Zelenskiy Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligida o‘zgarishlar amalga oshirdi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 3 iyun kuni kechqurun oliy harbiy qo‘mondonlikda bir qancha o‘zgarishlar bo‘lganini ma’lum qildi. Xususan, so‘nggi vaqtlarda quruqlikdagi qo‘shinlarga qo‘mondonlik qilgan Mixaylo Drapatiy Ukraina qurolli kuchlari Birlashgan kuchlari qo‘mondoni etib tayinlandi. Bu Bosh shtabga bo‘ysunadigan va yirik operatsiyalarni o‘tkazishda qo‘shinlarning turli guruhlari o‘rtasidagi muvofiqlashtirish uchun mas’ul bo‘lgan harbiy boshqaruv organidir.
Drapatiy bir necha kun oldin quruqlikdagi qo‘shinlar bosh qo‘mondoni lavozimidan iste’foga chiqqandi – bu rossiyalik harbiylar o‘quv bo‘linmalaridan biriga raketa hujumi uyushtirgani, natijada 12 nafar harbiy halok bo‘lib, 60 dan ortiq kishi jarohatlangani ortidan ro‘y bergandi. «Agar biz sharaf so‘zi emas, ishi bo‘lgan armiya qurmasak, bu urushda g‘alaba qozona olmaymiz. Javobgarlik jazo emas, ishonchning asosi bo‘lgan joyda. Har bir komandir har kuni – buyruq uchun, qaror uchun, inson uchun javob beradigan joyda», – degandi u.
3 iyun kuni Drapatiy feysbukda Zelenskiy bilan gaplashganini va unga iste’foga chiqish qarori sabablarini tushuntirganini, bunga javoban Ukraina prezidenti unga «asosiy narsaga – urushga, frontga, g‘alabaga e’tibor qaratish»ni taklif qilganini yozdi. «Prezidentdan topshiriq oldim. Men safda qolaman. Oldingi safda. Bo‘lishim kerak bo‘lgan joyda. Qo‘limdan kelgancha», – dedi general.
Zelenskiy Drapatiyning Birlashgan kuchlar rahbari etib tayinlanishini izohlar ekan, bu «front bilan 100 foiz shug‘ullana olishi» uchun qilinganini aytdi.
Bir vaqtning o‘zida Zelenskiy Ukraina qurolli kuchlarining pilotsiz tizimlari va Desant-shturm qo‘shinlari qo‘mondonlarini almashtirdi.
Uchuvchisiz tizimlar kuchlari bir yil oldin tashkil etilgan – Ukrainada dronlarga ixtisoslashgan qo‘shin turi «dunyo tarixida birinchi marta» paydo bo‘lgani aytilgandi. Uning yangi rahbari etib Zelenskiy Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshida hududiy mudofaa kuchlari safiga kirgan va keyinchalik maxsus aerorazvedka bo‘linmasini yaratgan, Ukraina qurolli kuchlarida birinchi bo‘lib razvedka va hujum operatsiyalari uchun dronlardan foydalanishga ixtisoslashgan 49 yoshli sobiq tadbirkor Robert «Madyar» Brovdi tayinlandi.
Uchuvchisiz tizimlar kuchlarining sobiq qo‘mondoni (u ushbu qo‘shin turini tashkil etilganidan beri boshqargan) Vadim Suxarevskiy «Sharq» operativ qo‘mondonligi qo‘mondoni o‘rinbosari etib tayinlandi. Suxarevskiy ishdan bo‘shatilishiga izoh berar ekan, uchuvchisiz tizimlar kuchlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha qarashlari rahbariyatnikidan farq qilishini aytdi.
Polkovnik Oleg Apostol Desant-shturm qo‘shinlarining yangi rahbari bo‘ldi, u ilgari 95-alohida desant-shturm brigadasini boshqargan. Bu bo‘linma Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi operatsiyasida ishtirok etgandi.
Mavzuga oid

17:54
Ukraina bo‘ylab yopirilma zarbalar: 400 dan ortiq dron va 40 ta raketa uchirilgan

16:42
Ukrainalik bolalar dam olish va reabilitatsiya uchun O‘zbekistonga keldi

15:01
Tramp Rossiya va Ukraina haqida: «Ba’zida bolalarga biroz mushtlashishga qo‘yib bergan ma’qul»

14:25