Jahon | 14:00
10565
8 daqiqa o‘qiladi

«Ukraina uchun yana bir qo‘rqinchli tun». Rossiya yana Ukrainani yoppasiga o‘qqa tutdi

Tinchlik muzokaralari muvaffaqiyatsizlikka uchragach, ikki tomon o‘zaro zarbalarni kuchaytirmoqda. Ukrainaga urush boshidan buyon kuzatilgan eng yirik havo hujumlaridan biri amalga oshirildi. Undan oldinroq Rossiya ukrainlarning zarbalariga javoban «adekvat javob» qaytarish bilan tahdid qilgandi.

Foto: Ukraina FVDX

Rossiya harbiylari 25 mayga o‘tar kechasi Ukraina bo‘ylab ballistik raketalar va dronlar qo‘llagan holda yopirilma hujum amalga oshirdi, unda 300 ga yaqin dron va 70 ta raketa qo‘llangan.

Zarbalar oqibatida mamlakat bo‘ylab kamida 12 kishi halok bo‘lib, 60 dan ortiq kishi yaralangan.

Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmatiga (FVDX) ko‘ra, 13 region zarbalar ostida qolgan: Kiyev shahri va Kiyev oblasti, shuningdek, Jitomir, Xmelnitskaya, Ternopol, Dnipropetrovsk, Mikolayiv, Odessa, Xarkiv, Chernihiv, Cherkass, Sumi va Poltava oblastlari.

Kiyev shahrida Rossiya hujumi oqibatida 11 kishi yaralangan. Goloseyevskiy rayonida yotoqxona va ko‘p qavatli uy binolari, Dniprovskiy rayonida — xususiy uy, Shevchenkovo rayonida — ko‘p qavatli turar joy binosi shikastlangan.

Ukraina FVDXga ko‘ra, Kiyev oblastida to‘rt kishi halok bo‘lgan, 16 kishi yaralangan, shundan uch nafari bolalar.

Jitomir oblastida 8, 12 va 17 yoshlardagi uch bola halok bo‘lgan. 12 kishi, jumladan bir bola yaralangan.

Xmelnitskaya oblastida oltita turar joy binosi vayron bo‘lgan, 20 dan ortig‘i — shikastlangan. To‘rt kishi halok bo‘lib, besh kishi yaralangan. Shifokorlar jabrlanuvchilardan birining ahvoli og‘ir ekanini ma’lum qilgan.

Mikolayivda dron besh qavatli uyga urilgan. Qutqaruvchilar xarobalar orasidan 1948 yilda tug‘ilgan keksa yoshli erkak jasadini topishgan. Besh kishi, jumladan, o‘smirlar yaralangan. Xarobalar ostidan chiqarib olingan ikki ayoldan biri og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.

Mikolayivda Rossiya zarbasidan vayron bo‘lgan bino. 2025 yil 25 may
Foto: Ukraina FVDX

Ternopolda «Kalibr» rusumli qanotli raketa sanoat korxonasiga kelib tushgan. Taxminan 1000 metr kvadrat maydon yong‘in ichida qolgan. Jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘q.

Chernihiv oblastida dronlar va raketalar zarbasi oqibatida omborlar va noturar binolar yonib ketgan. Yong‘inlardan birining maydoni 1000 metr kvadratga yetgan. Qurbonlar va jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘q.

Sumi oblastida Rossiya dronlari Sumi shahridagi oziq-ovqat korxonasiga zarba berib, uning tomiga zarar yetkazdi va yong‘in chiqishiga sabab bo‘ldi. Konotop ham zarbaga uchradi. Shahar meri Artyom Semenixin «shundoq ham vayron bo‘lgan shahar infratuzilmasi obekti vayron bo‘lgani» haqida yozdi.

Odessa oblastida Rossiya hujumi oqibatida turar joy kvartalidagi avtoturargohda 20 ta avtomobil yonib ketdi. Qutqaruvchilar yong‘inni tezda bartaraf etishga va alanga tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslikka muvaffaq bo‘lishdi, deb xabar berdi Ukraina FVDX.

Xarkivda shaharning uchta rayoni zarba ostida qoldi, deb xabar beradi mer Igor Terexov. Shevchenkovo rayonida ko‘p kvartirali uy shikastlangan, uch kishi halok bo‘lgan.

Dnipropetrovsk oblastida dronlar va raketalar boshqa obektlar qatori Pavlovgraddagi korxonaga ham zarar yetkazgan, deb xabar beradi region rahbari Sergey Lisak. Hududda yong‘in chiqqan, u tezda bartaraf etilgan. Jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘q.

«Ukraina uchun yana bir qo‘rqinchli tun», – degan Ukraina IIV rahbari Igor Klimenko. «Bu kombinatsiyalashgan, tinch aholiga qaratilgan shafqatsiz zarba bo‘ldi. Dushman yana bir bor shuni ko‘rsatdi: uning maqsadi – qo‘rquv uyg‘otish va o‘ldirish», – deya yozgan u o‘z telegram-kanalida.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy RF qo‘shini «ongli ravishda oddiy shaharlar bo‘ylab zarbalar» berayotgani va aholi yashash joylarini vayron qilayotganini qayd etgan.

«Rossiyaning har bir bunday terrorchilik zarbasi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar uchun yetarli sababdir. Rossiya bu urushni cho‘zmoqda va har kuni o‘ldirishda davom etmoqda. Dunyoda dam olish kunlari bo‘lishi mumkin, ammo urush dam olish kunlari va ish kunlariga qaramay davom etmoqda. Buni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi», – deya ta’kidladi Zelenskiy. Ukraina prezidenti jahon yetakchilarini Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar qabul qilishga chaqirdi.

«Amerikaning jim turishi, dunyodagi boshqalarning jim turishi Putinni faqat rag‘batlantiradi. Rossiya rahbariyatiga haqiqatan ham kuchli bosim o‘tkazmasdan turib, bu shafqatsizlikni to‘xtatib bo‘lmaydi. Sanksiyalar yordam berishi aniq», – degan u.

Shikastlangan ko‘p qavatli uy
Thomas Peter / Reuters / Scanpix / LETA
Kiyevlik kishi RF hujumi vaqtida shikastlangan ko‘p qavatli uy hovli​​​​​sida 
Thomas Peter / Reuters / Scanpix / LETA

Rossiyaning yopirilma zarbalari Ukraina dronlarining Rossiya hududlariga hujumlari kuchayishi, shuningdek, Rossiya Tashqi ishlar vazirligining «Kiyev rejimi tomonidan ommaviy terrorchilik hujumlariga munosib javob berishi» haqidagi tahdidlari fonida sodir bo‘ldi. Vazirlik Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga tayanib, 20 maydan 23 maygacha Rossiya hududlariga hujumlar «bir necha barobar ko‘paygani«» - Ukraina dronlarining 788 ta hujumi qayd etilganini ma’lum qildi. Rossiya TIV Ukrainani qayta tiklangan Rossiya-Ukraina muzokaralari va keng ko‘lamli asirlar almashinuvini buzishga urinishda aybladi.

24 mayga o‘tar kechasi amalga oshirilgan hujum oqibatida shikastlangan kvartira
Sergey Dolzhenko / EPA / Scanpix / LETA
Kiyevlik kishi hujum vaqtida shikastlangan avtomobili yonida
Thomas Peter / Reuters / Scanpix / LETA

«Agenstvo» nashri ham AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati taklif qilgan zudlik bilan sulh tuzish bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan so‘ng, shuningdek, 18 may kuni urush boshlanganidan beri Rossiya tomonidan Ukrainaga uyushtirilgan eng yirik havo hujumi ortidan Ukraina dronlarining hujumlari intensivligi oshganini qayd etgan. O‘shanda Ukraina qurolli kuchlari Rossiya qurolli kuchlari tomonidan uchirilgan 273 ta dron haqida xabar bergan edi.

Ukraina qurolli kuchlari hisobotiga ko‘ra, 19 maydan Rossiya hujumlari intensivligi pasaygan: dushanba kuni Rossiya 112 ta dron uchirgan, seshanba kuni bu miqdor – 108, chorshanba kuni – 76, payshanba kuni – 128 taga teng bo‘lgan. Ammo, 23 may kunidan Rossiyaning Ukraina regionlari bo‘ylab zarbalari yana kuchaygan – tun davomida 175 ta dron uchib kelgan.

O‘z navbatida, RF mudofaa vazirligi 24 may kuni kechqurun va ertalab havo hujumidan mudofaa vositalari Rossiyaning olti oblastida ukrainlarning yuzdan ortiq dronlari urib tushirilgani haqida xabar berdi. Moskva vaqti bilan soat 00:00 dan 07:00 gacha Ukrainaning 110 ta droni urib tushirildi va tutib olindi, jumladan 13 tasi Moskva oblasti hududida, deyiladi vazirlik xabarida.

OAV va telegram-kanallariga ko‘ra, nishonlar Lipetsk oblastidagi kimyoviy tok manbalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Energiya» zavodi, shuningdek, Tula oblastidagi ammiak va azot o‘g‘itlari ishlab chiqaradigan «Azot» kimyoviy kombinati bo‘lgan. Tula gubernatori Dmitriy Milyayev Novomoskovskdagi korxonalardan biriga dron hujumi uyushtirilganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u yerda shikastlangan kislota idishi topilgan. Shaharda gaz quvuri ham shikastlangan. Hududga uyushtirilgan hujum oqibatida uch kishi jabrlangan.

Mavzuga oid