“Yangi prezident mehnat immigratsiyasini kengaytirishi mumkin” - koreyalik professor bilan suhbat
3 iyun kuni Janubiy Koreyada muddatidan avval bo‘lib o‘tgan saylovda muxolifat, ya’ni demokrat partiyadan nomzod Li Jye Myon g‘alaba qozondi. Xo‘sh, u AQSh, Shimoliy Koreya va O‘zbekiston bilan qanday siyosat olib boradi? Kun.uz muxbiri “Geosiyosat” dasturida Janubiy Koreyaning Hankuk xalqaro universiteti Markaziy Osiyo fakulteti rahbari Li Ji-Eun bilan suhbatlashdi.

— Bu safargi saylov natijalari nisbatan kichik farq bilan yakunlangani Koreya jamiyatidagi siyosiy bo‘linishni qanday aks ettiradi?
— Ha, darhaqiqat, bu yilgi saylovda juda ko‘pchilik ovoz berdi. Butun mamlakat bo‘yicha saylovda ishtirok etish darajasi 79,4 foiz bo‘ldi, Li Jye Myon ovozlarning 49 foizdan ko‘prog‘ini olib, jami 17,28 million ovoz to‘pladi.
50 million aholiga ega mamlakatda saylov huquqiga ega bo‘lgan deyarli barcha odamlar ovoz berdi. Siz aytganingizdek, birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan nomzodlar orasidagi farq juda kichik. Bu Koreyadagi demokratiya va fikrlar xilma-xilligini ko‘rsatadi. Koreya tarixidagi eng ko‘p ovoz to‘plagan prezident — aynan Li Jye Myon bo‘ldi. Biroq siz aytganingizdek, ikkinchi o‘rinni olgan nomzod ham kutilganidan ancha ko‘p ovoz oldi. Bu esa so‘nggi paytlarda siyosiy mafkura va yo‘nalishlar bo‘yicha ixtiloflar kuchayganini ko‘rsatadi. Natijada Koreya jamiyati katta badal to‘ladi.
Demokratik jamiyatda siyosiy qarashlarning xilma-xilligi tabiiy va hurmat qilinishi kerak. Ammo bu to‘qnashuvlar zo‘ravonlikka aylanadigan yoki hokimiyat egasi vakolatni suiiste’mol qiladigan bo‘lsa, u jamiyat zaiflashadi. So‘nggi olti oy ichida Koreya aynan shunday holatni boshdan kechirdi. Kecha prezident Li Jye Myonni omma bilan muloqot marosimida bu ixtiloflarni bartaraf etish va bo‘lingan jamiyatni birlashtirish, ya’ni “katta birlashuv”ni amalga oshirish niyatida ekanligini ta’kidladi.
Siyosiy qarashlar farqli bo‘lsa-da, xalqning tinch va farovon hayot kechirishi, Koreya yarimorolida tinchlikni ta’minlash, xalqaro miqyosda Koreyaning nufuzini oshirish kabi umumiy maqsadlarda hamma yakdil. Shuning uchun yangi prezident xalq istaklarini jamlab, ushbu maqsadlarni amalga oshirishga harakat qiladi, degan umiddamiz.
— Muxolifat nomzodining g‘alabasi Koreyaning tashqi siyosatiga, ayniqsa AQSh, Shimoliy Koreya, shuningdek O‘zbekiston bilan munosabatlariga qanday ta’sir qilishi mumkin?
— Prezident Li Jye Myonning saylovoldi dasturiga nazar tashlasak, unda amaliy yondashuv (pragmatizm) ko‘p uchraydi. Ya’ni Koreya va koreys xalqi manfaatlari uchun amaliy qarorlar va siyosat yuritish asosiy g‘oya hisoblanadi. Tashqi siyosat ham aynan shunday yo‘nalishda bo‘ladi deb o‘ylayman.
Birinchidan, Shimoliy Koreya bilan muloqotni tiklab, Koreya yarimorolida tinchlik o‘rnatishga intiladi. Oddiy xalq uchun tinchlikdan muhimroq narsa yo‘q. Yaqinda biz Rossiya-Ukraina urushi, Isroil-Falastin urushi, Hindiston-Pokiston mojarolari kabi bir qancha keskin to‘qnashuvlarga guvoh bo‘ldik. Bu urushlar oddiy odamlarning hayotini qanday vayron qilayotganini ko‘rib turibmiz. Shu sababli yangi prezident eng avvalo yarimorolda tinchlikka erishishga harakat qiladi.
Shuningdek, bilamizki, AQSh – Koreya uchun harbiy, xavfsizlik va savdo sohalarida muhim hamkor hisoblanadi. Lekin shu bilan birga, atrofimizdagi Xitoy, Yaponiya va Rossiya ham Koreya uchun juda muhim davlatlardir. Oldingi hukumat davrida AQShga haddan tashqari bog‘liq bo‘lgan siyosat yuritilgan bo‘lsa, endi yangi hukumat Markaziy Osiyo mamlakatlari, shuningdek, Koreya bilan tarixan yaqin aloqalarni saqlab kelgan O‘zbekiston kabi mamlakatlar bilan pragmatik tashqi siyosat olib borib, ko‘p tomonlama hamkorlikni kuchaytiradi, deb o‘ylaymiz.
Koreya hukumati AQSh bilan aloqalarni muhim deb hisoblab kelgan. Prezident Li Jye Myon ham AQSh bilan aloqalar muhimligini ta’kidlaydi, lekin Amerikada ham yaqinda prezident almashdi va ko‘plab o‘zgarishlar yuz beryapti. Masalan, Trampning tariflar bilan bog‘liq siyosati sabab muammolar boshqa mamlakatlar kabi Koreyani ham chetlab o‘tgani yo‘q. Hokimiyatga endi kelgan Li Jye Myon AQShning siyosatini ko‘r ko‘rona qo‘llab-quvvatlamaydi, deb o‘ylayman.
Fikrimcha, Amerika bilan bir qatorda Yaponiya, Xitoy va Tayvan kabi mamlakatlar bilan ko‘p tomonlama siyosat olib boradi. Shuningdek, Rossiya va Xitoy mamlakatlari bilan munosabatlar ham iliqlashishi mumkin. Aslida Xitoy va Rossiyaning ham Koreya tashqi savdo aylanmasida ulushlari kam emas. Shuning uchun barcha mamlakatlar bilan muvozanatga asoslangan siyosat yuritiladi deb o‘ylayman.
Men bunday ko‘p vektorli siyosatni O‘zbekiston ham olib borayotganini ko‘ryapman va Koreya ham aynan bir katta mamlakatga siyosiy va iqtisodiy bog‘lanib qolmay ko‘p vektorli siyosat olib boradi deb umid qilaman.
— Demokratik partiya hokimiyatga kelar ekan, Koreya va O‘zbekiston munosabatlarida qanday o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin?
— O‘zbekiston – Koreyaning asosiy hamkor davlatlaridan biri. Shu sababli 2019 yilda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. Bunday munosabat Markaziy Osiyo davlatlari orasida faqatgina O‘zbekiston bilangina mavjud.
Oldingi hukumat davrida ham aloqalar yuqori darajada edi, masalan o‘tgan yili O‘zbekistonga davlat tashrifi amalga oshirildi va prezidentlar darajasida ham muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi.
Kelgusida hamkorlik qilish kerak bo‘lgan ko‘plab yo‘nalishlar mavjud. Avvalo, O‘zbekiston hozirda rivojlanish uchun yangi turtki izlamoqda. Raqamlashtirish asosiy masalaga aylangan. Bu borada Koreya dunyodagi ilg‘or texnologiyalarga ega. O‘zbekiston esa hozirda Markaziy Osiyodagi eng ta’sirli davlatga aylanib boryapti.
Endi nafaqat Koreya––O‘zbekiston ikki tomonlama hamkorligida, balki Koreya–Markaziy Osiyo ko‘p tomonlama muloqotida ham O‘zbekiston faol ishtirok etishiga umid qilamiz.
— Prezident Li Jye Myonning migratsiya siyosatini qanday taxmin qilasiz?
— Bizning mamlakat juda tez sur’atda qarib bormoqda. Ayniqsa, Koreyaning viloyatlarida xorijlik ishchilar zarur. O‘zbekistonliklar soni Koreyada allaqachon 100 ming nafar atrofida. Mamlakatimizdagi O‘zbeklar chet elliklar orasida uchinchi yoki to‘rtinchi o‘rinda turadi, taxminan ularning soni 94 mingdan ortiq.
Ular butun Koreya bo‘ylab o‘z jamoalarini shakllantirib, jamiyatga yaxshi moslashib yashamoqda. Shuning uchun yangi hukumat immigratsiya siyosatiga sezilarli e’tibor qaratadi, deb o‘ylayman. Koreyada o‘zbekistonliklar soni ortib borayotgani bois O‘zbekiston Koreya uchun muhim davlat sifatida qabul qilinadi va sanoat amaliyoti, mehnat immigratsiyasini kengaytirish yo‘nalishida harakat qilinadi, deb taxmin qilyapman.
— Yangi prezident O‘zbekistonga tashrif buyurishi mumkinmi?
Men tez orada O‘zbekiston prezidenti va Koreyaning yangi rahbari uchrashadi deb o‘ylayman. O‘tgan yili Janubiy Koreya prezidenti O‘zbekistonga tashrifini amalga oshirgan edi, shuning uchun javob tariqasida O‘zbekiston yetakchisi Seulga javob tashrifni uyushtirishi ham mumkin. Agar unday bo‘lmasa-da o‘tgan yilgi prezidentlar uchrashuvida Janubiy Koreya va Markaziy Osiyo rahbarlari uchrashishiga kelishilgan edi. Afsuski, bizning mamlakatimizdagi siyosiy beqarorlik sabab ushbu tashabbus amalga oshmagan edi. Menimcha ushbu tadbir Seulda tashkil etiladi va shunda davlatlarimiz rahbarlari uchrashishi uchun imkon bo‘ladi. O‘zaro diplomatik aloqalarni yaxshilash orqali tez orada oliy darajadagi uchrashuvlar bo‘lishini intiqlik bilan kutib qolaman.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid

14:02
🔴 LIVE: AQShdagi mojaro, G‘azodagi qamal va Isroilga sanksiyalar – “Geosiyosat” muloqoti

13:11 / 07.06.2025
“O‘rgimchak to‘ri”ga Rossiyaning javobi qanday bo‘ladi?

19:55 / 05.06.2025
G‘azo, Suriya va Eron: Yaqin Sharqdagi so‘nggi o‘zgarishlar tahlili

10:54 / 03.06.2025