Jahon | 13:44
1085
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ta’lim vazirligi Kolumbiya universiteti akkreditatsiyasini bekor qildi

Vazirlik universitetning antisemitizmga qarshi kurash choralarini yetarli emas deb topdi.

Foto: AP

Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universiteti endi «diskriminatsiyaga qarshi qonunlarni buzganlik» va «antisemitizmga qarshi kurashish uchun yetarlicha harakat qilmaganlik» uchun federal akkreditatsiya standartlariga javob bermaydi, dedi AQSh Ta’lim vazirligi.

Vazirlik o‘z bayonotida universitet rahbariyatini kampusda yahudiy talabalarni ta’qib qilish holatlariga yo‘l qo‘yganlikda va antisemitizm ko‘rinishlariga qarshi kurashish uchun yetarli choralar ko‘rmaganlikda aybladi.

AQSh ta’lim vaziri Linda Makmenning aytishicha, universitet 7 oktyabrdagi xurujlardan keyin «yahudiy talabalarga nisbatan ta’qiblarga qasddan e’tibor bermagan».

«Bu nafaqat axloqsizlik, balki noqonuniy», dedi Makmen.

Akkreditatsiya standartlari buzilgani sababli universitetga akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim muassasasi maqomini saqlab qolish uchun aniqlangan muammolarni tuzatish va federal qonunchilikka rioya qilish muddati berildi.

Avvalroq, 30 yanvar kuni AQSh prezidenti Donald Tramp antisemitizmga qarshi kurash to‘g‘risidagi farmonni imzolab, Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi namoyishlarning boshqa ishtirokchilari va chet ellik talabalarni deportatsiya qilishga va’da bergan edi.

Kolumbiya universitetining Manhettendagi asosiy kampusi AQShning Isroilni qo‘llab-quvvatlashi va G‘azodagi Isroil harbiy amaliyotlari tufayli yuzaga kelgan gumanitar inqirozga qarshi norozilik namoyishlari markazlaridan biriga aylandi.

O‘tgan yili Falastin bilan birdamlik namoyishlari butun mamlakat bo‘ylab o‘nlab universitetlarga tarqaldi, darslar bekor qilindi, ma’muriyatlar iste’foga chiqdi va namoyishchilar qo‘lga olindi yoki to‘xtatildi.

Mavzuga oid