Sport | 18:33 / 10.06.2025
4199
6 daqiqa o‘qiladi

Mundial umidi: ko‘plarni yig‘latgan orzu haqida

O‘zbekiston milliy jamoasi nihoyat futbol bo‘yicha jahon chempionatiga chiqdi. Quyida mundial yo‘llanmasi o‘zbek futboli uchun qanchalik muhim ekani, bu yo‘llanma futbolimiz tarixidagi barcha futbolchilarning umumiy g‘alabasi ekani haqida o‘z fikrimni bildirmoqchiman.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Kalaka qilingan futbolimiz...

Biz futbol jurnalistikasidan chiqqan yigitlarmiz. Biz uchun futbol o‘zgacha narsa. Avvalgi videolardan birida aytganimdek – hayotning yorug‘ tomoni. Boshqa avlod vakillariga hurmat saqlagan holda aytmoqchiman: bu yo‘llanma bahraynlik Mahmud Abdulrahmon yig‘latgan bizning avlod uchun ayniqsa juda qadrli. Axir biz «Futbolingni qo‘y, boks zo‘r», deydigan ur-yiqit tarafdorlari bilan ozmuncha talashdikmi.

Hech esimdan chiqmaydi, 2011 yilgi Osiyo kubogi vaqtida qishloqda doimgidek «svet» o‘chandi. Biz radioda sport kanalini yoqdik-da, uni qo‘limizga olib butun qishloq yig‘ilib o‘yinni ko‘rayotgan joyga qarab yugurdik. Yo‘lda O‘zbekiston madhiyasi boshlanib qoldi. Yo‘lma-yo‘l yugurib madhiya aytganimizni ko‘rgan odamlar kulgandi. O‘sha kuni Avstraliyaga 0:6 hisobida yutqazdik...

Maktab davrimiz futbolimiz kalaka qilinishini ko‘rish bilan o‘tdi. Axir chindan doim katta o‘yin vaqtida nimadir bo‘lib mag‘lub bo‘lardik. Milliy jamoamiz safida xorijliklarga pasport berib o‘ynatishganidek sharmandaliklarni ham ko‘rdik. Eldor boshchilik jamoamiz millionlab muxlislarni mana shunday xo‘rliklardan qutqarishdi, endi bizning ko‘kragimizga ham shamol tegdi.

Bu hammaning g‘alabasi

O‘zbekiston mundialga chiqishida saralash bosqichida qatnashgan barchaning xizmati katta bo‘ldi. Shaxsan men bu yo‘lda eng katta ishni Srechko Katanets qildi deb hisoblayman. U jamoaga xarakter olib kirdi, odatda oxirgi daqiqalarda gol qo‘yib yuboradigan O‘zbekiston endi oxirgi daqiqalarda gol uradigan bo‘ldi. Kapadze ham qiyin pallada tizginni qo‘ldan chiqarmadi. Eldorning yetakchiligi, Abbosning sermahsulligi, Alijonovning reydlari Otabek va Odilning sovuqqonligi, O‘tkirning super o‘yinlari bizni tarixiy mundialga olib chiqdi...

Lekin unutmang, bu g‘alabada o‘zbek futboli tarixidagi barchaning hissasi bor. Bu biz hamon futboldan ketib murabbiylikka o‘tganini qabul qilolmaydigan Mirjalolning, yuzini raqib butsasiga qo‘yishga qo‘rqmaydigan Baxtiyor Ashurmatovning, Rossiyada uni o‘zbek deb chaqirishlaridan faxrlanadigan Kolya Shirshovning, 1999 yil Mirjalolning uzatmasidan keyin BAAni o‘z uyida zor yig‘latgan Maksim Shatskixning g‘alabasi.

Bu yo‘llanma iroqlik futbolchining provakatsiyasiga chidolmay qizil kartochka olgan Asror Aliqulovniki, Eronni yenggan tarixiy o‘yinimizda hakamni quchoqlagan Aziz Haydarovniki, yoshi katta futbolchilar yugurmaslikda ayblagan, lekin maydonda doim hammadan ko‘p yugurgan Odil Ahmedovniki, biz uchun doim eng sevimli bo‘lib qoladigan Sasha Geynrixniki, doim to‘p darajada bo‘lgan Server Jeparovniki...

Bu yo‘llanmada Osiyo kubogiga 2-raqamda borib, bittagina o‘yinda qatnashib tarix yaratgan Ulug‘bek Baqoyevning, futbolimizning eng tezkor vakili Jasur Hasanovning, Yaponiyaga tarixiy golni urgan marhum Aleksandr Shadrinning, Koreya bilan o‘yindan keyin nohaq ayblangan Akmal Shorahmedovning, imkoniyatni yo‘qotganimizni jurnalistdan bilgani uchun noqulay ahvolga tushgan, bemaza muxlislar nohaq haqoratlagan, hamon futbol o‘ynayotgan Anzur Isloilovning ham hissasi bor.

Men hozir eslolmayotgandirman, lekin ishoning, bu yo‘llanma O‘zbekiston chempionatlarida zo‘r o‘ynagan, hatto to‘purar bo‘lgan, lekin milliy jamoaga chaqirilmagan juda ko‘p o‘yinchilarning ham g‘alabasi. Futbol oilasini doim kalaka qilib kelishdi, futbolingiz hech narsaga yaramaydi, deyishdi. Lekin o‘shanda ham futbolimiz darajasiga shubha qilmagan millionlab muxlislar bugun mukofotlanishdi. Haqli tarzda...

Bu – dunyo futboli uchun ham alohida natija. Chunki endi mundialda qonida futbol oqadigan yana bir millat vakillari debyut qiladi. Bu butun futbol olamizning – bizga sakkizta gol urgan yaponlar, yo‘llanmani qo‘limizdan tortib olgan Toshimitsu Yoshida, o‘sha paydagi OFK mulizimlari va Mahmud Abdulrahmondan boshqa hammaning bayrami. Afsuski, biz ularni kechira olmaymiz...

Va, azizlar, bu yo‘llanma o‘zbek jurnalistikasi arslonlari, eng og‘ir pallada ham so‘z erkinligi atalmish uchqun o‘chib qolishiga yo‘l qo‘ymagan futbol jurnalistlarining bayrami. Qanchadan-qancha ustozlarimiz bu kunlarni ko‘rolmay o‘tishdi, lekin ularning qilgan tanqidlari bugun o‘z saramasini berdi. Shunday ekan, do‘stlar, endi bayram qilaylik, xalqimiz bu yaxshi kunga hammadan ko‘proq munosib edi. Yashasin O‘zbekiston!

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi

Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid