O‘zbekiston | 18:39
1002
1 daqiqa o‘qiladi

Mahachqal’a-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar 1 oyga kechikishi mumkin

Bu «Haj-2025» dasturining o‘tkazilishi va Mahachqal’a xalqaro aeroportida yo‘lovchilar oqimining ko‘payishi bilan bog‘liq.

Foto: Transport vazirligi

1 maydan 31 maygacha Uzbekistan Airways’ning Mahachqal’a—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlari kechikishi mumkin. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bunga «Haj-2025» dasturining o‘tkazilishi va Mahachqal’a xalqaro aeroportida yo‘lovchilar oqimining ko‘payishi sabab bo‘lmoqda.

«Aeroportga yetib kelishni oldindan rejalashtirishni va parvozdan oldingi nazoratdan o‘tishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kechikishlarni inobatga olishingizni so‘raymiz», — deyiladi xabarda.

Avvalroq Pokiston va Hindiston chegarasi yaqinidagi havo hududidan foydalanishga qo‘yilgan vaqtinchalik cheklovlar munosabati bilan, Uzbekistan Airways parvoz jadvalidagi majburiy o‘zgarishlar haqida ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid