Hidi paykalni tutgan qovunlar: Toshloqda qovun pishdi
Husniddin Mamarahimov Toshloq tumanining Besarang qishlog‘idan. Dehqonning erta bahorda ekkan qovuni bugun pishib yetildi. “Handalak unut bo‘lib ketdi. Uning o‘rniga ertapishar qovun ekib birinchilardan bo‘lib daromadga kiryapmiz”, – deydi dehqon.

Dehqon Husniddin bir yarim gektar yerga qovunning ertapishar navini ekib parvarish qilmoqda.

“Ekkan qovunimiz navi Dakaro. 15 mart kuni ekkandik. Bugun mana 15 may bo‘lsa, birinchi qovunlarimiz pishdi. Uch-to‘rt kunda sotuvga chiqaramiz. Uch yildan beri aynan shu qovun navidan ekamiz. Chunki bu qovun handalak o‘rnida, erta pishadi. Bir yarim gektar yerga ekkanmiz. Ayni paytda 1 kg qovun 20 000, 25 000 so‘mdan sotilyapti. Gektardan 150, 200 million daromad qilsa bo‘ladi.
Qovun yetishtirishning o‘ziga yarasha mashaqqatli tomonlari bor. Lekin eksangiz kam bo‘lmaysiz.
Eng zo‘ri nima, aytaymi, qovunchilikda? Tong sahar kelganingizda qovun hidi paykalni tutib turganda mazza qilib yuborasiz. Qilgan mehnatlaringiz ham chiqib ketadi. Pichoqni g‘irtillatib torsangiz, uning mazasi boshqacha, gashti boshqacha.
Bu haligi saratonda pishadigan qovun emas-da. Bu ertapishar qovun. Bu qovun kelishidan oldin handalak bo‘lardi. Handalaklar yo‘q bo‘lib ketdi, birov ekmay qo‘ydi. Endi shu qovun ekilyapti handalak o‘rniga.
Handalakning hidi bor, mazasi yo‘q edi. Dakaroning ham hidi bor, mazasi ham o‘zgacha, shuning uchun shu qovunga hamma o‘tib ketdi. Eng muhimi birinchi bo‘lib erta pishib bozorga chiqadi, daromadi yaxshi. Birinchilardan bo‘lib daromadga kirasiz.
Qovunimiz bir oyga bormaydi, 20-25 kunda pishib tugaydi. Undan keyin shakarpalak, obinovvotlar chiqishni boshlaydi.
Qishlog‘imizga kelinglar qovun yegani, kutamiz. Xudo xohlasa mana qovunlarimiz pishdi. Oldi qovunlarni terishni boshladik”, – deydi dehqon.
Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov.
Mavzuga oid

16:35 / 21.07.2024
Isi paykalni tutgan obinovvotlar: qovun dalasidan reportaj

17:55 / 17.07.2024
Sanepidqo‘mita fuqarolarni avtomobil yo‘llari yonidan tarvuz va qovun sotib olmaslikka chaqirdi

10:09 / 28.08.2023
“Tanasida 3 ta igna qoldi” – ignalar bilan yashayotgan bolakay Azizbek 6 yoshga to‘ldi

07:56 / 31.07.2023