2 iyun yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
BAAga kirishda muammoga duch kelgan O‘zbekiston fuqarolari, Ta’lim sifati past bo‘lgan maktablar ro‘yxati tasdiqlandi, tez yordam mashinasiga yo‘l bermagan L9 haydovchi jarimaga tortildi — o‘tgan kun davomida Kun.uzʼda yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

BAA aeroportida 100 dan ortiq O‘zbekiston fuqarolari ushlab turildi
Toshkent—Sharja reysi bilan futbol bo‘yicha Jahon chempionati saralashi doirasidagi BAA–O‘zbekiston o‘yinini tomosha qilish uchun 2 iyun kuni amirlikka uchib kelgan yuzlab o‘zbekistonliklar Sharja aeroportida ushlab turilibdi.
Ta’kidlanishicha, aeroportda dastlab ayollar va yoshi katta insonlarni o‘tkazishgan, qolgan erkaklardan qo‘shimcha hujjatlar, xususan, birinchi marta kelayotgani uchun anketa to‘ldirish, mehmonxona band qilgani haqida hujjat va qaytish biletlari nusxasi so‘ralmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, BAAga o‘zbeklarning kiritilmasligi holati kecha ham sodir bo‘lgan. 1 iyun kungi reys bilan BAAga borgan o‘zbekistonlik jurnalistlar ham 8 soatga yaqin aeroportda ushlab turilgani aytilmoqda.
Tarmoqlarda, shuningdek, Toshkent shahar turizm boshqarmasi poytaxtda turizm sohasida faoliyat yuritadigan tadbirkorlik sub’yektlariga jo‘natgan xati tarqaldi.
Xatda Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamentining murojaati haqida so‘z boradi. Unda O‘zbekistondan borayotgan 5 ming futbol muxlislari stadionga sig‘maslik ehtimoli yuqori ekani, bu esa xavfsizlik bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligi aytiladi. Shu sabab BAA aeroportlarida o‘zbekistonliklar orqaga qaytarilayotgani inobatga olinib, turfirmalarga turistlarni turpaketlar orqali yuborishni vaqtincha to‘xtatish tavsiya etilmoqda.
O‘z navbatida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi BAAdagi turli aeroportlar orqali mamlakat hududiga kirib kelayotgan O‘zbekiston fuqarolarining tekshiruvlari cho‘zilib ketayotgan holatlarni alohida monitoring qilib borilayotganini bildirdi.
«Ayni paytda fuqarolarimizning qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun barcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Mamlakatimizning Abu-Dabi shahridagi elchixonasi hamda Dubay shahridagi Bosh konsulxonasi BAAning tegishli tashkilotlari bilan ushbu masalada zudlik bilan muzokaralar o‘tkazdi va vaziyatni yaxshilash bo‘yicha doimiy aloqada bo‘lib turmoqda», — deyiladi xabarda.
BAA tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda turli xalqaro tadbirlar munosabati bilan xavfsizlik choralari kuchaytirilgani sababli aeroportlarda tekshiruv vaqtlari cho‘zilib ketyapti.
Vazirlikning qayd etishicha, hozirda O‘zbekiston fuqarolarini tezlik bilan tekshiruvdan o‘tkazish uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilgan va natijada ular mamlakat hududiga kirib kelishni boshlagan.
Ta’lim sifati past bo‘lgan maktablar ro‘yxati tasdiqlandi
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri tomonidan O‘zbekistonda «ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan» maktablar ro‘yxati tasdiqlandi.
Ro‘yxatga 460 ta maktab kiritildi. Bunday maktablarning eng ko‘pi — 99 tasi Qashqadaryo viloyatida joylashgan. Undan keyingi o‘rindan Samarqand va Surxondaryo viloyatlari joy olgan.
«Xalq ta’limi info» portali ma’lumotlarida keltirilishicha, 2023 yilda shunday maktablar ro‘yxatda 642 ta, 2024 yilda esa 545 tani tashkil etgan. Bu yil ta’lim sifati past bo‘lgan maktablar soni 75 taga qisqargan.
Ta’lim sifati past bo‘lgan maktablarga boshqa hududlardan jalb etilgan o‘qituvchilarga ustama to‘lanadi.
Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxatini shakllantirish mezonlari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va inspeksiya tomonidan ishlab chiqiladi hamda tasdiqlanadi. Bunda maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish natijalari, maktabning reytingi, «Zamonaviy maktab»ga qo‘yilgan talablar asosida baholash natijalari inobatga olinadi.
Tez yordam mashinasiga yo‘l bermagan haydovchi jarimaga tortildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Lixian L9 avtomashinasi tez yordam mashinasiga yo‘l bermagani aks etgan videotasvirlar tarqaldi. Unda tez yordam haydovchilari sirena va ovoz kuchaytirgich bilan bir necha bor ogohlantirish bersa ham, oldindagi mashina ularga yo‘l bermagani ko‘rinadi.
Yo‘l patrul xizmati xodimlari tomonidan Toshkentda mazkur haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik kodeksining 128-moddasi 5-bandi bilan bayonnoma rasmiylashtirildi. Bu turdagi qoidabuzarlik uchun BHMning 5 baravari miqdorida – 1 million 875 ming so‘m jarima ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlanishicha, haydovchi «e’tiborsizlik qilib qo‘ygani, yo‘l so‘ralganini ko‘rmay qolgani»ni aytib uzr so‘ragan.
«Har kimning boshida bor bu. Haydovchilardan iltimos qilgan bo‘lardik, sirena bilan kelayotgan maxsus avtomashinalarga iloji boricha yo‘l berishsin», – deydi tez tibbiy yordam mashinasi haydovchisi.
Ijtimoiy tarmoq faollari, blogerlar jazo tizimini insonparvarlik nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqishni, odamlar xavfsizligini ustun qo‘yadigan tizim kerakligi, pul ishlash uchun o‘ylab topilgan qoidalar-u jazolarni yo‘qotish kerakligini ta’kidlamoqda.
Shuningdek, ushbu holatda sirena ovozini eshitmaslik mumkin emasligi, bundan keyin tez yordamga yo‘l bermaganlarning mashinasini musodara qilish zarurligini aytganlar ham bo‘ldi.
Mavzuga oid

22:31 / 04.06.2025
Nexia ostida qolgan ayol, 361 kg eshak go‘shti va korrupsioner hokim yordamchilari - 4 iyun yangiliklari

22:44 / 03.06.2025
3 iyun yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:30 / 30.05.2025
30 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

21:14 / 29.05.2025