O‘zbekiston | 16:16 / 16.05.2025
1497
3 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva Buxoroda jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalarini muhokama qildi

16 may kuni Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanida Oliy Majlis Senati raisi boshchiligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashining sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Oliy Majlis Senati

Majlisda viloyatda jinoyatchilik holati va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi, mavjud muammolar va ularning asosiy sabablari batafsil muhokama etildi.

Shuningdek, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni kamaytirish, profilaktika choralarini kuchaytirish, hududdagi xavfsizlikni mustahkamlash bo‘yicha istiqbolli chora-tadbirlar belgilandi.

Ta’kidlanganidek, 2025 yilning birinchi choragida jinoyatlar 19,5 foizga kamaygan. Biroq bunday jinoyatlar soni har 100 ming aholiga viloyatda 13 ta bo‘lsa, Buxoro shahrida bu ko‘rsatkich eng yuqori bo‘lgan – 32 ta, Kogon tumanida – 22 ta, Kogon shahrida – 18 ta, Qorovulbozorda – 20 ta, G‘ijduvonda –15 ta.

Oldini olish mumkin bo‘lgan 272 ta jinoyatning har uchdan biri o‘g‘rilik, har oltinchisi firibgarlik, har sakkizinchisi tan jarohati yetkazish jinoyatlari tashkil etgan.

Jinoyatchilikning oshishiga aholi o‘rtasida asosan shaxsiy agressiya, ijtimoiy muammolar hamda ruhiy bosimlarning kuchayishi kabi omillar sabab bo‘lgani ta’kidlandi.

Shuningdek, majlisda mahalliy hokimiyat organlari, huquqni muhofaza qilish tizimi va jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, jinoyatchilik profilaktikasini tizimli tashkil etish zarurati qat’iy ta’kidlandi. Aholining huquqiy savodxonligini oshirish, kiberxavfsizlikni kuchaytirish, yoshlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga ko‘mak berish bo‘yicha amaliy choralarni tatbiq etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Muhokama davomida sog‘liqni saqlash tizimidagi korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlarning samarasi pastligi va tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha ishlar yetarli darajada emasligi ham aytib o‘tildi. Viloyatda Jamoat sog‘liqni saqlash axborot tizimini to‘liq joriy etish uchun mutasaddilarning mas’uliyatini oshirish zarurati qayd etildi.

Majlis yakunida korrupsiyaga qarshi kurashishda ochiq va oshkora tanlov asosida kadrlarni tanlash, tibbiyot xodimlari faoliyatining samaradorligini oshirish hamda aholining axborot tizimlaridan samarali foydalanishini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Shuningdek, Buxoro viloyatida jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni doimiy nazorat qilish, samarali profilaktika tizimini yaratish va aholining huquqiy ongini yuksaltirish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi.

Majlis yakunida o‘zlariga yuklatilgan vazifalar ijrosiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan maktabgacha va maktab, sog‘liqni saqlash, ekologiya va tabiatni muhofaza qilish, madaniyat, pensiya, obodonlashtirish, kadastr, bank sohalaridagi rahbarlarga, ayrim hokim o‘rinbosarlariga lavozimdan ozod qilishgacha bo‘lgan choralar ko‘rish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Mavzuga oid