Jamiyat | 18:53 / 07.06.2025
3086
2 daqiqa o‘qiladi

«Vagner» tarkibiga yollangan o‘zbekistonlik erkak sudlandi

U 2022 yil noyabrida Rossiyaning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi safiga qo‘shilgan, shundan so‘ng, Ukrainadagi jangovar harakatlarda qatnashgan.

Foto: Valentin Sprinchak / TASS

Rossiyaning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi safiga qo‘shilgan 25 yoshli O‘zbekiston fuqarosiga «Yollanish» moddasi bo‘yicha 5 yilga ozodlikni cheklash jazosi qo‘llandi. Bu haqda sud hukmi nusxasiga tayanib TASS xabar berdi.

Ish materiallariga ko‘ra, erkak 2021 yil iyul oyida pul ishlash maqsadida Rossiyaning Samara viloyatiga borgan va 2022 yil noyabrida «Vagner» safiga qo‘shilgan, shundan so‘ng, Ukrainadagi jangovar harakatlarda qatnashgan. Uning ismi-sharifi xabarda keltirilmagan.

2024 yil oktabr oyida u vataniga qaytganida huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan hibsga olingan. Uning telefonida harbiy harakatlarda ishtirok etganini tasdiqlovchi ma’lumotlar topilgan.

Sud 25 yoshli yigitni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-bandi («Yollanish») bilan aybdor deb topdi.

«Besh yil muddatga ozodlikni cheklash tarzidagi jazo tayinlansin», deyiladi hukm matnida.

O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, fuqaroning shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishiga 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi lozim.

Mavzuga oid