Jahon | 15:46 / 24.05.2025
1713
4 daqiqa o‘qiladi

Isroilga ters G‘arb, Putinga muloyim Tramp – “Geosiyosat” haftaligi

G‘arb Isroilga avval kuzatilmagan darajada bosim o‘tkaza boshladi. Putinga qo‘ng‘iroq qilgan Tramp yana ko‘pchilikning hafsalasini pir qildi. Sanksiyalarni kuchaytirgan Yevropa neft narxini yanada tushirish haqida gapirmoqda. Erdo‘g‘an TDTda Shimoliy Kipr masalasini ko‘tardi. Kremldan “SSSR tirik” degan mag‘zava oqizildi.

Ortda qolayotgan haftaning xalqaro maydondagi mavzulari muhokamasi – Kun.uz'ning jonli efirdagi “Geosiyosat” haftaligida.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

— Nega Tramp telefon muloqotida kutilgandek Putinga bosim qilish va Rossiyaga sanksiyalar yo‘lidan bormadi?

Shavkat Ikromov: Ayni vaqtda dunyoda qurollanish poygasi qaytadan boshlangandek. Sovuq urush davrida ham ko‘rganmizki, bunday vaziyat Qo‘shma Shtatlarning manfaatiga mos keladi va tarixdan ma’lumki, Amerika o‘zini hozirgi iqtisodiy qudratiga aynan jahon urushi sabab erishgan. Amerikaning birinchi raqamli savdogari sifatida Tramp bunday yangi qurollanish poygasining yuzaga kelishini – Qo‘shma Shtatlarni yanada qudratliroq qilish, o‘zi aytgandek, AQShni yana dunyo taxtiga qaytarish uchun yaxshi bir imkoniyat deb ko‘ryapti.

Oybek Sirojov: Tramp arab davlatlariga tashrifida 3 trillion dollardan ortiq savdo kelishuvlari haqida gapirib, Rossiyaning ham juda katta imkoniyatlari borligini o‘sha yerda ta’kidlab o‘tdi. Demak, Trampning keyingi strategiyasi Rossiya bilan iqtisodiy hamkorlikni va undagi mavjud potensialdan birgalikda foydalanishni ko‘zlayapti.

Ikkinchi muhim jihati, odatda Tramp sobiq prezident Baydenni ayblashga intiladi. Demak, Ukraina masalasida ham Trampning oldida shunday o‘ziga xos dilemma turibdi. Yo bu urushni o‘zining hisobiga o‘tkazishi kerak, qandaydir keskin qarorlar qabul qilib, yoki imkon qadar vaziyatni yumshatishi kerak.

Shuhrat Rasul: Trampning o‘zi ham Putin bilan juda iliq gaplashganini aytib bundan g‘ururlandi. Tramp prezidentlikka nomzod vaqtidayoq Kiyev va Moskvaga shartlarni qo‘yib, kim bajarmasa, keskin choralar qo‘llashni aytgan edi. Lekin bugun unday bo‘lmayapti.

Har safar shu ikki lider suhbatlashganda yoki mas’ullari orqali muloqot qilganda, yuqori darajada hurmat ko‘rsatishyapti. Bu ikki prezident bugungi kunda mulozamat ko‘rsatish bo‘yicha umuman olganda yangi diplomatik o‘ziga xos cho‘qqiga erishdi.

AQShda Respublikachilar partiyasida bo‘linish yuz berdi. Trampdan hayiqib turgan partiyaning bir qanoti, uning ma’muriyatiga qarshi chiqa boshladi. Senatda Trampga muxolif kayfiyatdagilar soni oshib boryapti.

Shimoliy Kiprni Turkiy davlatlar tashkilotiga qabul qilish uni tan olish degani bo‘lsa, bu Rossiya uchun ham pretsedent bo‘lmaydimi?

Shavkat Ikromov: Turkiy birlikning ildizi Markaziy Osiyoda bo‘lishi kerak. Buni uzoqdan, Kiprdan yoki Turkiyadan qidirish kerak emas, chunki Turkiyadagi turkiylarning ildizi – bu Markaziy Osiyoda. So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi hukumati faol integratsiyaga kirishgan. To‘g‘ri, bu borada juda ham ko‘p to‘siqlar bor, yengib o‘tilishi kerak bo‘lgan masalalar bor, bizning birlashuvimizdan manfaatdor bo‘lmagan kuchlar har doim ta’sir ko‘rsatib turibdi. Shu nuqtayi nazardan aytishim mumkinki, Shimoliy Kipr masalasida rasmiy pozitsiyamiz bor va Turkiya ham buni to‘g‘ri tushungan. Kipr masalasida qanday qaror qabul qilinishidan qat’i nazar, turkiy birlik markazi Markaziy Osiyoda shakllangan g‘oya va bu aynan Markaziy Osiyoda o‘zining yuqori nuqtasiga chiqishi kerak deb o‘ylayman.

***

Suhbat davomida Isroilga munosabati o‘zgarayotgan g‘arb, Trampning “Oltin gumbazi”, Putin taklif qilgan bufer zona kabi global hamjamiyatda sodir bo‘lgan muhim voqealar muhokama qilindi. Suhbatni YouTube'da batafsil tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid