Elektr va gaz narxlarining o‘zgarishi. Bu iste’mol hajmi va ta’minot darajasiga qanday ta’sir qildi?
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillariga ko‘ra, O‘zbekistonda 10 ming kWh'dan ortiq elektr energiyasi iste’mol qilgan uy xo‘jaliklari soni 5,3 barobarga kamaygan. Markaz so‘rovnomasida qatnashgan respondentlarning deyarli yarmi elektr energiyasi hamda tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minotida ijobiy o‘zgarish bo‘lganini qayd etgan.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2024 yil may oyida joriy etilgan ijtimoiy iste’mol normasiga asoslangan yangi tarif siyosati doirasida uy xo‘jaliklarining energiya iste’moliga ta’sirini baholash bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdi.
Tadqiqotda respublika bo‘yicha 3516 ta uy xo‘jaliklari ishtirok etgan. Shuningdek, 3,5 mln tabiiy gaz va 8 mln elektr energiyasi abonentlarining iste’mol ma’lumotlari tahlil qilingan.
Tahlil natijalariga ko‘ra, 2024 yilning may-dekabr oylarida elektr energiyasi iste’moli 2023 yilning shu davriga nisbatan 10,6 foizga (1,3 mlrd kWh) kamaygan.
Ayniqsa oyiga 10 ming kWh'dan ortiq elektr energiyasi iste’mol qilgan uy xo‘jaliklari soni sezilarli darajada qisqargan. 2023 yilda bunday oilalarning soni 80 mingga yaqin bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 15 mingtagacha kamaygan.
O‘z navbatida, oyiga 200 kWh'gacha elektr energiyasi istemol qilgan abonentlar ulushi 2023 yilda 71 foizni va 2024 yilda 72 foizni tashkil etgan.
Tabiiy gaz iste’molida ham yuqoridagi kabi tendensiya kuzatilgan: 2024 yilda abonentlarning 58 foizi 500 kub metrgacha tabiiy gaz ishlatgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 54 foizni tashkil etgan. Ya’ni tariflar oshishi asosiy iste’mol hajmining keskin o‘zgarishiga olib kelmagan.
Eng sezilarli pasayish dastlabki iste’moli nisbatan yuqori bo‘lgan hududlarda, masalan, Samarqand, Toshkent, Andijon va Namangan viloyatlarida kuzatilgan. Yuqori iste’mol darajasi (oyiga 10 000 kWh'dan ortiq) bo‘lgan uy xo‘jaliklari soni sezilarli darajada kamaygan, bu esa energiya resurslaridan tejamkor foydalanishga o‘tish boshlanganidan dalolat beradi.
So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning deyarli yarmi elektr energiyasi hamda tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash borasidagi ijobiy o‘zgarishlarni qayd etgan.
Uy xo‘jaliklarining 47 foizi, xususan, Surxondaryo (78 foiz), Sirdaryo (70 foiz) va Namangan (67 foiz) viloyatlarida elektr energiyasi ta’minoti yaxshilanganini bildirgan.
Respondentlarning 39 foizida tabiiy gaz ta’minoti yaxshilangan. Eng yuqori ko‘rsatkichlar Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida (har birida 68 foiz) hamda Jizzax viloyatida (60 foiz) kuzatilgan.
Ijobiy o‘zgarishlardan yana biri – uy xo‘jaliklarida maishiy darajada energiya tejash choralarini keng miqyosida joriy etish boshlangan. Respondentlarning 90 foizdan ortig‘i energiya xarajatlarini kamaytirish uchun kamida bitta chora-tadbir amalga oshirilganini ma’lum qilgan.
Eng keng tarqalgan amaliyot LED-yoritish moslamalarini o‘rnatish bo‘lib, uy xo‘jaliklarining 87 foizi svetodiodli yoritishga o‘tgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy va Toshkent viloyatlari kabi hududlarda bunday oilalar soni 90 foizdan oshgan.
Uy xo‘jaliklarining 44 foizi, ayniqsa, Qashqadaryo (84 foiz), Buxoro (69 foiz) va Xorazm (54 foiz) viloyatlarida plastik deraza va eshiklar o‘rnatish orqali energiya samaradorligini yaxshilagan.
31 foiz uy xo‘jaliklari energiya tejamkor maishiy texnika sotib olgan, bunday qarorlarning eng katta ulushi Jizzax (60 foiz), Navoiy (59 foiz) viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston (54 foiz) Respublikasida kuzatilgan.
Bundan tashqari, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishga qiziqish ortib bormoqda.
Respublikadagi 64 ming uy xo‘jaliklarida umumiy quvvati 223,4 MWh bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilgan. Yillik ishlab chiqarish qariyb 313 mln kWh'ni tashkil etadi, bu orqali 104 mln kub metr tabiiy gaz tejaldi.
Quyosh panellari o‘rnatgan uy-xo‘jaliklarining yarmidan ko‘pi erishilgan natijalardan mamnun ekanliklarini ta’kidlab, kelgusida mazkur qurilmalar sonini ko‘paytirishga qiziqish bildirishgan. Tahlil shuni ko‘rsatadiki, respublikada 1,9 mln uy xo‘jaliklarida quyosh panellarini o‘rnatishga talab mavjud, bu esa 2,3 mlrd dollardan ortiq ichki bozorni shakllantirish istiqbollarini ochadi.
Shu bilan birga, xonadonlarda samaradorligi past bo‘lgan gaz kotyollari va qo‘lbola pechka orqali yuqori energiya iste’moli saqlanib qolmoqda, bu esa uy-joy infratuzilmasini modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalarga o‘tishni rag‘batlantirish zarurati mavjudligini ko‘rsatadi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Mavzuga oid

09:54 / 04.06.2025
Bloomberg: "Gazprom" Turkiyadagi gaz habi bo‘yicha rejalarni keyinga qoldirdi

15:33 / 03.06.2025
TAQA va Mubadala Talimarjon energetika majmuasidagi IESni sotib oldi

12:10 / 03.06.2025
Aliyev: «Asr shartnomasi» mintaqadagi geosiyosiy va geoiqtisodiy vaziyatni o‘zgartirdi

16:05 / 02.06.2025