O‘zbekiston | 17:22
6180
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston O‘zbekistonga Hirot oq marmarini sovg‘a qildi

Afg‘oniston O‘zbekistonga Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasini bezashda ishlatish uchun 16 ta yuk mashinasida Hirot oq marmarini yubordi.

Afg‘oniston O‘zbekistonga 16 ta yuk mashinasidagi Hirot oq marmarini taqdim etdi, deb xabar beradi Surxondaryo viloyati hokimligi. Ularni Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy majmuasi qurilishida ishlatish rejalashtirilmoqda.

Termiz xalqaro savdo markazida O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Ergashev, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, Afg‘oniston bosh vaziri kotibiyati rahbari Mullo Abdul Vose hamda Balx viloyati gubernatori Muhammad Yusuf Vafo rahbarligidagi delegatsiyalar ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.

Qayd etilishicha, muloqot chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik, jumladan, savdo, transport, gumanitar va madaniy aloqalarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilingan.

Uchrashuv yakunida Afg‘oniston tomonidan Samarqand shahrida barpo etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi qurilishi uchun yuborilgan 16 ta yuk mashinasidagi Hirot oq marmari O‘zbekiston tomonidan qabul qilib olingan.

O‘zAning yozishicha, Afg‘oniston tomonidan O‘zbekistonga 18 ta yuk mashinasida uzunligi turli o‘lchamdagi qalinligi 3,5-4 santimetrli noyob oq marmar toshning dastlabki 324 qutisi yetkazilgan.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida O‘zbekiston Afg‘onistonga qariyb 200 tonna insonparvarlik yordami yuborgandi. O‘shanda insonparvarlik yordami tarkibidan un, makaron mahsulotlari, o‘simlik yog‘i, shakar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari o‘rin olgan edi.

Mavzuga oid