Tramp Xitoy bilan savdo urushini hal etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishini ma’lum qildi
Muzokaralar 9 iyunda Londonda bo‘lib o‘tadi va u o‘zaro savdo masalalariga bag‘ishlanadi. AQSh tomonidan unda elchi, savdo va moliya vazirlari ishtirok etadi.

Foto: Getty Images
9 iyun kuni Londonda Xitoy va Amerika delegatsiyalari o‘rtasida o‘zaro savdo masalalariga bag‘ishlangan muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘i orqali ma’lum qildi.
«Moliya vaziri Skott Bessent, savdo vaziri Govard Latnik va AQSh savdo vakili, elchi Jyeymison Grir 2025 yil 9 iyun, dushanba kuni Londonda Xitoy vakillari bilan savdo kelishuvi masalalari bo‘yicha uchrashuv o‘tkazadi. Muzokaralar muvaffaqiyatli o‘tishi kutilmoqda. Ushbu masalaga e’tibor berganingiz uchun tashakkur!», — deb yozadi u.
Muzokaralar aprel oyida Vashington va Pekin o‘rtasida savdo urushi avj olganidan so‘ng yuzaga kelgan savdo munosabatlaridagi tanglikni yumshatish fonida o‘tkazilmoqda. May oyida tomonlar 90 kunlik vaqtinchalik kelishuvga erishgandi: AQSh Xitoy tovarlariga qo‘yilgan bojlarni 145 foizdan 30 foizgacha, Xitoy esa AQSh mahsulotlariga qo‘yilgan bojlarni 125 foizdan 10 foizgacha pasaytirgan.
Bessentning tan olishicha, vaqtinchalik sulhdan keyin savdo urushi bo‘yicha muzokaralar «biroz boshi berk ko‘chaga kirib qolgan».
Tramp Xitoyni savdo kelishuvini buzishda ayblagan. Respublikachining so‘zlariga ko‘ra, Amerika bojlari sabab Xitoy «jiddiy iqtisodiy xavfda qolgan» va Pekinni «qutqarish» uchun «tezkor bitim» tuzilgan. Ammo Jyenevadagi kelishuvlardan keyin vaziyat barqarorlashgach, Xitoy tomoni «odatdagi ishlari»ga qaytgan.
Xitoy ham qarshi e’tirozlarini bildirgan. Savdo vazirligining ma’lum qilishicha, Qo‘shma Shtatlar «bir qator diskriminatsion va cheklovchi choralarni» (masalan, sun’iy intellekt texnologiyalari uchun chiplar eksporti bo‘yicha qoidalarni kuchaytirish hamda xitoylik talabalar vizalarini bekor qilish) amalga oshirgan. Bu Jyenevada erishilgan kelishuvga putur yetkazgan.
Eslatib o‘tamiz, 5 iyun kuni AQSh prezidenti Donald Tramp va Xitoy rahbari Si Jinping telefon orqali muloqot qilgandi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, ikki yetakchi o‘rtasidagi suhbat taxminan bir yarim soat davom etgan. AQSh prezidenti suhbatni «juda yaxshi» deb atagan.
Mavzuga oid

16:03
AQSh sudi Harvard xalqaro talabalari uchun viza cheklovini vaqtincha to‘xtatdi

13:44
AQSh Ta’lim vazirligi Kolumbiya universiteti akkreditatsiyasini bekor qildi

12:02
Toshkentda O‘zbekiston-Xitoy transport fakulteti ochildi

11:52