O‘zbekiston | 15:01 / 28.05.2025
8127
2 daqiqa o‘qiladi

Taniqli jurnalist va bloger O‘zbekistonning Kuvaytdagi turizm elchisi etib tayinlandi

Taniqli  jurnalist va bloger Abdulkarim al-Hindal O‘zbekistonning Kuvaytdagi turizm elchisi etib tayinlandi.

Foto: "Dunyo" AA

O‘zbekiston elchixonasida shu munosabat bilan Abdulkarim al-Hindal va Unique Travel kompaniyasi ijrochi direktori Suad al-Mahri bilan uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuv avvalida kuvaytlik mashhur bloger Abdulkarim al-Hindalga O‘zbekistonning Kuvaytdagi turizm elchisi etib tayinlash to‘g‘risidagi qaror va sertifikat tantanali ravishda topshirildi.

Abdulkarim al-Hindal O‘zbekiston hukumati va mamlakat elchixonasiga O‘zbekistonning Kuvaytdagi turizm elchisi etib tayinlangani uchun minnatdorlik bildirdi hamda sayyohlik salohiyatini keng targ‘ib qilishga barcha kuch va imkoniyatini safarbar etishini bildirdi.

"O‘zbekistonning Kuvaytdagi turizm elchisi etib tayinlanganimdan juda xursandman. Menga bildirilgan ishonch juda katta mas’uliyat hamdir. O‘zbekistonga bo‘lgan safarlarim davomida o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi va ochiq ko‘ngilligiga shaxsan guvoh bo‘lganman. Shuningdek, O‘zbekistonning Samarqand va Buxoro kabi shaharlaridagi qadimiy obidalarning go‘zalligi meni o‘ziga maftun etdi. O‘zbek milliy taomlari, jumladan, palov menga juda yoqdi. Kelgusida O‘zbekiston elchixonasi bilan birgalikda yurtingiz sayyohlik salohiyatini keng targ‘ib qilish bo‘yicha ishlarni yanada jadallashtiramiz", dedi u.

Muloqot davomida elchixona bilan hamkorlikda Kuvaytda mamlakat turizm salohiyati va O‘zbekiston turizm brendini keng targ‘ib qilish, sayyohlik loyihalarini amalga oshirish, yetakchi OAVda yurtimiz salohiyati haqida maqolalar chop etish bo‘yicha kelishib olindi.

Mavzuga oid