Moskva chet elliklarni urushga qanday jalb qilmoqda? Fuqaroligini yo‘qotgan misrlik yollanma askar hikoyasi
Muhammad Radvan Senusiy Rossiya armiyasi tarkibida Ukrainaga qarshi urushda qatnashgani uchun Misr hukumati uni fuqarolikdan mahrum qilgan.

Facebook/Mohamed Radwan Sanosy
22 yoshli misrlik Muhammad Radvan Senusiyning oilasi uning Rossiyadan jangchi emas, shifokor bo‘lib qaytishini orzu qilgan. O‘g‘lining Ukraina bilan urushish uchun Rossiya armiyasiga ketishi uning qarindoshlarini karaxt holatiga tushirdi.
«Bu haqda rasman ma’lum qilishganda, men bu xabardan barcha kabi shokka tushdim. Endi nima qilish kerakligi va o‘g‘lim bilan qanday qilib bunday bo‘lishi mumkinligini aqlimga sig‘dirolmayman. Nega aynan u bilan?» – deydi Muhammadning onasi BBC Ukraina xizmatiga.
22 yoshli Muhammad mamlakat janubiga yaqin bo‘lgan Luksor viloyatining Al-Maris qishlog‘ida tug‘ilgan.
Joriy yilning aprel oyida Misr hukumati Muhammad Radvan Senusiy «xorijiy davlatda harbiy xizmatga kirgani uchun» Misr fuqaroligidan mahrum etilganini e’lon qildi.

Tibbiyotchi talabadan yollanma jangchilikka
Muhammad Rossiyaga 2021 yilda tibbiyotni o‘rganish uchun kelgandi. Qarindoshlari u bilan juda faxrlanar hamda uning kelajagi porloq ekaniga chin dildan ishonishardi.
Bugun ular u qanday qilib va nima uchun urushga borgani hamda Ukraina asirligiga tushib qolganini tushunishmayapti.

Muhammadning otasi feysbukdagi sahifasida o‘g‘li «rossiyaliklar qurboni bo‘lgani», chunki Rossiya hukumati uni go‘yoki giyohvand moddalarni saqlash bo‘yicha yolg‘on ayblov bilan hibsga olgani, keyin esa armiyaga yollaganini yozgan.
Ota o‘g‘liga yordam berish uchun turli davlat idoralari ostonasini bir necha bor hatlab o‘tgani, ammo barcha urinishlari muvaffaqiyatsiz bo‘lganini aytadi.
Yakunda Rossiya sudi misrlik talabani yetti yil muddatga ozodlikdan mahrum etish bo‘yicha hukm chiqaradi. Shundan buyon oila u haqida hech qanday ma’lumot olmaydi.

Muhammadning onasi Safa BBC bilan suhbatda o‘g‘li bilan so‘nggi bor 2025 yil fevralida gaplashganini aytadi. Undan oldin esa mobil telefoniga notanish raqamdan g‘alati xabar keladi – unda bir necha daqiqadan keyin o‘g‘li videoaloqa orqali bog‘lanishi aytilgandi.
U qo‘ng‘iroqqa javob berganida o‘g‘li Ukrainada asirga tushgani va o‘zi hozir tarjimon vazifasini bajarishini aytgan boshqa bir misrlikning ovozini eshitadi.
Ushbu erkak o‘g‘li bilan gaplashish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun u ushbu muloqot e’lon qilinishiga oldindan rozilik bildirishi zarurligini aytadi.
Safa nima qilishni bilmagan va bunday rozilik qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi va bu o‘g‘liga qanchalik zarar yetkazishi mumkinligi haqida o‘ylagan. Lekin unda o‘g‘li bilan gaplashishning boshqa yo‘li yo‘q edi va shuning uchun intervyu e’lon qilinishiga rozilik berishiga to‘g‘ri keladi.
Bu muloqot davomida ayol o‘g‘li Rossiya armiyasi safiga kirganidan xabar topadi.
«O‘g‘lim menga aytgan gaplardan hayratda qoldim. Uning ovozidan juda qo‘rqib ketganini bilib turardim. U Misrga qaytishni xohlayotganini aytdi, lekin buni qanday qilishni bilmaydi», – deydi Safa.
Muhammadga Ukrainaning aynan qayerida ushlab turilganini aytishga ruxsat berilmagan va oilasidan u bilan hammasi joyida ekaniga ishontirish so‘ralgan.
Videomuloqot chog‘ida Muhammad onasiga shunday deydi: «Xudoga shukr, onajon, men tirikman. Men endi harbiy asirman va menga Rossiya fuqaroligini berishdi. Iltimos, mening haqimga duo qiling, toki urush tugasin va meni almashtirishsin».
Muhammadning Rossiya armiyasiga qanday kirgani uning oilasiga ma’lum emas. Ammo ularning fikricha, Rossiyada unga qamoq jazosi o‘rniga armiyaga borishga ko‘ndirish uchun bosim o‘tkazilgan bo‘lishi mumkin.
Suhbat videosi Ukraina bosh razvedka boshqarmasi harbiy asirlar bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi shtabining «Xochu jit» loyihasi bilan hamkorlik qilayotgan Dmitro Karpenkoning YouTube-kanalida e’lon qilindi. Bu loyiha Rossiya harbiylarini asirga tushishga chaqiradi.
Video tavsifida Muhammad Rossiyada o‘qigani aytilgan. U o‘qishga pul to‘lash uchun telegram-kanallari orqali oson qo‘shimcha ish qidiradi. Uni aldashgan, sud qilishgan va qamoqqa tiqishgan. «Qamoqxonada yana qo‘lga tushirishgan va shartnoma berishgan», – deyiladi o‘sha matnda.
BBC jamoasi Rossiya tashqi ishlar vazirligi bilan bog‘lanib, Muhammadning ahvoli, qayerdaligi va taqdiri haqida ma’lumot olishga uringan, biroq o‘z so‘rovlariga javob ololmagan.
Ukraina maxsus xizmatlaridagi manbalar esa BBC’ga 2025 yil may oyidagi holatga ko‘ra Muhammad Radvan Senusiy Ukraina g‘arbidagi harbiy asirlar uchun lagerda saqlanayotganini xabar qilgan.

Facebook/Apostole Dmytro Karpenko
Rossiya armiyasidagi xorijliklar
Xalqaro munosabatlar bo‘yicha ekspert Ahmad Sultonning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi safiga tobora ko‘proq xorijlik yollanma askarlar qo‘shilmoqda. Frontdagi katta yo‘qotishlar tufayli armiyani tezda to‘ldirish zarurati mavjud.
Ekspert Rossiya frontga qisqa muddatli jangovar komandirovkalarda qatnashish evaziga moliyaviy imtiyozlar, yashash uchun ruxsatnomalar va hatto fuqarolikni nazarda tutuvchi shartnomalarni taklif qilayotganini qo‘shimcha qiladi. Biroq, yangi askarlar odatda urushdagi haqiqiy vaziyatni tushunmaydi. Shu sababli ular halok bo‘lish, jarohatlanish yoki asirga tushish xavfi qarshisida yanada zaifroqdir.
Sultonning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya universitetlari misrlik talabalarni, ayniqsa, tibbiyot va ilmiy mutaxassisliklarga kirish osonligi bilan o‘ziga jalb qilmoqda. Shuningdek, Yevropa va Amerika universitetlariga nisbatan ta’lim narxi pastligi ham muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, mutaxassis ba’zilar u yerda ishga joylashish uchun eng yaxshi imkoniyatlarni topishga intilayotganini ta’kidlaydi.
Ukraina bilan urush boshlanganidan keyin Rossiyada yashash narxi oshdi, shu sababli ko‘plab talabalar bu yerda bo‘lish uchun pul to‘lay olmay qoldi. Bundan tashqari, boshqa mamlakatlardan Rossiyaga pul o‘tkazmalari murakkablashdi yoki to‘xtadi.
Rossiya armiyasiga yollashda mojaro hududlaridan kelgan yoki tez pul topishga muhtoj bo‘lgan, o‘z hisoblarini to‘lay olmaydiganlarga ustunlik beriladi. Ekspert bunday shartnomani imzolagan har bir kishi katta tavakkalchilikka qo‘l urishini qo‘shimcha qiladi. Xususan, o‘z mamlakatiga qaytganidan keyin huquqiy muammolarga duch kelishi mumkinligi sababli ham.
Fuqarolikni yo‘qotish oqibatlari
Muhammadning otasi feysbukdagi sahifasida misrlik mulozimlarga murojaat qilib, farzandiga yordam berish va uni Misrga qaytarishni so‘ragan.

Muhammadning oilasi shu yil fevralidagi qo‘ng‘iroqdan keyin u bilan boshqa bog‘lana olmagan. Ammo BBC’ning Ukraina maxsus xizmatlaridagi manbasi Muhammad Jyeneva konvensiyalarida ko‘zga tutilgan barcha huquq va himoyadan foydalanishini tasdiqlagan. Bu, agar xohlasa, oilasi bilan yozishmalar olib borish huquqini ham o‘z ichiga oladi.
Misr davlati ushbu mamlakat fuqaroligi to‘g‘risidagi qonunda belgilangan holatlarda har qanday shaxsni fuqarolikdan mahrum etish huquqiga ega. Misr iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar markazi xodimi Samih Samir BBC’ga bu masalani sharhlagan.
Mazkur qonunning 16-moddasi mudofaa vazirligining alohida ruxsatisiz boshqa davlatda harbiy xizmatga kirishni taqiqlaydi.
Agar kishi fuqarolikni yo‘qotadigan bo‘lsa, uning fuqaro sifatida Misr davlati oldida hech qanday majburiyati va hech qanday huquqi ham bo‘lmaydi.
Advokat Samih Samirning qo‘shimcha qilishicha, ushbu qaror ustidan Davlat kengashi huzuridagi Ma’muriy sudga shikoyat qilish yoki apellyatsiya shikoyati berishda ushbu shaxs nomidan vakil tayinlash mumkin.
Inson huquqlari bo‘yicha arab axborot tarmog‘i asoschisi va direktori Jamol Eydning aytishicha, Vazirlar kengashi va Ichki ishlar vazirligining qarorlari katta yuridik kuchga ega va kamdan kam hollarda bekor qilinadi.
Muhammadning onasi BBC bilan suhbatda petitsiya yoki shikoyat yozish haqida o‘ylagani, ammo unga kim yordam bera olishini bilmasligini aytdi.
Ukraina rasmiylariga ko‘ra, Muhammad Senusiy harbiy asir sifatida ro‘yxatdan o‘tgan paytda qo‘sh fuqarolikka – Misr va Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan.
Misrlik advokat Jamol Eyd fuqarolikdan mahrum qilish asoslari to‘g‘risidagi modda keng talqin qilinishi mumkinligini ham tushuntirdi. Unda «Misrning oliy manfaatlariga tahdid», «Misrning harbiy, diplomatik yoki iqtisodiy mavqeyiga zarar yetkazish yoki boshqa har qanday milliy manfaatlarga zarar yetkazish» kabi asoslar ko‘rsatilgan.
Muhammadning oilasi hali ham vaziyatga aralashish va uni asirlikdan qaytarishga yordam berish iltimosi bilan murojaat qilish huquqiga ega. Ammo, advokat Jamol Eydning so‘zlariga ko‘ra, bu «qonuniy huquq emas, balki gumanitar so‘rov» bo‘ladi, ya’ni buni Misrda qarindoshlari bo‘lgan chet el davlati fuqarosi ishi sifatida ko‘rib chiqariladi. Va bu holatda u Rossiya fuqarosi sanaladi.
Ukraina xorijliklar yoki ikki fuqarolikka ega shaxslarni Rossiya fuqarolari qatorida ukrainalik harbiy asirlarga almashishdan manfaatdor.
Ahmad Sulton asirlarni almashish bo‘yicha oldingi muzokaralarda Rossiya tomoni asosiy e’tiborni yollanma jangchilarga emas, balki rossiyaliklarga qaratganini eslatadi. Holbuki yollanma jangchilar ham armiya bilan shartnoma tufayli fuqarolik olishi mumkin bo‘lgan toifa hisoblanadi. Ayirboshlash ro‘yxatiga qo‘shishda asirlikdan qaytarilgan shaxs kelgusida yana jang maydoniga qaytishi kafolatlanishiga urg‘u qaratiladi.
Ahmad Sultonning qo‘shimcha qilishicha, urush tugagach yoki barqaror sulh o‘rnatilgach, Muhammad kabi harbiy asirlar Ukrainadagi mahbuslar saqlanadigan joylarda yana bir necha yil qolishi mumkin. Zero, tinch muzokaralar jarayonining o‘zi yillab davom etishi ehtimoli yuqori.
Taxmin qilish mumkinki, agar Ukraina ularni ozod qilishga qaror qilsa, ularga Rossiyaga qaytish taqiqlanishi mumkin. Ularning kelib chiqish mamlakatlari ham bunga yo‘l qo‘ymaydi, chunki ular davlat darajasida huquqiy muammolarga duch kelishlari mumkin.
Mavzuga oid

21:20
Konstantinovka uchun jang: nega aynan shu shahar rossiyaliklarning asosiy nishoni bo‘lishi mumkin?

20:36
Rossiya qo‘shinlari bufer zona yaratish muammosini hal qilmoqda – Putin

18:56
Ukraina ikki kun ichida Rossiya bo‘ylab 500 ga yaqin dron uchirdi

16:20