Jahon | 10:41 / 03.06.2025
2085
2 daqiqa o‘qiladi

Kiyev Trampni Rossiyani otashkesimga majburlash uchun sanksiyalardan foydalanishga chaqirdi

Ukraina prezidenti ikki davlat delegatsiyalarining Istanbuldagi uchrashuvidan so‘ng, AQSh Rossiyani to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishga undash uchun qattiq sanksiyalardan foydalanishi mumkin ekanini ma’lum qildi.

Foto: Sergei Supinsky/AFP/Getty Images

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Amerika yetakchisi Donald Trampni Moskva bu talabni bajarishdan so‘nggi bosh tortganidan so‘ng Rossiyani to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishga «undash» uchun unga qarshi yangi qattiq sanksiyalarni tasdiqlashga chaqirdi. «Ular buni hozircha boshqacha tushunmayapti. Va biz buni adolatli deb hisoblaymiz», dedi Zelenskiy 2 iyun, dushanba kuni Ukraina va Rossiya delegatsiyalarining Istanbuldagi uchrashuvidan so‘ng jurnalistlar savollariga javob berar ekan.

Uning eslatishicha, to‘rt oydan ko‘proq vaqt oldin «Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish haqida o‘z ishorasini bergan» va Kiyev ularni qo‘llab-quvvatlagan. Zelenskiy yangi sanksiyalar paketi tez orada AQSh Senati tomonidan ma’qullanishiga umid bildirdi.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak ham Ukrainaning hamkorlariga Rossiya Federatsiyasiga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish bo‘yicha murojaat qildi. «Ruslar o‘t ochishni to‘xtatmaslik va urushni davom ettirish uchun hamma narsani qilmoqda. Yangi sanksiyalar hozir juda muhim. Ratsionallik - Rossiyaga tegishli emas», — deb yozdi u Istanbuldagi muzokaralar yakunlanganidan keyin Telegramʼda.

Ukraina va Rossiya delegatsiyalarining Turkiyada bir soatdan ortiq davom etgan uchrashuvi chog‘ida tomonlar yangi harbiy asirlar almashish bo‘yicha kelishib oldi, bunda 1000-1200 kishi o‘z mamlakatlariga qaytishi mumkin. Ukraina delegatsiyasi rossiyaliklarga Ukraina hududidan majburan ko‘chirilgan, Kiyevga qaytishga intilayotgan yuzlab bolalar ro‘yxatini topshirdi. «Ukrainalik bolalarning qaytishi adolatli va mustahkam tinchlikning ajralmas qismi va ishonchning asosiy elementi, niyatlar samimiyligining birinchi sinovidir. Biz javob kutmoqdamiz. To‘p Rossiya tomonida», — dedi Yermak.

Mavzuga oid