Xitoyda global pandemiyaga olib kelishi mumkin bo‘lgan yangi koronavirus aniqlandi
Virus oqsil tikanchalaridagi kichik o‘zgarish unga insonning tomoq, og‘iz va burnidagi ACE2 hujayralariga yopishib olish imkonini beradi.

Foto: Reuters
Xitoyda HKU5-CoV-2 deb nomlangan koronavirusning yangi varianti aniqlandi — u yangi pandemiyaga olib kelishi mumkin bo‘lgan xavfli mutatsiyaga juda yaqin. Bu haqda amerikalik olimlar tadqiqotiga tayanib, The Independent xabar berdi.
HKU5-CoV-2 o‘lim holati 34 foizgacha yetadigan Yaqin Sharq respirator sindromi virusi hisoblanuvchi xavfli MERS-CoV — merbekovirus oilasiga mansub. Vashington shtati universiteti olimlar guruhining tadqiqot natijalariga ko‘ra, koronavirusning yangi varianti COVID-19’ga qaraganda ko‘proq hayvonlarga yuqishi va turlar orasida tarqalish bo‘yicha katta potensialga ega bo‘lishi mumkin. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, virus oqsil tikanchalaridagi kichik o‘zgarish unga insonning tomoq, og‘iz va burnidagi ACE2 hujayralariga yopishib olish imkonini beradi. «HKU5 uzoq vaqt davomida yetarlicha o‘rganilmagan edi, biroq bizning ma’lumotlarimiz shuni ko‘rsatmoqdaki, virusning inson organizmiga kirish qobiliyatiga ega bo‘lishi uchun atigi bir qadam qolgan» — deydi tadqiqotning yetakchi muallifi professor Maykl Letko.
Hozirda yangi turdagi virus bunday qobiliyatga ega bo‘lmagan, ammo u allaqachon ko‘rshapalaklarning hujayralarini samarali zararlay oladi. HKU5 «muvaffaqiyatli» mutatsiyaga uchrasa, u insonning nafas olish yo‘llari bilan birga, ichaklarida ham ko‘paya oladi.
Tadqiqot davomida olimlar HKU5 virusining «spayk» oqsilini o‘z ichiga olgan genetik modifikatsiyalangan psevdoviruslardan foydalangan. Ular ACE2 retseptorlariga ega bo‘lgan hujayralarga — ko‘rshapalak va insonlarnikiga yuborilgan. Ma’lum mutatsiyalar yuborilgach, virus inson hujayralariga kirishni boshlagan.
Oldinroq xitoylik olimlar HKU5 variantlaridan biri allaqachon insonning ACE2 hujayralari bilan bog‘lanish qobiliyatiga ega bo‘lganini ma’lum qilgandi. Bu virusning tashuvchi hayvonsiz ham insonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuqishi mumkinligini anglatadi.
Shunga qaramay, olimlarning ta’kidlashicha, hozirda virus odamlar orasida tarqalganiga oid ma’lumotlar yo‘q. Ammo ular ustidan nazorat davom ettirilishi lozim, ayniqsa, Xitoyning yovvoyi hayvonlar bilan savdo qilinadigan ayrim mintaqalarida, chunki u yerlarda virusning odamga «sakrab o‘tishi» xavfi yuqori.
Mavzuga oid

18:26
Xitoydagi muhim imtihonlar paytida sun’iy intellekt ilovalari o‘chirib qo‘yildi

12:02 / 07.06.2025
Toshkentda O‘zbekiston-Xitoy transport fakulteti ochildi

00:45 / 07.06.2025
Tramp Xitoy bilan savdo urushini hal etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishini ma’lum qildi

18:56 / 06.06.2025