Jamiyat | 11:50
1096
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda odam savdosi qurboniga aylanish xavfi ostida qolgan ayol O‘zbekistonga qaytarildi

O‘zbekiston elchixonasi Hindistonga aldov yo‘li bilan olib kelingan va odam savdosi qurboniga aylanish xavfi ostida qolgan fuqaroning vatanga qaytishiga amaliy yordam ko‘rsatdi.

Foto: Getty images

Diplomatik missiya konsullik bo‘limiga Hindiston huquq-tartibot idoralaridan Dehlidagi Indira Gandi xalqaro aeroportida ruhiy tushkunlik holatidagi Z.T. ismli O‘zbekiston fuqarosi aniqlangani haqida ma’lumot kelib tushdi.

Shundan so‘ng fuqaro bilan aloqa o‘rnatilib, u elchixonaga olib kelindi. Surishtiruv jarayonida Z.T.ga S. va K. ismli kimsalar tomonidan Dehli shahridagi oshxonalardan birida ofitsiant bo‘lib ishlash taklifi bildirilgani aniqlandi. Biroq Hindistonga kelib, mehmonxonaga joylashgach, Z.T. aldov tuzog‘iga tushib qolganini bilib qolgan hamda uni vatanga qaytarib yuborishlarini talab qilgan.

Biroq S. va K. Z.T.dan uning uchun sarflangan yo‘l xarajatlarini qoplab berishini talab qilgan hamda jinsiy xizmat ko‘rsatishga majburlashga harakat qilishgan.

Z.T. o‘zi ushlab turilgan maskandan qochish va mahalliy politsiya vakillariga murojaat qilishga muvaffaq bo‘lgan.

O‘zbekiston elchixonasi tomonidan og‘ir ahvolga tushib qolgan fuqaromizga tezkor konsullik-huquqiy yordami ko‘rsatildi hamda homiy tashkilotlar ko‘magida "Dehli-Toshkent" yo‘nalishidagi aviareysga chipta sotib olindi.

Hindistonning tegishli muassasalari bilan O‘zbekiston fuqarosini yolg‘on va’dalar bilan Dehliga olib kelib, ekspluatatsiya qilishga urinishda gumon qilinayotgan kimsalarga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishi bo‘yicha hamkorlik qilinmoqda.

Diplomatik missiya vatandoshlarni Hindistonga safar qilishdan oldin turli shubhali guruh yoki shaxslarning yolg‘on va’dalariga aldanib qolmaslik, ushbu mamlakatga kirish va unda bo‘lib turish chog‘ida mahalliy qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.

Elchixona bunday holatlar yuzaga kelgan taqdirda zarur konsullik-huquqiy yordami ko‘rsatilishi uchun zudlik bilan quyidagi vositalar orqali murojaat qilishni tavsiya qildi: telefon: +91 11 2467 0774/75; telegram-bot: @consuluzbindia_bot.

Mavzuga oid