muzeyi» mavjud.
Tsyurix iqtisodiy barqarorlik, samarali sog‘liqni saqlash tizimi va ilg‘or barqarorlik siyosati uchun yuqori baho olgan holda reytingda ikkinchi o‘rinni egalladi (993 ball).
Uchinchi o‘rinda Singapur (979 ball) joylashgan bo‘lib, u Yevropadan tashqaridagi eng baxtli shaharga aylandi. Mutaxassislar ta’limning yuqori darajasini, ishsizlik deyarli yo‘qligini va shahar aholisining faol fuqarolik pozitsiyasini ta’kidladilar.
Daniyaning ikkinchi yirik shahri Orxus (958 ball) kuchli iqtisodiyoti va fuqarolarning boshqaruvga yuqori jalb etilganligi uchun to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Kuchli beshlikni Janubiy Koreyaning Seul shahrini ortda qoldirgan Belgiyaning Antverpen shahri (956 ochko) yakunlab turibdi.
Kuchli o‘nlikka, shuningdek, Stokholm, Taypey, Myunxen, Rotterdam va Vankuver kirdi. 30 ta eng baxtli shaharlar ro‘yxatiga Vena, Parij, Nyu-York, Jyeneva va Barselona kabi megapolislar kiritilgan.
Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, baxt qulay iqlim yoki yuqori daromad emas, balki infratuzilma, sog‘liqni saqlash, ekologiya va ijtimoiy inklyuzivlik sohalaridagi aniq shahar qarorlari natijasidir.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyodagi shaharlar, jumladan, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston shaharlari kuchli 200 talikka ham kira olmadi. Ro‘yxatda Ozarboyjon, Mo‘g‘uliston va BAA shaharlari ham yo‘q.
Mavzuga oid

13:51
O‘zbekistonga ilk bor bir oyda 1 mlndan ziyod xorijiy sayyoh keldi

09:50 / 03.05.2025
O‘zbekistonda milliy turizm yagona platformasi ishlab chiqilmoqda

12:33 / 02.05.2025
«Bunda xorijiy turist u yoqda tursin, mahalliy sayyoh ham boshqa davlatga borishni afzal ko‘radi» - prezident chiptalar narxi haqida

16:31 / 28.04.2025