Jahon | 09:41
2201
2 daqiqa o‘qiladi

RFda sudlangan amerikalik Tater Rossiyani tark etdi

AQSh fuqarosi Jozef Tater avvalroq politsiyachiga hujum qilganlikda ayblanib, majburiy davolanishga yuborilgan edi. Uning qayerdaligi aniq emas, deb yozadi TASS.

Foto: RIA Novosti

AQSh fuqarosi Jozef Tater Moskvadagi N.A.Alekseyev nomidagi psixiatriya klinik shifoxonasidan chiqarildi va Rossiyani tark etdi, deb xabar bermoqda TASS 6 iyun, juma kuni huquq-tartibot idoralaridagi manbalariga tayanib. Shifokorlarda «uni (Tater) klinikada ushlab turish uchun hech qanday sabab yo‘q edi, shuning uchun u ambulator davolanish uchun chiqarildi», deya ma’lum qildi tibbiyot vakillari agentlikka. «Tater qandaydir tarzda Moskvaning Meshchanskiy sudi qarori bilan majburiy davolanish uchun yuborilgan tibbiyot muassasasini tark etishga muvaffaq bo‘ldi. Hozirda amerikalik qayerda ekanligi aniq emas, u Rossiya Federatsiyasini tark etgan», — dedi agentlik manbasi.

Amerikalikning advokati Polina Vlasyuk «bu haqda hech narsa bilmasligini» aytdi. May oyida Reuters agentligi Rossiyada sudlangan AQSh fuqarolari ro‘yxatini e’lon qildi, ular Vashington Moskva bilan almashinuv doirasida qaytarilishi mumkin. Ro‘yxatga 46 yoshli Jozef Tater ham kiritilgan.

Tater 2024 yil avgustida Moskvada qo‘lga olingan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u Radisson Blu Olympiyskiy mehmonxonasiga kirish vaqtida janjal uyushtirgan, bo‘limga yetib kelganida politsiyachini urib yuborgan. Amerikalik hukumat vakiliga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llashda ayblangan (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 318-moddasi 1-qismi).

Mavzuga oid