“Baribir shu yerga quramiz”– Farg‘ona shahrida bolalar maydonchasi o‘rniga “dom” qurilyapti
Farg‘ona shahrining Mustaqillik ko‘chasidagi bolalar maydonchasi o‘rab olinib, hududda ko‘p qavatli uy qurilishi boshlangan. Bunga qarshi chiqqan aholi esa “obonchi” ayollar tomonidan qo‘rqitilgan. Kun.uz muxbiri hududda bo‘lib, aholi va mas’ullarga mikrofon tutdi.

Bundan 4 yil muqaddam – 2021 yilning fevralida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘ona shahrida aholi yashash sharoitlarini o‘rganar ekan ko‘p qavatli turar joylar o‘rtasida barcha qurilishlar to‘xtatilishi, bolalar hamda sport maydonchalari qayta tiklanishi, bunday qurilishlarga ruxsat berish bilan bog‘liq barcha qarorlarni bekor qilish yuzasidan tegishli tashkilotlarga topshiriq bergan edi. Shunga qaramay shaharning Mustaqillik ko‘chasida aynan bolalar maydonchasi o‘rnida ko‘p qavatli uy qurilishi boshlangan. Bunga qarshi chiqqan aholi esa “obonchi” ayollar tomonidan qo‘rqitishga o‘tilgan. Eng qizig‘i aynan qurilish bo‘layotgan hudud o‘rnida qo‘shni domning kanalizatsiya va gaz tarmog‘i o‘tgan.
Qarshilik qilsak bizga pul taklif qilishyapti
“To‘rtinchi qavatda yashayman. Qilayotgan ishlari qurilish tartibiga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Domimiz tagidan kotlavan qazishga tushishdi. Dardimizni eshitadigan tashkilot yo‘q.

Chiqmagan joyimiz qolmadi. Prokuror kelib ertaga hammasini hal qilamiz dedi. Lekin hech narsa o‘zgarmadi. Quruvchilar yana bilganini qilyapti. Quruvchilar kelib, qo‘limizda xujjatimiz bor, qarorimiz joyida deydi. Kadastr boshliqlari ham negadir quruvchi tomonda. Qarshilik qilsak bizga pul taklif qilishyapti”, – deydi Anvarjon Qodirov.
Quruvchiga hech kimning gapi o‘tmayapti...
“Ikki haftadan beri tinchimiz buzilgan. Binoni ko‘tarishvormasin deb ko‘chada navbatda turibmiz. Qurilish maydoni o‘rnida bolalar maydonchasi bor edi. Mashinalarimiz turardi. Bolalarni maydondan chiqarishib atrofini o‘rab olishdi.

Qarshilik qilganimizni ko‘rib quruvchi endi “obonchi”larni o‘rtaga solishga o‘tdi. Mahalla, prokuratura, arxitektura hech bir tashkilotning quruvchiga gapi o‘tmayapti”, – deydi Luiza Kapadze.
Tahdidga o‘tishdi...
“Quruvchi ko‘cha ayollarini olib kelib, og‘zimizni yopmoqchi bo‘ldi. Mashina raqamimiz, qayerda ishlashimizni surishtirib tahdidga o‘tishdi.

Pul olmadilaringizmi, endi boshqachasiga gaplashamiz, deya. Qayerda ishlaysan, nima qilishni bilamiz, har qadamingni o‘ylab bosinglar deyishdi. Qo‘limizdan hech narsa kelmayapti. Boshimiz qotgan”, – deydi Syuzanna Xolmirzayeva.
“Baribir bu yerga “dom” quramiz”...
“Asfaltlarimizni buzib o‘tib ketishdi. Endi qayta qilishimiz kerak. Bizga birortasi kelib yordam bermaydi. Mahalla fondimiz bor, shundan qayta asfalt qilamiz-da endi. Tadbirkor kelib, shu yerga uy qurmoqchi.

Mana bugun kelib qurilishini boshlashdi, kotlavan qazishni boshlaganda uylarimiz “zirillab” ketdi. Domning yonida kanalizatsiya bor, ustini kovlab tashlashdi. U yerdan gaz quvuri ham o‘tgan. Gazni ham, kanalizatsiyani ham hisobga olmayapti. Bolalar qayerda o‘ynashadi endi desak, bu yerda o‘ynatma bolangni, uy quraman-da deyapti.
Hokimiyatdan kelgan vakillarga tushuntirdik, quruvchiga tushuntirdik, lekin ular biz tanimaydigan, umuman boshqa ko‘chadagi ko‘cha bolalarini, barzangi ayollarini olib kelib, bizga bosim o‘tkazishni boshlashdi. Xohlagan joyingga murojaat qil, biz bu yerga baribir dom quramiz deyapti”, – deydi Ra’no Shokirova.
Hududga yetib kelgan Farg‘ona viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi Bunyod Xamraliyev nizoli holat o‘rganilayotganini aytdi:

“Qurilishga oid huquqiy hujjatlar o‘rganib chiqilganda, ko‘rib turganimizdek allaqachon dom qurilib bo‘lgan ekan. Endilikda rasmiylashtirilgan barcha huquqiy hujjatlarni qayta o‘rganyapmiz.
2021 yilda viloyat hokimimiz Xayrulla Bozorov boshchiligida ishchi guruhlar joylarda o‘rganishlar olib borgan. O‘shanda viloyat rahbari ko‘p qavatli uy orasiga bundan buyon dom qurilmasligini aytgan. Xuddi shu kabi dom qurishga yoki boshqa imorat qurishga ajratilgan yer maydonlarini kotlavan qazilgan bo‘lsa ham, ko‘mdirib bolalar o‘ynash va sport maydonchalarini qayta tiklashga buyruq bergan. Buni ham o‘rganib qonunda belgilangan tartibda chorasini ko‘ramiz. Amaldagi shaharsozlik qonun-qoidalariga to‘g‘ri kelish-kelmasligi o‘rganib chiqiladi albatta”, — deydi Bunyod Xamraliyev.
Qurilishni vaqtincha to‘xtatib qo‘ydik
“Ikki kundan beri shu manzilda nizoli qurilish bilan bog‘liq holatni o‘rganyapmiz. Qurilish nazorat inspeksiyasi tomonidan jamoatchilik ekspertizasidan shaffof holatda o‘tish to‘g‘risida qayta ogohlantirish xati berilib, qurilish ishlari vaqtincha to‘xtatildi”, — deydi Farg‘ona shahar qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Bekzod Mahmudov.

Aholiga taqdim qilingan xujjatga ko‘ra qurilish ishlari “Quvasoy ta’mir invest” MChJ tomonidan boshlangan.
O‘zining quruvchi ekanligini aytgan shaxslardan biri hududga keldi, biroq kamera qarshisida izoh bera olmasligini aytib ketib qoldi.
Kun.uz nizoli qurilish bilan bog‘liq holatni kuzatishda davom etadi...
Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov.
Mavzuga oid

09:25 / 08.05.2025
Fransiya O‘zbekistonda uy-joylar “yashil” renovatsiyasiga mablag‘ ajratadi

13:36 / 03.05.2025
Farg‘ona va Urumchi o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilyapti

13:17 / 30.04.2025
Ko‘p qavatli uylarning bir qismi ijtimoiy uy-joy fondiga o‘tkaziladi

17:21 / 28.04.2025