Jahon | 15:50 / 04.06.2025
2844
2 daqiqa o‘qiladi

Suriyaliklar Qurbon hayiti arafasida ommaviy ravishda uyga qaytyapti

Suriyaliklar Turkiya prezidenti va turk xalqiga minnatdorchilik bildirdi.

Foto: Anadolu Agency

Fuqarolar urushi tufayli Turkiyada uzoq vaqt yashab kelgan o‘nlab suriyaliklar Qurbon hayiti oldidan ommaviy ravishda vataniga qaytishni boshladi. 61 yillik Asadlar rejimi ag‘darilganidan keyin mamlakat aholisiga o‘z vatanlariga qaytish imkoniyati berildi.

Turkiyaning Kilis viloyatidagi Onjupinar chegara punktiga kelgan suriyalik oilalar Suriyaga doimiy ravishda qaytishi uchun zarur protseduralardan o‘tkazilmoqda.

Bayram arafasida qaytuvchilar oqimi ortdi. Nazorat punktida tirbandlik kuzatilmoqda.

25 yoshli Ahmad Ismoil «Anadolu» agentligiga 7 yil avval urush tufayli Suriyani tark etishga majbur bo‘lganini va Turkiyadan boshpana topganini aytdi.

«Bu vaqt davomida o‘y-xayollarim o‘z yurtimda qoldi. Suriyadagi urush tugadi va men qaytib ketyapman. Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va turk xalqiga minnatdorchilik bildiraman. Qurbon hayitini vatanimda o‘tkazishimdan xursandman», — dedi u.

19 yoshli Ekrem O‘mer ham urush tugaganidan keyin qaytishga qaror qilganini qayd etdi. - Bayramni oilam davrasida yurtimda o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan xursandman, - deydi u.

23 yoshli Zeid Eljubeydi Turkiyaga urushdan qochib kelganini va endi o‘z mintaqasida tinchlik o‘rnatilganidan keyin vataniga qaytishga qaror qilganini aytdi.

«Oilamni 4 yildan beri ko‘rmadim. Ular bilan uchrashib, bayramni Suriyada o‘tkazishimdan juda xursandman. Hammasi uchun Turkiya va turk xalqiga minnatdorchilik bildiraman», — deya qo‘shimcha qildi u.

Mavzuga oid