Ukraina uchinchi F-16 qiruvchi samolyotidan ayrildi
Uchuvchi katapultadan foydalanishga majbur bo‘lgan. Maxsus komissiya hozirda yuz bergan holatni tergov qilishga kirishgan.

16 mayga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlarining havo hujumini qaytarish vaqtida Ukraina Qurolli kuchlarining (UQK) F-16 qiruvchi samolyoti noshtat vaziyatga duch kelgan va uchuvchi katapultadan foydalanishga majbur bo‘lgan. Bu haqda UQK Havo kuchlari qo‘mondonligi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, uchuvchi samolyotni turar-joy binolaridan chetga olishga ulgurib qolgan. Bu g‘arbdagi sheriklar tomonidan Ukrainaga yetkazib berilgan F-16’larning uchinchisi bilan bog‘liq halokat hisoblanadi.
«Uchuvchi katapultadan muvaffaqiyatli foydalandi va qidiruv-qutqaruv guruhining tezkor sa’y-harakatlari natijasida evakuatsiya qilindi», — deyiladi xabarda. Halokat sababini aniqlash bo‘yicha maxsus komissiya tuzilgan bo‘lib, hozirda u vaziyatni tergov qilishga kirishgan.
Amerikada ishlab chiqarilgan F-16 qiruvchilarining dastlabki o‘ntasi Ukrainaga 2024 yil avgustda yetkazib berilgan edi. O‘shanda 2024 yil oxiriga qadar Kiyev yana 20 ta shu kabi havo kemalarini qo‘lga kiritishi, 2025 yil davomida esa Ukraina Qurolli kuchlari tarkibidagi F-16 qiruvchilari soni 79 taga yetishi ma’lum qilingandi. Prezident Volodimir Zelenskiyning ta’kidlashicha, Rossiya aviatsiyasiga samarali qarshilik ko‘rsatish uchun Ukrainaga kamida 120-130 ta F-16 qiruvchi samolyotlari talab etiladi.
Ukraina birinchi F-16’dan 2024 yil avgustda, raketa zarbalarini qaytarish vaqtida ayrilgan edi. O‘shanda malakali uchuvchi Aleksey Mes halok bo‘lgan. U Ukrainaga F-16 qiruvchilarini yetkazib berish g‘oyasini xalqaro maydonda faol targ‘ib qilganlardan biri edi. Shu kuni Mes uchta qanotli raketa va bitta dronni urib tushigan. O‘limidan keyin u Ukraina Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
Ikkinchi F-16 esa joriy yilning 12 aprelida quladi. Hodisa oqibatida 26 yoshli uchuvchi Pavel Ivanov halok bo‘ldi. U ham o‘limidan keyin Ukraina Qahramoniga aylangan.
Mavzuga oid

20:58 / 16.05.2025
Juda afsusdamiz – Yevropa yetakchilari Istanbulda o‘tgan Rossiya-Ukraina muzokaralariga izoh berdi

19:01 / 16.05.2025
Istanbulda Rossiya–Ukraina muzokaralari yakunlandi. Asosiy ma’lumotlar

18:23 / 16.05.2025
Ukraina Rossiya ilgari surgan talablarni «norealistik» deb hisoblaydi - Reuters

10:51 / 16.05.2025