Zelenskiy Ukraina delegatsiyasini muzokaralar uchun Istanbulga yubordi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya va Ukraina vakillari o‘rtasidagi 2022 yil bahoridan buyon ilk bor tashkil etilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarga mudofaa vaziri Rustem Umerov boshchiligidagi delegatsiyani yubordi. Muzokaralarda Rossiya nomidan prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etmoqda.

Do‘lmabog‘cha saroyi. Foto: REUTERS/Leonhard Foeger
Rossiya delegatsiyasi tarkibiga Vladimir Medinskiydan tashqari tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin, GRU rahbari admiral Igor Kostyukov, mudofaa vaziri o‘rinbosari Aleksandr Fomin va Mudofaa vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, GRU va prezident ma’muriyatidan to‘rt nafar ekspert kiradi.
Zelenskiy delegatsiyaning bunday tarkibini «soxta» deb atadi va muzokaralarda Rossiya nomidan kim ishtirok etishi haqida rasman xabardor qilinmaganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, Ukraina delegatsiyasi tarkibi ham kunning ikkinchi yarmida e’lon qilindi, delegatsiya Turkiyaga kelishi faqat kechga yaqin tasdiqlandi.
Reuters agentligining Ukraina diplomatik doiralaridagi manbasining tushuntirishicha, Kiyev Istanbulga «mos darajadagi» odamni yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqqan.
Yakunda Ukraina delegatsiyasiga mudofaa vaziri Rustem Umerov boshchilik qiladigan bo‘ldi. Zelenskiy bu tanlovni Umerov uchrashuv uchun zarur bo‘lgan barcha tillarni: ukrain, rus, ingliz va turk tillarini bilishi bilan izohladi.

Foto: Win McNamee/Getty Images
Delegatsiyalar nima haqida gaplashadi?
Wall Street Journal Ukraina rasmiylariga tayanib yozishicha, Kiyev vakillari Rossiya tomoni bilan faqat 30 kunlik otashkesimni muhokama qiladi: uni qanday amalga oshirish va unga rioya etilishini qanday nazorat qilish kerakligini. «Suspіlne» manbalari ham shu haqda gapiradi.
Zelenskiy ham Erdo‘g‘an bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida o‘t ochishni to‘xtatish muhokamaning asosiy masalasi bo‘lishini aytdi.
Moskva esa muzokaralarning asosiy maqsadi «mojaroning asl sabablarini bartaraf etish» ekanini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, Putin muzokaralar chog‘ida yarashuv to‘g‘risida kelishib olish mumkinligini istisno qilmadi.
Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy Istanbulda jurnalistlar oldida so‘zga chiqib, kecha Vladimir Putin yig‘ilish o‘tkazgani, unda «vazifalar qo‘yib, muzokaralardagi pozitsiyalarni belgilab bergani»ni eslatdi.
Rossiya muzokaralarni 2022 yil bahorida Istanbulda bo‘lib o‘tadigan muzokaralarning davomi sifatida ko‘rmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya delegatsiyasi «zarur vakolat va salohiyatga ega», hamda «mo‘’tadil, konstruktiv kayfiyatda va mojaroni hal etish yo‘llarini izlashga tayyor».
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarning vazifasi – «ertami-kechmi uzoq muddatli tinchlik o‘rnatish», «mojaroning asosiy sabablarini bartaraf etish».
Rossiya delegatsiyasi rahbari muzokaralar qachon boshlanishiga aniqlik kiritmagan. Zelenskiy Anqarada bo‘lib o‘tgan brifingda ular 15 mayda ham, ertasi kuni ham boshlanishi mumkinligini aytdi.
Biroq, bosh konsullik oldidagi nutqdan so‘ng, Medinskiy delegatsiya bilan birga muzokaralar o‘tkazilishi kerak bo‘lgan Do‘lmabog‘chaga yo‘l olgan.
Putin ham, Tramp ham yo‘q
11 mayga o‘tar kechasi Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina va uning Yevropadagi ittifoqchilari talab qilgan 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish o‘rniga Istanbulda to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishni taklif qilgandi.
Donald Tramp darhol Zelenskiyni rozi bo‘lishga chaqirdi va ko‘p o‘tmay Ukraina prezidenti Istanbulga borishini va u yerda Vladimir Putinni kutishini aytdi. Keyingi kunlarda Zelenskiy Rossiya prezidenti mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga tayyorligini ko‘rsatish uchun muzokaralarga shaxsan kelishi kerakligini bir necha bor takrorladi.

Foto: Win McNamee/Getty Images
Hatto G‘alabaning 80 yilligini nishonlash uchun Moskvaga tashrif buyurgan Braziliya prezidenti Lula da Silva Putinni Istanbulga borishga ko‘ndirmoqchi bo‘ldi. U Xitoydan Braziliyaga qaytishda Moskvada to‘xtab o‘tdi, biroq Putin bilan yuzma-yuz emas, telefon orqali gaplashdi.
Rossiya delegatsiyasi tarkibi 14 may, chorshanba kuni kechqurun e’lon qilindi va unda Putin yo‘q edi.
Yaqin Sharq mamlakatlari bo‘ylab safarda bo‘lgan AQSh prezidenti Donald Tramp muzokaralarda Vladimir Putin ishtirok etadigan bo‘lsa, Turkiyaga borishi mumkinligini aytdi.
Rossiya delegatsiyasi tarkibi e’lon qilinganidan so‘ng, Reuters agentligi AQSh prezidenti ma’muriyatidagi manbalariga tayanib, Tramp Turkiyaga bormasligini ma’lum qildi.
Ko‘p o‘tmay Trampning o‘zi ham bunga to‘xtalib, aslida o‘zi yo‘qligi uchun Putin kelmayotganini aytdi.
«Agar men bormasam, nega u borishi kerak?» – deya javob berdi u jurnalistlarning Putin delegatsiya tarkibida yo‘qligi haqidagi savoliga. «Men u yerda bo‘lmasam, Putin bora olmaydi, deb o‘ylayman».
Shu bilan birga, Tramp «agar kerak bo‘lsa», 16 may kuni Istanbulda paydo bo‘lishini istisno qilmayapti. Darvoqe, muzokaralar juma kuni ham davom etish-etmasligi hozircha noma’lum.
AQSh prezidenti Putin bilan uchrashmaguncha muzokaralarda oldinga siljish bo‘lmasligini qayd etdi. «Men Putin bilan uchrashmagunimcha hech narsa bo‘lmaydi», – dedi u jurnalistlarga Qatardan BAAga ketayotganda.
Zelenskiy ham shu kuni Anqarada Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashdi, Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga esa Antalyada AQSh davlat departamenti rahbari Marko Rubio bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ayni vaqtda Antalyada NATO davlatlari vazirlari sammiti bo‘lib o‘tmoqda.

Turkish Presidency / Mustafa Kamaci / Handout/Anadolu via Getty Images
Muzokaralar uchun asos yo‘q
BBC rus xizmati sharhlovchisi Svyatoslav Xomenko
Birinchidan, Ukraina 2022 yilgi muzokaralarni Moskvaning Kiyevning taslim bo‘lish shartlarini muhokama qilishga urinishi deb hisoblaydi va Putinning versiyasiga ko‘ra, o‘sha paytda parafirlangan, Ukraina vakillarining versiyasiga ko‘ra esa hech qanday ma’noga ega bo‘lmagan qog‘oz bo‘lib qolgan loyihaga qaytishdan qat’iyan bosh tortadi.
Ikkinchidan, Kiyevda Rossiya delegatsiyasining darajasi savol tug‘dirmoqda. Yumshoq qilib aytganda, uning a’zolari har qanday jiddiy qarorlar qabul qilishga vakolatli bo‘lishi dargumon. Ya’ni Volodimir Zelenskiydan iqtibos keltiradigan bo‘lsak, Moskvadan kelgan emissarlarning darajasi «soxta».
Ammo eng muhimi, shuni yodda tutish kerakki, Ukraina va Rossiya hozirda hech qanday mazmunli muzokaralar uchun asosga ega emas.
Kiyev har qanday muzokaralarga tayyorligini e’lon qilmoqda – ammo buning uchun Rossiya kamida o‘ttiz kunlik keng qamrovli sulhga rozi bo‘lishi kerak. Moskva bunga rozi emas – ularning iddaosiga ko‘ra, go‘yoki shu 30 kun ichida Ukraina qurolli kuchlari kuch to‘playdi va jang maydonidagi holatini yaxshilaydi, bu esa Rossiyaga foydali emas.
O‘z navbatida, Moskva tinchlik muzokaralari mashhur «Ukraina mojarosining asl sabablari» muhokama qilingandan keyingina boshlanishi kerakligini, ungacha esa urush davom etishini aytmoqda. Kiyev «asl sabablar muhokamasi»ni uni taslim bo‘lishga majburlash deb hisoblashi bejiz emas, shuning uchun u Moskvaning talablariga rozi bo‘lmaydi.
Bu pozitsiyalar o‘rtasidagi umumiy maxrajni hozircha topishning iloji yo‘q va buning iloji bor-yo‘qligi ham noma’lum. Kimdir yon berishi kerak.
Kiyev bir qator xorijiy yetakchilar, jumladan, Moskvaga xayrixoh deb hisoblangan Turkiya yoki Braziliya yetakchilarining bayonoti ko‘rinishidagi bosim Putinni yon berishga majbur qilishiga umid qilmoqda. Putin esa har doimgidek barchani dog‘da qoldiraman deb hisoblaydi.
Va nihoyat, bir tomondan yarashuv, boshqa tomondan qanday kun tartibida bo‘lishidan qat’i nazar Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar tarafdori bo‘lgan Tramp kartani qanday o‘ynashi noma’lum.
Mavzuga oid

00:53
Istanbuldagi muzokaralar 16 mayga ko‘chirildi. Zelenskiy Ukraina delegatsiyasi tarkibini tasdiqladi

21:34 / 15.05.2025
Agar Putin kelmagan bo‘lsa, demak, Istanbulda qiladigan ishim yo‘q – Zelenskiy

20:40 / 15.05.2025
Rossiya Istanbulda muzokaralar o‘tkazishga va «murosalarga» tayyor - Medinskiy

19:17 / 15.05.2025