Jahon | 20:13 / 16.05.2025
4191
3 daqiqa o‘qiladi

Qirol Charlz III Pol Makkartnidan kambag‘alroq ekani aniqlandi

Buyuk Britaniyaning eng boy odamlari reytingida qirol 238-o‘rinda qayd etildi.

The Sunday Times Buyuk Britaniyadagi eng boy odamlarning yillik reytingini e’lon qildi. Birinchi o‘rinni, so‘nggi yillarda bo‘lgani kabi, Hindistonning Hinduja Group moliyaviy-sanoat guruhi egasi Gopi Hinduja va uning oilasi (35,3 milliard funt sterling) egalladi.

Ikkinchi o‘rinda Reuben Brothers asoschilari, aka-uka Devid va Saymon Ruben (26,9 milliard funt sterling) va uchinchi o‘rinda Warner Music Group (25,7 milliard funt) egasi, moliyachi Leonard Blavatnik joylashdi. Ularning barchasi bir yil avval ham kuchli uchlikka kirgan edi.

350 nafar eng boy britaniyaliklarning umumiy boyligi yil davomida 3 foizga kamayib, 772,8 milliard funt sterlingni tashkil qildi. Reytingdagi milliarderlar soni ham kamaydi, 165 nafardan 156 nafarga. Bu ketma-ket uchinchi yil pasayishdir.

Qirol Charlz III reytingda 238-o‘rinni egalladi (640 million funt). Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Rishi Sunak va uning rafiqasi Akshata Merti ham 238-o‘rinda.

Ro‘yxatga bir qancha musiqachilar kirdi, jumladan, Pol Makkartni va uning rafiqasi Nensi (151-o‘rin; £1 milliard), Elton Jon (283-o‘rin; 475 million funt), Mik Jagger va Keyt Richards (ikkalasi ham 440 million funt sterling boyligi bilan 295-o‘rinda) va Ed Shiran (330 million funt sterling).

Shuningdek, 350 nafar eng boy britaniyaliklar qatoridan yozuvchi Joan Rouling (168-o‘rin; 945 million funt sterling), sobiq futbolchi Devid Bekxem va uning rafiqasi, qo‘shiqchi va model Viktoriya Bekxem (273-o‘rin; 500 million funt) va rejissyor Kristofer Nolan va uning rafiqasi Dam Emma Tomas (340-o‘rin; 340 million funt sterling) ham bor.

The Sunday Times Rich List reytingni 1989 yildan beri chop etiladi. Reytingni tuzishda nafaqat Britaniya fuqarolari, balki «Buyuk Britaniyada yashab, ishlayotganlar» hamda «Britaniya fuqarosi bilan turmush qurganlar, Buyuk Britaniya bilan mustahkam aloqaga ega bo‘lganlar, bu yerdagi mulk yoki boshqa aktivlarga ega bo‘lganlar, Britaniya siyosiy partiyalari, institutlari yoki xayriya tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlaganlar» ham hisobga olinadi.

Mavzuga oid