Jamiyat | 21:24 / 09.06.2025
11843
6 daqiqa o‘qiladi

“Urushga borishni xohlamaganlarni otib tashlashdi” – “Vagner”ga yollangan yigit hikoyasi

Angren shahar bandlik bo‘limi tavsiyasi bilan ishlash maqsadida Rossiyaga borgan 21 yoshli yigit muammolar girdobiga tushib qolgan: u giyohvand modda savdosida ayblanib, qo‘lga olingan va uzoq muddatga qamalgan. “Tuhmat qilishdi, haq ekanimni u yerda hech kimga isbotlab berolmadim. Qamoqxonaga “Vagner” vakillari kelib, 200 nafarga yaqin mahkumni roziligisiz urushga olib ketdi. Ularning 100 nafari o‘zbekistonlik edi”, degan yigit.

Foto: AP

“Vagner”ga yollanib, 6 oy Rossiya-Ukraina urushida qatnashgan yosh yigit jinoiy jazoga tortildi. U urushga borishga majbur bo‘lganini aytgan.

Kun.uz o‘rgangan sud hukmida keltirilishicha, 2000 yilda tug‘ilgan U.M. 2021 yil 28 iyul kuni ishlash maqsadida Rossiyaning Samara oblastiga borgan. Yigit u yerda giyohvand moddalar savdosida ayblanib, sud hukmi bilan 8,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

U.M. Samara oblastidagi qamoqxonada jazo muddatini o‘tash davrida “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasiga yollangan. Yigit 6 oy davomida Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan. Unga buning uchun Rossiya fuqaroligi, pul va 3 ta medal berilgan. U.M. 2024 yil oktyabr oyi oxirida O‘zbekistonga qaytib kelgan.

Yigit sudda aybiga iqrorlik bildirgan hamda urushga borishga majbur bo‘lganini aytgan.

2019 yilda maktabni tamomlaganimdan so‘ng 2021 yilga qadar Angren shahar hududida kirakashlik qildim. 2021 yil iyun oyida ish topish maqsadida mahalla idorasiga bordim. Mahalla raisi menga mehnat birjasiga borishimni aytdi. Angren shahar mehnat birjasiga bordim. U yerdagi xodim Rossiyaning Moskva oblastidagi “Delovaya liniya” nomli pochta xizmati omborxonasida yuk tashuvchilik bo‘yicha ish borligini aytdi. “Delovaya liniya”da oylik 75 ming rubl ekanini bildim va taklifga rozi bo‘ldim. Hujjatlarni yig‘ib bo‘lganimdan so‘ng Toshkent shahriga suhbatga bordim.

2021 yil 28 iyul kuni birja tomonidan 15-20 kishi ishlash maqsadida Rossiyaga uchib ketdik. Bizni aeroportda 2-3 kishi kutib oldi hamda Moskva oblastining Podolskiy posyolkasidagi yotoqxonaga olib borishdi. Patent chiqqanidan so‘ng omborxonalardan biriga yuk taxlovchi bo‘lib ishga kirdim. Oradan 3 kun o‘tib, Tohir ismli tarjimon bu yerda ish yo‘qligi, 5 kishini Samara oblastiga yuborishini aytdi va poyezdga chipta olib berdi.

Samara shahrining Kirov rayoniga bordik. Tojikistonlik Farid ismli shaxs registratsiya uchun 8 ming rubldan pul so‘radi. Pulimiz yo‘qligini aytdik. Farid pullaring bo‘lmasa tekinga bir hafta ishlab berasizlar, dedi. Biz rozi bo‘ldik.

2021 yil 11 sentabr kuni buyurtmani olib ketayotganimda politsiya xodimlari to‘xtatishdi. 4-5 xodim o‘zlarini tanishtirmasdan telefon va boshqa narsalarimni olib qo‘yishdi. So‘ngra qo‘limga kishan solgan holda uncha uzoq bo‘lmagan binoga olib borishdi. Narsalarimni tintishganida dostavka qutisidan yashil rangli sellofan paketni topishdi va uning ichidagi geroin ekanini aytishdi”, degan yigit suddagi ko‘rsatmasida.

Shundan so‘ng U.M.ni 2 oy davomida tergov hibsxonasida saqlab turishgan. So‘ngra sud hukmi bilan 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

2022 yil oktyabr oyida jazoni ijro etish muassasasiga “Vagner” vakillari kelib, mahkumlarni yig‘ishdi. Ular rus millatiga mansub mahkumlarni alohida, boshqalarni alohida qilib saflashdi. Rus millatiga mansub mahkumlardan ularning roziligi bilan Rossiya-Ukraina urushiga borishni xohlovchilarni ajratib olishdi. Boshqa mahkumlarga ham Rossiya-Ukraina urushiga borishlarini aytishdi. Shunda 10-15 nafar mahkum urushga bormasligini ma’lum qildi. “Vagner” vakili urushga borishni xohlamagan 3 kishini oldiga chaqirib, barchasini otib tashladi.

Shundan so‘ng jazo muddatini o‘tayotgan o‘rta osiyolik mahkumlardan 200 nafarga yaqin kishini roziligisiz olib ketishdi. Ular orasida men ham bor edim. Shundan taxminan 100 nafari o‘zbekistonlik bo‘lgan.

Bizni Donetsk oblastidagi o‘quv lageriga olib borib, 1 hafta davomida harbiy mashqlarni, qurol ishlatish tartiblarini o‘rgatishdi. Dastlab bizni Baxmut shahrini egallash uchun yubormoqchi bo‘lishdi. Biroq u yerga oldin yollangan shaxslarni yuborishdi. Biz esa Soledarda okop qazidik. Bundan tashqari, jangda o‘lganlarni agar jyetoni bo‘lsa, jang maydonidan olib chiqib, qabristonga ko‘mardik. Jyeton bo‘lmagan murdalar o‘sha yerning o‘zida qolib ketardi. Jang vaqtida ortga chekinganlarni “Vagner” vakillari namoyishkorona otib tashlashardi”, degan yigit.

U.M. Ukrainaning minomyot zarbasi oqibatida chap oyog‘ining boldir qismidan jarohat olgan. Davolanishdan so‘ng unga Rossiya fuqaroligini olishi uchun ma’lumotnoma berishgan. U 2024 yil oktyabr oyi oxirida O‘zbekistonga qaytib kelgan.

U.M. sud hukmi bilan Jinoyat kodeksining 154-moddasi (yollanish) 1-bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Oldinroq Rossiya armiyasiga yollangan 21 yoshli yigitning ozodligi 4 yilga cheklangani xabar qilingandi.

Mavzuga oid