Konstantinovka uchun jang: nega aynan shu shahar rossiyaliklarning asosiy nishoni bo‘lishi mumkin?
O‘tgan haftalar davomida Donetsk oblasti shimolida joylashgan Konstantinovka shahri atrofidagi vaziyat ancha murakkablashdi. Rossiya armiyasi ushbu shahardan g‘arbda ukrainlar mudofaasini yorib o‘tib, uni qurshab olish rejasini amalga oshirishga kirishdi.

Foto: EPA
Konstantinovka – Slovyansk, Kramatorsk va Drujkovka shaharlarini ham o‘z ichiga oluvchi ulkan aglomeratsiyaning bir qismidir. Donbassning Ukraina nazoratida qolgan qismining sanoat va ma’muriy markazi vazifasini o‘taydigan ushbu shaharni rossiyaliklar bosqinning ilk oylaridayoq egallab olishga uringandi. O‘shanda rossiyaliklar bu yerga shimoldan, Liman va Izyum orqali kirib kelishga uringan, ammo ukrainlarning 2022 yil kuzidagi muvaffaqiyatli qarshi hujumi bu rejani chippakka chiqargandi.
Endilikda rossiyaliklar janub, g‘arb va sharqdan janglar bilan asta-sekin aglomeratsiyaga kirib kelmoqda. Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabining har kungi svodkalari aynan shu yerda – Pokrovsk, Toretsk va Kramatorsk yo‘nalishlarida – so‘nggi haftalarda eng ko‘p to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tayotganini ko‘rsatmoqda.
May oyi oxiriga kelib RF armiyasi o‘z yo‘lidagi so‘nggi yirik to‘siq – Kleban-Bik suv omboriga yaqinlashgan. Undan bir necha kilometrdan keyin esa Konstantinovkaning chekka hududlari boshlanadi va Kremlning yozgi harbiy kampaniyadagi asosiy maqsadi aynan mazkur shaharni egallash bo‘lishi mumkin.
Bu yurish nimadan boshlandi va qanday rivojlandi? BBC Ukraina xizmati ushbu shahar atrofida yuzaga kelgan vaziyatni tahlil qildi.
Mudofaadagi bo‘shliq va uch tomonlama hujum
Konstantinovka temiryo‘l va avtomobil tuguni sifatida Ukraina qurolli kuchlari uchun logistik hab va mustahkamlangan hududi sifatida muhim rol o‘ynaydi.
Keng ko‘lamli urushning dastlabki haftalaridan boshlab u bir necha bor Rossiya aviatsiyasi va uzoq masofali raketalar zarbalari ostida qolgan. Bahorda front chizig‘i yaqinlashishi bilan shahar chekkalari ruslarning FPV-dronlari va artilleriyasi yetib boradigan hudud bo‘lib qoldi.
May oyi boshida Ukraina qurolli kuchlarining «Xolodniy Yar» nomli 93-alohida mexanizatsiyalashgan brigadasi matbuot xizmati Rossiya optik tolali dronlari allaqachon Konstantinovkaning o‘zida harbiy va fuqarolik transportiga hujum qilayotgani haqida yozgan edi.
«Dushman operatorlari makkorona taktikaga murojaat qilmoqda: dronlarni yo‘llarga o‘rnatib, texnika yoki avtomobillar o‘tishini kutmoqda. Keyin esa dronni yuqori ko‘tarib, transportga zarba berishadi yoki yo‘q qilishadi», – deya tafsilotlarni bayon qiladi brigada.

Rasmiylar Konstantinovkadagi uylarning 20-30 foizi allaqachon vayron bo‘lgani, ammo shaharda hali ham 9 minggacha tinch aholi qolganini aytmoqda (urushdan oldin bu yerda 70 mingga yaqin odam yashagan). Mahalliy harbiy ma’muriyat rahbari Sergey Gorbunovning ishontirishicha, bolalarning barchasi olib ketilgan.
2023-2024 yillarda Konstantinovka nisbatan frontorti shahri hisoblangan, front chizig‘i bu yerdan 30-40 km uzoqlikda edi. Bu esa shahardan Baxmut va Toretsk yo‘nalishlarida jang olib borgan Ukraina guruhlarining qurol-yarog‘lari va logistikasini joylashtirish uchun baza sifatida foydalanish imkonini bergan.
Ammo o‘tgan yilg bahorida Rossiya qo‘shinlari Baxmut tomondan Chasiv Yar yo‘nalishida hujum boshladi – bu Konstantinovkaning sharqiy qanotidagi mudofaaning asosiy tepaligi va so‘nggi «qo‘rg‘oni». Ruslar bu shaharni tezda egallay olmagan bo‘lsa-da, ular Ukraina mudofaasini asta-sekin yorib o‘tmoqda va allaqachon Chasiv Yarning g‘arbiy chekkalariga yaqinlashgan. Bu yerdan Konstantinovkadagi binolargacha taxminan 10 kilometr chiqadi.
O‘tgan yil iyunida RF armiyasi janubiy qanotda hujumga o‘tib, Toretskka hujum qildi. Rossiya mudofaa vazirligining shahar to‘liq nazorat qilinayotgani haqidagi bayonotlariga qaramay, amalda Toretsk atrofida Ukraina qurolli kuchlarining qarshilik o‘choqlari hali ham saqlanib qolmoqda. Bu hozirda shaharning qanotlarida, Shcherbinovka va Diliyevka qishloqlari yaqinida bo‘shliq topishga urinayotgan rus qo‘shinlarining harakatini sezilarli darajada sekinlashtiradi.
Bu yerdan Konstantinovkagacha taxminan 12-13 kilometr.
Bahorda ruslar Ukraina mudofaasini yorib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. Bu Konstantinovkaning janubi-g‘arbida, Pokrovskka olib boradigan yo‘l yaqinida ro‘y berdi. Uzoq vaqt davomida rossiyaliklar bu yo‘lda mustahkam o‘rnashib ololmadi, ukrainlar dushmanga muvaffaqiyatli qarshi hujumlar uyushtirib, pozitsiyalardan surib chiqardi.
Ammo may oyi boshida Rossiya armiyasi yo‘lni kesib qo‘yib, uning janubida ham, shimolida ham bir qator qishloqlarni egallab olishga muvaffaq bo‘ldi. Gap Tarasovka, Malinovka, Novaya Poltavka, Aleksandropol va Novoolenevka kabi aholi yashash manzillari haqida bormoqda. Bundan tashqari, Rossiya qurolli kuchlari shimolroqqa yorib o‘tishga va Konstantinovkaning g‘arbiy yo‘nalishdagi logistikasini butunlay kesib tashlashga qattiq harakat qilmoqda.
Vaziyat bir vaqtning o‘zida Rossiya qo‘shinlari qarama-qarshi tomonga – Mirnograd-Pokrovsk aglomeratsiyasiga hujum qilayotgani tufayli ham murakkablashmoqda. Bu Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabiga qo‘shimcha kuchlarni bir uchastkaga to‘plash, ularni bir necha yo‘nalishlarga tarqatish imkonini bermaydi.
To‘g‘ri, Ukraina qo‘mondonligi Kremlning birinchi navbatdagi vazifasi aynan Konstantinovkani qo‘lga olish deb hisoblaydi.
«Dushman birinchi navbatda Konstantinovka shahriga xavf tug‘dirishdan manfaatdor. Aynan shu maqsadda u Pokrovsk-Konstantinovka trassasidan shimolga yorib o‘tishga va bir vaqtning o‘zida Chasiv Yar tomondan aylanib o‘tishga harakat qilmoqda. Bizning asosiy sa’y-harakatlarimiz uning bunday qilishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan», – dedi Ukraina telemarafoni efirida «Xortitsa» qo‘shinlari operativ-strategik guruhi spikeri Viktor Tregubov.
Buyog‘iga Konstantinovka bilan nima bo‘ladi?
Rossiyalik harbiy blogerlar Konstantinovka yaqinidagi vaziyatni allaqachon «Rossiya armiyasining strategik yutug‘i» deb atamoqda. Kamida rossiyalik mashhur harbiy sharhlovchilardan biri Yuriy Podolyak (telegramda 3,1 million obunachisi bor) shunday deb hisoblaydi.
«Endi hech qanday shubha yo‘qki, bu uchastkada biz ushbu urush davomida birinchi marta dushman mudofaasini klassik tarzda chuqur yorib o‘tishiga erishdik. Ha, harakat tezligi Ulug‘ Vatan urushidagidek emas, lekin u paytda bizning ham, dushmanning ham har qanday harakatini cheklaydigan va bizga tezroq harakatlanishga imkon bermaydigan dronlar yo‘q edi», – deb yozdi u 21 may kuni.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi allaqachon Popov Yar – Poltavka – Rusin Yar – Stepanovka qishloqlari chegarasiga yaqinlashgan. Ushbu mudofaa chizig‘ini yorib o‘tish Dobropole – Kramatorsk asosiy tayanch yo‘liga yaqinlashish va u bo‘ylab, xususan, FPV-dronlari bilan faolroq zarba yo‘llash imkonini beradi.
O‘z o‘zidan, bu Ukraina qurolli kuchlarining mazkur yo‘nalishdagi logistikasini falaj holatga keltirishi mumkin.

Ukrainadagi «Axboriy qarshilik» guruhi harbiy tahlilchisi, Ukraina qurolli kuchlari zaxiradagi polkovnigi Konstantin Mashovets Rossiya armiyasining frontning bu uchastkasidagi muvaffaqiyatlarini «taktik chuqurlikka yorib kirish» deb atagan. U Konstantinovkaga yurishni RF armiyasining birdaniga ikkita umumqo‘shin armiyalari: 8-armiya va 51-armiya olib borayotganini ma’lum qilgan.
Chap qanotda yorib o‘tishni 8-armiya bo‘linmalari amalga oshirgan, ular bu yo‘nalishga mart oyida tashlangandi. Ular Ukraina qurolli kuchlarining mudofaa saflari ichkarisiga deyarli 9 km masofada kirib kelishga muvaffaq bo‘lgan va bu «xanjar»ni kengaytirishda davom etmoqda.
«Taktik muvaffaqiyat yaqqol ko‘rinib turibdi. Piyoda askarlar soni ko‘pligi, shuningdek, buning evaziga katta yo‘qotishlarga uchrayotgan oldingi qismlar va bo‘linmalarni doimiy ravishda shaxsiy tarkib bilan to‘ldirish imkoniyati tufayli dushman hozircha hujum/shturm harakatlari intensivligini juda yuqori darajada ushlab turishga muvaffaq bo‘lmoqda», – deb qayd etadi Mashovets.

VVS’ning Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonlik tarkibidagi manbasi bu yo‘nalishdagi vaziyat so‘nggi haftalarda tezlik bilan og‘irlashganini tan olgan.
Uning fikricha, Rossiya qo‘shinlarining yaqin kelajakdagi vazifasi Konstantinovkani yarim qurshov holatini yuzaga keltirish va mudofaa kuchlari logistikasini olov nazorati ostiga olish hisoblanadi.
Agar ular buni uddalay olsa, yaqin orada ukrain bo‘linmalari Toretsk yaqinidagi «karman»dan (atrofi raqib egallab olgan hududlar bilan o‘ralgan platsdarm) shimolroqqa – Bichok va Kazenniy Torets daryolari hamda Kleban-Bik suv ombori bo‘ylab o‘tgan mudofaa chizig‘iga ketishiga to‘g‘ri keladi. Agar bu marrani ushlab qolishning imkoni bo‘lmasa, yozda Rossiya Konstantinovka-Kramatorsk aglomeratsiyasini shturm qilishni boshlashi ehtimoli ortib ketadi.
Tomonlar ushbu jang uchun yetarlicha tayyorgarlik ko‘rgan zaxiralarga egami, degan savol ochiq qolmoqda.
Mavzuga oid

20:36 / 22.05.2025
Rossiya qo‘shinlari bufer zona yaratish muammosini hal qilmoqda – Putin

18:56 / 22.05.2025
Ukraina ikki kun ichida Rossiya bo‘ylab 500 ga yaqin dron uchirdi

16:20 / 22.05.2025
Stubb: Vatikanda Ukraina-Rossiya muzokaralari o‘tkazilishi mumkin

16:00 / 22.05.2025