Jahon | 15:43
2979
2 daqiqa o‘qiladi

Taganskaya uyushgan jinoiy guruhi rahbari 25 yilga qamaldi

Taganskaya uyushgan jinoiy guruh rahbari Igor Jirnokleyev va guruhning yana 9 nafar a’zosi 13 ta modda bo‘yicha aybdor deb topildi.

Foto: TASS

Moskva shahar sudi Taganskaya uyushgan jinoiy guruhi a’zolarini ko‘plab moddalar, jumladan Ded Hasan nomi bilan tanilgan kriminal avtoritet Aslan Usoyanni o‘ldirishda aybdor deb topib, 22 yildan 25 yilgacha qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda 12 may, dushanba kuni sud zalidan TASS agentligi muxbiri xabar berdi.

Hakamlar hay’ati jinoiy guruh rahbari Igor Jirnokleyev va uyushgan jinoiy guruhning yana 9 nafar a’zosiga nisbatan joriy yilning mart oyida ayblov hukmini chiqargan edi. Jirnokleyev 25 yil qamoq jazosiga hukm qilindi. Sud qaroriga ko‘ra, u dastlabki 12 yilni qamoqxonada, qolgan muddatini qattiq tartibli koloniyada o‘tkazadi. Himoyachi Igor Jirnokleyevning hukmi ustidan shikoyat qiladi, dedi uning advokati Mark Kaverzin RIA "Novosti"ga. Uyushgan jinoiy guruhning yana bir a’zosi, Grisha Taganskiy laqabli Grigoriy Rabinovich yuragi bilan bog‘liq muammolar tufayli tergov izolyatorida vafot etdi va unga nisbatan jinoiy ta’qib qilish to‘xtatildi, deb yozadi TASS.

Jinoiy guruh a’zolari 13 ta modda bo‘yicha aybdor deb topildi. Tergov qo‘mitasi rasmiy vakili Svetlana Petrenkoning xabar berishicha, uyushgan jinoiy guruh a’zolari 7 kishini o‘ldirish, odam o‘ldirishga yordam berish va suiqasd qilish, odam o‘g‘irlash, tovlamachilik, talon-toroj qilish, o‘g‘irlik, ko‘chmas mulk bilan firibgarlik hamda ijtimoiy nafaqa olish, o‘qotar qurolni noqonuniy egallash, saqlash va olib o‘tish, tovlamachilik, talonchilik kabi jinoyatlarda ayblangan. 

Taganskaya uyushgan jinoiy guruhi Rossiyadagi eng qadimgi jinoiy guruhlardan biridir. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Igor Jirnokleyev uni 1991 yilgacha tuzgan. Guruh 2019 yil yanvarida Jirnokleyev va uyushgan jinoiy guruhning boshqa a’zolari hibsga olinganidan keyin tugatilgan.

Mavzuga oid