“Eshak go‘shti qo‘shilmaganmi?” – zaruratga aylanayotgan savol
Odamlar ko‘chadagi biror oshxonada ovqatlansa, oshpaz yoki ofitsiantdan yarim hazil, yarim chin aralash “Eshak go‘shti qo‘shilmaganmi?” deb so‘raydigan bo‘lishdi. Afsuski, bu savol o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Qashqadaryodan Toshkent shahriga olib kelinayotganda aniqlangan 361 kg eshak go‘shti voqeasi poytaxtga tonnalab iste’molga yaroqsiz go‘sht mahsulotlari kirib kelayotgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi.

Qozondan bir cho‘mich
25 may kuni Sirdaryoda 361 kilogramm eshak go‘shtini olib ketayotgan haydovchi to‘xtatib qolindi. Qarshi—Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan Lacetti mashinasi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Tekshiruv davomida mashinaning yukxonasidan go‘sht mahsulotlari topilgan.
Suhbat davomida haydovchi ushbu go‘sht mahsulotlari o‘ziga tegishli emasligini, balki uni aytilgan manzilga olib ketayotganini bildirgan.
Sirdaryo viloyati IIB JTSB karantin tadbirlarini ta’minlash guruhi xodimining so‘zlariga ko‘ra, transport vositasida noma’lum hayvonga tegishli 361 kilogramm go‘sht borligi aniqlangan. Ushbu go‘sht mahsulotlari Sirdaryo viloyati Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi laboratoriyasiga topshirilgan va ular eshak go‘shti ekani tasdiqlangan.
Hozirda holat yuzasidan Sirdaryo tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilayotgani bildirilgan.
Afsuski, bu holat qozondan bir cho‘mich xolos: Toshkent shahriga tonnalab eshak go‘shti olib kelinayotgan va bularning barchasi ham aniqlanmayotgan bo‘lishi mumkin.
“Kilosini 20 ming so‘mdan sotardim”
Eshak so‘yib sotishni kimlardir biznesga aylantirib olgan. Yaqinda shunday kimsalar jinoiy jazoga tortildi. Ya’ni Toshkent viloyatida eshak so‘yib sotgan va ushbu go‘shtni xarid qilgan yigitlar sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etildi.
Sud hujjatida keltirilishicha, 2025 yil 7 yanvar kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan Toshkent viloyatida tezkor o‘rganish o‘tkazilgan. Unda mahalla hududidagi qarovsiz dala shiyponida 23 ta tirik va 15 ta so‘yilgan holdagi eshak topilgan.
2025 yil 9 yanvar kuni Hikmat (materialdagi barcha ismlar o‘zgartirilgan) dala shiyponida eshaklarni so‘yib, go‘shtini iste’mol uchun o‘tkazish maqsadida olib ketayotganda Nurafshon shahri hududida ushlangan. Tadbir davomida u 200 kg eshak go‘shtini Toshkent shahrida yashovchi Asomiddinga kilosini 20 ming so‘mdan sotishga kelishganini aytgan. Hikmat o‘z ixtiyori bilan tezkor tadbirda ishtirok etishini ma’lum qilib, aybiga iqrorlik va pushaymonlik bildirgan.
Hikmatning arizasi asosida tadbir davom ettirilgan: Mirobod tumani hududida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Asomiddin Hikmatdan 193 kg eshak go‘shtini 3 mln 860 ming so‘mga sotib olgan vaqtida ushlangan. Shuningdek, tadbir davomida Asomiddinning yashash xonadonidan 60 kg noma’lum hayvon go‘shti topilib, protsessual tartibda rasmiylashtirilib olingan. Asomiddin Tolib bilan birga ushbu go‘shtni Parkent tumani, Guliston mahallasi hududidagi somsaxonada somsa tayyorlash va iste’molchilarga sotish maqsadida ishlatishi aniqlangan. Somsaxonadan 20 kg noma’lum hayvon go‘shti ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Tuman Hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi “salmanellyoz va ichak tayoqchalari ifloslanish darajasi o‘ta yuqori” bo‘lgani tufayli ushbu go‘sht mahsulotlari iste’molga yaroqsizligi haqida xulosa bergan.
Hikmat sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan.
“2024 yil dekabr oylarida ishlash maqsadida Toshkent shahriga keldim. Ish qidirib yurgan vaqtimda bir tanishim bilan qo‘ng‘iroqlashib, ish topolmayotganimni aytdim. U menga Asomiddinning telefon raqamini berib, eshak go‘shti sotib olishini, eshak so‘yib unga sotishim mumkinligini ma’lum qildi. Shundan so‘ng Asomiddinga qo‘ng‘iroq qildim. U menga eshak go‘shtining kilosini 20 ming so‘mdan sotib olishini bildirdi.
Toshkent viloyatining Pskent, O‘rta Chirchiq tumanlari hududlarida istiqomat qiluvchi mahalliy aholidan donasini 100-200 ming so‘mdan eshak sotib ola boshladim. So‘ngra ushbu eshaklarni so‘yish uchun joy qidirdim. Shunda Gallaquduq mahallasidagi eski ferma binosini topdim va cho‘pon bilan kelishdim. Unga eshak go‘shtini hayvonot bog‘iga topshirishimni aytib, yolg‘on gapirdim.
Eski fermaga jami 57 ta eshak olib borib qo‘ydim. 2024 yil dekabr oyidan 2025 yil yanvar oyiga qadar eshaklarning 32 tasini ferma hududida o‘zim so‘yib, go‘shtini Asomiddinga sotib keldim”, degan Hikmat o‘z ko‘rsatmasida.
U qilmishidan pushaymonligini, o‘ziga tegishli xulosa chiqarganini aytib, suddan yengillik so‘ragan.
Asomiddin ham sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan. U Hikmatga mol go‘shti sotib olishini aytganini, qilmishidan pushaymonligini ma’lum qilgan.
Tolib esa sudda Parkent tumani hududida somsa yopish bilan shug‘ullanishini, somsa uchun go‘shtni o‘zi Qo‘yliq dehqon bozoridan olib kelishini, kuniga 150-200 dona go‘shtli, 40-50 dona kartoshkali somsa yopishini aytgan.
Sud hukmi bilan Hikmat, Asomiddin va Tolib xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Hikmat va Asomiddinga 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish, Tolibga esa 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Muammo bor, yechim yo‘q
Kun.uz bir necha yil oldin ham Toshkent shahriga iste’molga yaroqsiz go‘sht mahsulotlari to‘siqsiz kirib kelayotgani haqida surishtiruv e’lon qilgandi.
Eshak go‘shti ortib olgan mashina Qashqadaryodan yo‘lga chiqib, Toshkent shahriga bemalol kirib kela olayotgan ekan, bu masalaga tegishli sohalarning faoliyat tizimida xatolik borligini ko‘rsatadi.
Oldingi surishtiruvimizda ham chorvachilik sohasini raqamlashtirish ishlari o‘lda-jo‘lda ekanligi tanqid ostiga olingandi. Ammo oradan 2 yil vaqt o‘tganiga qaramay bu borada o‘zgarishlar qilingani sezilmayapti.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 8 maydagi qarori bilan hayvonlarni tijorat maqsadlari uchun ixtisoslashtirilgan va mini so‘yish korxonalarida so‘ydirish majburiyligi belgilangan. Ruxsat etilmagan joylarda, shu jumladan uy sharoitida hayvonlarni tijorat maqsadlari uchun so‘yish qat’iyan taqiqlanadi. Ammo bu taqiqni kim nazorat qilishi mavhum. Qaysi qassob qachon va qayerda qanday hayvon so‘yganini bilish imkonsizligicha qolmoqda.
Shuningdek, ayrim hollarda eshak so‘yib sotganlar qo‘lga tushganda arzimagan jarima bilan suvdan quruq chiqib ketmoqda. Ularga hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish huquqbuzarligi bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilmoqda xolos. Bunday qilmish uchun belgilangan jazo choralarini ham qayta ko‘rib chiqish zarurati bor.
Bir so‘z bilan aytganda, faqatgina yo‘l poylash bilan Toshkent shahriga kirib kelayotgan eshak go‘shtlarini ushlab qolib bo‘lmaydi. Chunki har bir mashinaning yukxonasini ochib ko‘rish imkonsiz. Bu masalaga yechim topilmas ekan poytaxtga eshak go‘shti kirib kelaveradi va gohida somsa, gohida kabob bo‘lib odamlar oshqozoniga tushaveradi.
Mavzuga oid

10:21 / 08.06.2025
Orzudagi mundial yo‘llanmasi va qonun ustuvorligida pasayish - hafta dayjesti

21:03 / 04.06.2025
“Kilosini 20 ming so‘mdan sotardim” – eshak go‘shti sotib kelgan yigit iqrori

00:08 / 04.06.2025
Toshkentga 361 kg eshak go‘shtini olib ketayotgan Lacetti to‘xtatib qolindi

17:00 / 27.05.2025