Jahon | 20:46 / 09.06.2025
5526
8 daqiqa o‘qiladi

Tramp Los-Anjyelesdagi namoyishlarni bostirishga harakat qilmoqda – fotosuratlar

Norozilik aksiyalari ishtirokchilari migrantlarga qarshi reydlarga qarshi chiqqan. Kaliforniya hukumati ham bundan norozi.

Kaliforniyada uch kundirki Donald Trampning immigratsiya siyosatiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Tartibsizliklar Immigratsiya xizmati (ICE) xodimlari o‘nlab muhojirlarni qo‘lga olgan migratsiyaga qarshi reydlardan keyin boshlanib ketdi. Ayrim joylarda politsiya bilan to‘qnashuvlar ro‘y bergan: Los-Anjyelesda va uning janubida joylashgan Paramaunt shaharchasida namoyishchilar huquq-tartibot organlari avtomobillariga tosh va tuxumlar uloqtirgan.

Politsiya namoyishchilarga qarshi shovqinli granatalar va rezina o‘qlar qo‘llagan. AQSh prezidenti Donald Tramp 7 iyun kuni Milliy gvardiyani namoyishlarni bostirishga jalb etishga topshiriq berdi. Shu bilan birga, u buni shtat hukumati tomonidan tegishli so‘rovsiz amalga oshirdi, bu esa Los-Anjyeles meri Karen Bass hamda Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusomning noroziligini uyg‘otdi, ularning ikkisi ham Demokratik partiya vakillari hisoblanadi.

Harbiylar yuborilishi namoyishlarni to‘xtata olmadi. Migrantlarga qarshi reydlarga qarshi bo‘lganlarga shaharga Milliy gvardiya kiritilishiga qarshi bo‘lganlar ham qo‘shildi, deb yozadi CNN. To‘qnashuvlar chog‘ida politsiyachilar va jurnalistlar jabrlangan. 8 iyun kuni kechqurun Los-Anjyeles politsiyasi boshlig‘i Jim Makdonnell namoyishchilardan 10 nafari qo‘lga olinganini ma’lum qildi. «Meduza» Kaliforniyada nimalar bo‘layotgani aks etgan fotosuratlarni jamladi.

Los-Anjyelesda yonayotgan mashina fonida Samoa bayrog‘iga o‘ralgan namoyishchi. 2025 yil 8 iyun
Daniel Cole / Reuters / Scanpix / LETA
Paramauntdagi namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llangan. Los-Anjyeles janubida joylashgan ushbu shahar aholisi orasida Lotin Amerikasi mamlakatlaridan kelganlar ko‘p, ularning ba’zilari muhojirlarga qarshi reydlar paytida qo‘lga olingan. 2025 yil 7 iyun
Eric Thayer / AP / Scanpix / LETA
Paramauntdagi namoyish ishtirokchilaridan biri ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llanganidan keyin yuzini sut bilan yuvmoqda. 2025 yil 7 iyun
Apu Gomes / Getty Images / AFP / Scanpix / LETA
Norozilik aksiyasi ishtirokchilari va huquq-tartibot idoralari xodimlari Kompton shahridagi (Los-Anjyeles chekkasi) ICE migrantlarni saqlash markazi yaqinida, bu yerga reydlar paytida hibsga olinganlar joylashtirilgan. 2025 yil 7 iyun
Barbara Davidson / Reuters / Scanpix / LETA
Namoyishchilar Kompton shahridagi norozilik namoyishlarida huquq-tartibot idoralari xodimlariga qarata petardalar uloqtirmoqda. 2025 yil 7 iyun
Gina Ferazzi / Los Angeles Times / Getty Images
Los-Anjyelesdagi norozilik aksiyasi ishtirokchilari Waymo’ning haydovchisiz taksisiga hujum qilmoqda. Associated Press ma’lumotiga ko‘ra, tartibsizliklar chog‘ida jami to‘rtta shunday avtomobil yo‘q qilingan. 2025 yil 8 iyun
Robert Gauthier / Los Angeles Times / Getty Images
Los-Anjyelesda politsiya va namoyishchilar to‘qnashuvi. Butun shahar markazi «noqonuniy yig‘ilish joyi» deb e’lon qilindi.​​2025 yil 8 iyun
Daniel Cole / Reuters / Scanpix / LETA
Los-Anjyeles shahri meri va Kaliforniya shtati gubernatori shahar aholisini namoyishlar vaqtida zo‘ravonlikka qo‘l urishdan tiyilishga chaqirdi. «Tramp xaos bo‘lishini istamoqda va u zo‘ravonlik qilishga undaydi. Huquq-tartibot organlari xodimlariga hujum qiladiganlar yoki mulkka zarar yetkazadiganlar hibsga olinishi mumkin», — deya qayd etadi Gevin Nyusom. Los-Anjyeles, 2025 yil 8 iyun
Eric Thayer / AP / Scanpix / LETA
Los-Anjyeles markazida namoyishchilarning huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan to‘qnashuvi. Kaliforniya gubernatori 9 iyun kuni Trampning shtat rasmiylari so‘rovisiz Milliy gvardiyani jalb qilish to‘g‘risidagi qarori ustidan sudga murojaat qilishini aytdi.  2025 yil 8 iyun
Etienne Laurent / AFP / Scanpix / LETA
«Tramp aralashmaguncha bizda muammo yo‘q edi. Bu shtat suverenitetining jiddiy buzilishi – keskinlikni qo‘zg‘atish va resurslar aslida kerak bo‘lgan joydan chiqib ketishi», — deya yozgan demokrat gubernator Nyusom 9 iyunga o‘tar kechasi sudga murojaatini anons qilib. Fotoda — Los-Anjyelesdagi vaziyat, 2025 yil 8 iyun
Eric Thayer / AP / Scanpix / LETA
Tramp ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Milliy gvardiyaga Los-Anjyelesdagi «ajoyib ish» uchun minnatdorchilik bildirgan, gubernator va merni esa «layoqatsiz» deb atagan. «Bu buzg‘unchilar va puli to‘langan fitnachilar uyushtirgan bu radikal so‘l namoyishlarga TOQAT QILMAYMIZ. Bundan tashqari, bundan buyon namoyishlarda niqob taqishga RUXSAT BeRILMAYDI», — deya yozdi Tramp. Los-Anjyeles, 2025 yil 8 iyun
Jae C. Hong / AP / Scanpix / LETA
Los-Anjyelesdagi migrantlarni saqlash markazi yaqinidagi trassada yo‘l politsiyasi patrul mashinalari va norozilik namoyishlari. 2025 yil 8 iyun
Eric Thayer / AP / Scanpix / LETA
CNN’ning huquq-tartibot organlaridagi manbasi namoyishchilar orasida Trampning migratsiya siyosatiga qarshilar ham, Milliy gvardiyani shaharga kiritish qaroriga qarshilar ham, shuningdek ataylab politsiya bilan ziddiyatga kirishishni istaydigan «professional isyonchilar» ham borligini aytgan. Los-Anjyeles, 2025 yil 8 iyun
Mike Blake / Reuters / Scanpix / LETA
Otliq politsiya Los-Anjyeles ko‘chalarida. Kaliforniya hukumati tartibsizliklarni mustaqil bartaraf eta olishini ma’lum qilgan. Los-Anjyeles shahri mer Trampning Milliy gvardiyani jalb etish qarorini «xavfli eskalatsiya» deb atagan. Shu bilan birga, Karen Bass norozilik bildirishni istovchilarni, buni tinch yo‘l bilan qilishga chaqirgan. Los-Anjyeles, 2025 yil 8 iyun
David Swanson / Reuters / Scanpix / LETA
CNN’ning huquq-tartibot organlari va razvedka bo‘yicha bosh tahlilchisi Jon Miller hisoblashicha, namoyishchilar orasida «anarxistlardan iborat tajribali guruhlar» bo‘lib, ular olomon orasiga kirib, keyin provokatsiya uyushtirishning hadisini olishgan. Los-Anjyeles, 2025 yil 8 iyun
Etienne Laurent / AFP / Scanpix / LETA
Tramp ma’muriyatida «chegara hukmdori» lavozimini egallagan Tom Homan 7 iyun kuni NBC News bilan suhbatda Kaliforniyada migrantlarga qarshi reydlar davom ettirilishini aytib, huquq-tartibot organlariga xalal beruvchilar, jumladan shtat gubernatori hamda Los-Anjyeles shahri meri hibsga olinishi bilan tahdid qilgandi. «Meni hibsga ol. Kel, buni shunchaki hal qil. Menga baribir», — deya unga javob qaytardi ijtimoiy tarmoqlarda gubernator. Fotoda — Los-Anjyeles meriyasi atrofidagi barrikadalar. 2025 yil 8 iyun
Etienne Laurent / AFP / Scanpix / LETA
Trampning Milliy gvardiyani jalb etish qarorini so‘nggi vaqtlarda AQSh prezidenti bilan ochiqchasiga nizolashayotgan Ilon Mask ham qo‘llab-quvvatladi. Mask X ijtimoiy tarmog‘ida Tramp Kaliforniya gubernatori hamda Los-Anjyeles meridan uzr so‘rashni talab qilgani haqidagi postni bo‘lishdi. Shuningdek, Mask o‘z lentasiga vitse-prezident Jyey Di Vensning postini joylashtirgan, siyosatchi unda Tramp «tartibsizlik va zo‘ravonliklarga toqat qilmasligi» va «hozirgi vaziyat qat’iy yetakchilikni talab qilishi» haqida yozgandi. Fotoda Los-Anjyelesdagi holat, 2025 yil 8 iyun
Jim Vondruska / Getty Images / AFP / Scanpix / LETA

Mavzuga oid