O‘zbekiston | 19:00 / 10.06.2025
1291
3 daqiqa o‘qiladi

“O‘zmetkombinat” CDP xalqaro baholash tizimida ikki pog‘ona yuqorilab, “B” darajasiga erishdi

O‘zbekistondagi qora metallurgiya sohasida yetakchi sanaluvchi “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” AJ (RSE: UZMK) iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash sohasidagi sa’y-harakatlari uchun xalqaro CDP (Carbon Disclosure Project) baholash tizimida “B” darajasini qo‘lga kiritdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgi natijalarga nisbatan ikki pog‘ona yuqori ekanini anglatadi.

CDP – iqlim o‘zgarishi, suv va o‘rmon resurslarini muhofaza qilish bo‘yicha dunyodagi eng nufuzli ESG reyting platformalaridan biri hisoblanadi. 2024 yil baholashida dunyo bo‘ylab 22 mingdan ziyod kompaniya ishtirok etdi.

Kombinatga berilgan “B” bahosi — tashkilot iqlim o‘zgarishiga qarshi muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, “O‘zmetkombinat” AJning natijalari nafaqat global o‘rtacha darajadan, balki dunyodagi metallurgiya kompaniyalari o‘rtasidagi o‘rtacha sanoat ko‘rsatkichidan ham yuqori ekani ta’kidlandi. 2023 yilda ushbu baholash doirasida “B” darajasi Markaziy Osiyoda qayd etilgan eng yuqori natija bo‘lgan.

Alohida toifalar kesimida CDP “O‘zmetkombinat” AJni quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha “A” va “A-” baholari bilan taqdirladi:

· korporativ boshqaruv va xavf-xatarlar boshqaruvi,

· issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish,

· past uglerodli mahsulotlar ishlab chiqarish,

· davlat va tarmoq tashkilotlari bilan hamkorlik,

· qiymat yaratish zanjirida chiqindilarni boshqarish (scope 3).

“O‘zmetkombinat” AJning 2024 yilda CDP baholash doirasidagi natijalari 

“Iqlim o‘zgarishi masalalarini boshqarish sohasidagi yutuqlarimiz uchun CDP tomonidan bunday yuksak xalqaro e’tirofga sazovor bo‘lishimiz biz uchun katta sharafdir. Bunday e’tirof o‘z oldimizdagi va butun metallurgiya sanoati hamda umuman O‘zbekiston uchun ekologik javobgarlik bo‘yicha yanada yuksak standartlarni belgilab, olg‘a harakat qilishda davom etishimiz uchun ishonch va motivatsiya beradi”, - dedi Boshqaruv raisi – bosh direktor D.T. Ahmedov.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, “O‘zmetkombinat” AJning CDPdagi yuksak bahosi nafaqat kompaniyaning, balki O‘zbekiston va mintaqaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilishi mumkin.

Ma’lumot uchun: CDP — 2000 yilda Buyuk Britaniyada tashkil etilgan mustaqil notijorat tashkilot bo‘lib, uning platformasi orqali 2024 yilda dunyo bo‘ylab 22 mingdan ziyod kompaniya o‘z ma’lumotlarini oshkor qilgan. Tashkilotni umumiy aktivlari 142 trillion dollardan ziyod bo‘lgan 700 dan ortiq yirik investorlar qo‘llab-quvvatlaydi.

Batafsil ma’lumot: www.cdp.net

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid