Kriptofiribgarlar Telegram orqali 27 mlrd dollar pul yuvgani ma’lum bo‘ldi
Haowang Guarantee platformasi Telegram orqali uchinchi tomon sotuvchilarga keng ko‘lamdagi noqonuniy xizmatlarni taklif qilish imkonini bergan. Messenjer unga aloqador kanallarni blokladi.

Foto: Zuma / TASS
Internetda kriptovalutadan foydalangan holda pul yuvish bilan shug‘ullangan eng yirik maydoncha — Haowang Guarantee o‘z faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. E’lon Telegram 13 may kuni kriptovaluta firibgarligiga bog‘liq minglab akkauntlarni, jumladan, Haowang Guarantee kanalini bloklaganidan keyin servis saytida paydo bo‘lgan.
Ushbu maydoncha yillar davomida kriptofiribgarlarga xizmat ko‘rsatgan va pul yuvib kelgan. Elliptic tahlilchilari ma’lumotlariga ko‘ra, u orqali 27 milliard dollardan ortiq yashirin tranzaksiyalar amalga oshirilgan. Unga egalik qiluvchi kompaniya Kambodjada ro‘yxatdan o‘tgan va Al Jazeera ma’lumotlariga ko‘ra, qirollik oilasi va mamlakat hukumatiga bog‘liq bizneslarga aloqador. Platformani o‘z ichiga olgan Huione Group moliyaviy konglomerati Kambodja bosh vaziri Hun Man bilan bog‘liq tuzilmalarni nazorat qiladi. Ushbu tuzilma direktorlaridan biri uning amakivachchasi Hun To bo‘lib, Al-Jazeera surishtiruvida firibgarlik markazining ishtirokchisi sifatida tilga olingan.
To‘satdan yopilgunga qadar Haowang Guarantee Telegram orqali uchinchi tomon sotuvchilarga keng ko‘lamdagi noqonuniy xizmatlarni taklif qilish imkonini bergan. Depozit va eskrou tizimi orqali platforma ishtirokchilari bitimlarni «kafolatlashgan», asosan Tether kriptovalutasida pul yuvish operatsiyalarini amalga oshirgan. Shuningdek, u yerda firibgarlar uchun ma’lumotlar bazalari, telekommunikatsiya uskunalari, dipfeyklar uchun dasturiy ta’minotlar, hatto GPS-bo‘yinbog‘ va elektroshokerlar ham taklif qilingan — bularning barchasi Myanma, Kambodja va Filippindagi firibgarlik markazlarida qullikda ishlatiladigan mehnat lagerlarida qo‘llangan.
Wired ma’lumotlariga ko‘ra, Telegramʼning akkauntlarni bloklash borasidagi ishlari kriptovaluta operatsiyalarini kuzatishga ixtisoslashgan Elliptic tadqiqot kompaniyasi o‘z o‘rganishlariga oid ma’lumotlarni e’lon qilganidan keyin boshlangan. Elliptic o‘tgan yilning iyulidan boshlab Haowang Guarantee bilan bog‘liq keng ko‘lamli pul yuvish va jinoyatlarni qayd etgan. Shuningdek, tadqiqotchilar Telegram bazasida yana bir platformani aniqlagan — Xinbi Guarantee nomli platforma 2022 yildan beri 8,4 milliard dollarlik tranzaksiyalarni amalga oshirgan.
«Bu ulkan g‘alaba. Shu vaqtgacha mavjud bo‘lgan eng yirik darknet-bozor yopildi», — deydi Elliptic asoschilaridan biri Tom Robinson.
Mavzuga oid

19:22 / 21.04.2025
«Telegram hech qachon shaxsiy xabarlarni oshkor qilmagan» – Durov Fransiya parlamenti qarorini olqishladi

11:27 / 08.04.2025
Telegram Rossiyada 7 million rubl jarimaga tortildi

21:55 / 01.04.2025
Pavel Durov Telegram’da virtual g‘ishtlar sotish ortidan 100 mln rubl ishlab oldi

17:47 / 26.03.2025