O‘zbekiston | 18:04 / 16.05.2025
10290
7 daqiqa o‘qiladi

Haydovchilar uchun qator yengilliklar e’lon qilindi

Yo‘l chizig‘ini bosganlik uchun avtomatik jarima qo‘llash to‘xtatiladi. Radar bor joyda “Radar” belgisi majburiy o‘rnatiladi. Jamoat transporti uchun ajratilgan “A” harfli yo‘lakda kechasi yurishga ruxsat berildi. Keraksiz deb topilgan to‘xtashni taqiqlovchi belgilar olib tashlanadi. Temiryo‘l kesishmalaridagi behuda to‘xtab o‘tishlarga barham beriladi. Yo‘lta’mirlash va yo‘lchizish ishlari faqat tunda olib boriladi.

Ochiq manbalardan olingan surat

O‘zbekiston prezidentining topshirig‘i bilan, haydovchilarga yengillik yaratishga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Radarlar yo‘l chizig‘ini bosganlik uchun jarima yozmaydi

1 iyundan boshlab yo‘l chiziqlarini bosib qoidabuzarlik sodir etish holatlarini avtomatlashtirilgan foto-video qayd etish moslamalari orqali qayd etishga yo‘l qo‘yilmaydi. To‘xtash chizig‘i – “stop-liniya” bundan mustasno.

“Haydovchi chiziqni bosib olsa, bu qoidabuzarlik fotoradar yoki videokamera orqali qayd etilmaydi, demak, avtomatik ravishda jarima yozilmaydi. Lekin YPX xodimi tomonidan aniqlanganda, qoidabuzarlik o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtiriladi”, – deya aniqlik kiritdi Asadov.

Shaharlarda 07:00 dan 21:00 gacha yo‘l ta’mirlash ishlarini olib borish taqiqlanmoqda

1 iyundan boshlab, shaharlarda avtomobil yo‘llarini ta’mirlash yoki yo‘l chiziqlarini chizish bilan bog‘liq ishlarni soat 07:00 dan 21:00 ga qadar amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Dam olish kunlari, shuningdek, kechiktirib bo‘lmaydigan alohida holatlar bundan mustasno.

“Ta’mirlash va yo‘l chiziqlarini yangilash ishlari endi kunduzi emas, faqat kechasi – yo‘llardagi harakat kamaygan vaqtda amalga oshiriladi. Bu o‘zgarish fuqarolarning kundalik ishga borish-kelish, farzandini maktabga olib borish yoki shifoxonaga yetib olishni osonlashtirish bilan bir qatorda, tirbandliklar yuzaga kelishini oldini oladi”, – deya izoh berdi prezident matbuot xizmati.

Radar bor joyda “Radar” yo‘l belgisini o‘rnatish majburiy bo‘ladi

1 sentabrdan boshlab, harakat tezligini nazorat qilishga mo‘ljallangan har qanday turdagi statsionar va mobil radarlar joylashgan hududda “Radar” yo‘l belgisining o‘rnatilishi majburiy bo‘ladi.

“Radar” yo‘l belgisi radar joylashgan joydan kamida 250 metr, ko‘pi bilan 500 metrgacha bo‘lgan masofada o‘rnatiladi.

Kechasi jamoat transporti yo‘lagida yurishga ruxsat berildi

Bugundan boshlab, soat 23:00 dan 06:00 ga qadar yo‘nalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmalarda boshqa transport vositalarining harakatlanishiga ruxsat berildi.

Bungacha avtobuslar harakati uchun ajratilgan, ya’ni "A" harfli tasmalarda boshqa transport vositalarining harakatlanishi hozirda taqiqlangan edi.

“Soat 23:00 dan boshlab deyarli barcha avtobus yo‘nalishlari o‘z ishini tugatishini hisobga olib hamda qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida, boshqa transport vositalarining tungi paytda, soat 6:00 ga qadar ushbu tasmalarda harakatlanishi mumkin bo‘ladi va bu qoidabuzarlik hisoblanmaydi”, – deyiladi rasmiy izohda.

Maktab va bog‘chalar oldida tezlik rejimi yumshatildi

Maktab va bog‘chalar atrofidagi yo‘llarda soat 19:00 dan 07:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida, shuningdek, dam olish va ta’til kunlarida ushbu aholi punkti uchun ruxsat etilgan umumiy tezlik chegarasigacha oshirib harakatlanishga ruxsat berildi.

Ma’lumot uchun, 2022 yil apreldan e’tiboran, maktab va bog‘chalar atrofidagi yo‘llarda 300 metrgacha bo‘lgan masofada tezlikni 30 km/soatdan oshirish taqiqlangan.

To‘xtashni taqiqlovchi yo‘l belgilari qayta ko‘rib chiqiladi

“To‘xtash taqiqlangan” va “To‘xtab turish taqiqlangan” yo‘l belgilarining maqsadga muvofiq o‘rnatilgani nuqtayi nazaridan to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi. Zarurat bo‘lmagan joylarda o‘rnatilgan yo‘l belgilari demontaj qilinadi.

Shuningdek, bu belgilarning amal qilish vaqtini ko‘rsatuvchi qo‘shimcha axborot belgilari o‘rnatiladi. Bu belgilarda ko‘rsatilgan amal qilish vaqtidan tashqari paytda, transport vositalarining tegishlicha to‘xtashi va to‘xtab turishiga ruxsat berildi.

“Masalan, "To‘xtab turish taqiqlangan" belgisining tagida amal qilish vaqti soat "7:00 – 21:00" deb ko‘rsatilgan bo‘lsa, transport vositalari ushbu belgi hududida soat 21:00 dan 7:00 ga qadar bemalol to‘xtab turishlari mumkin bo‘ladi”, – deya tushuntirdi prezident matbuot xizmati.

Temiryo‘l kesishmalarida “Stop” belgilari boshqariluvchi svetoforlarga almashtiriladi

Qayd etilishicha, bugungi kunda yo‘llardan kesib o‘tuvchi ayrim temiryo‘llarda hafta yoki kun davomida vagonlar harakatlanmasa-da, haydovchilar belgi oldida to‘xtashga majbur va natijada uzun tirbandliklar yuzaga kelmoqda.

Masalan, Toshkent shahrining Farg‘ona yo‘li ko‘chasi (ko‘prik oldida), Cho‘ponota va Shota Rustaveli ko‘chalari kesishmasi, Kichik xalqa yo‘li (Qushbegi) singari yirik yo‘llarda zarurat bo‘lmasa-da, haydovchilar to‘xtashga majbur.

Shu munosabat bilan qaror bilan avtomobil yo‘llaridan o‘tgan ayrim temiryo‘l kesishmalarida “Stop” belgilari boshqariluvchi sfetoforlarga almashtirilishi belgilandi.

O‘zbekiston yo‘llaridagi barcha radar va kameralar yil oxirigacha to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi

Qarorga muvofiq:

  • Ichki ishlar vazirligi tomonidan 2025 yil yakuniga qadar chorraha va yo‘llardagi barcha maxsus texnika vositalari to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi;
  • xatlov natijalari bo‘yicha o‘zboshimchalik bilan yoki belgilangan tartibga rioya etmagan holda o‘rnatilgan, texnik va standart talablariga javob bermaydigan texnika vositalari demontaj qilinadi;
  • haydovchilar tomonidan tezlikni oshirish holatlari ko‘plab kuzatilayotgan hududlarda avtomashinalarning ayni vaqtdagi tezligini ko‘rsatib ogohlantiruvchi elektron tablolar o‘rnatiladi;
  • tadbirkorlarning maxsus texnika vositalaridan foydalanishda shaxsga doir ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash, suiiste’molchiliklarning oldini olish choralari ko‘riladi.

Birinchi marta sodir etilgan yengil qoidabuzarlik uchun ogohlantirish beriladi

Ma’lum qilinishicha, prezident topshirig‘iga muvofiq, ma’muriy jazolar tizimiga yangi – “ma’muriy ogohlantirish” ta’sir chorasini kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilgan.

Loyihaga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq ayrim yengil turdagi huquqbuzarliklarni birinchi marta sodir etgan shaxslarga YPX inspektori tomonidan ogohlantirish beriladi. Ogohlantirish bir yil ichida faqat bir marotaba berilishi mumkin.

Mavzuga oid