Jahon | 23:15 / 11.06.2025
3507
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp 9 ming noqonuniy migrantni Guantanamo qamoqxonasiga yubormoqchi

Yuborilishi rejalashtirilganlar orasida Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Irlandiya, Belgiya, Niderlandiya, Litva, Polsha, Turkiya va Ukraina hamda boshqa mamlakatlarning yuzlab fuqarolari bor.

Foto: Getty images

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Kubada joylashgan Guantanamo harbiy bazasidagi rejimi kuchaytirilgan qamoqxonaga 9 ming noqonuniy migrantni jo‘natishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi The Washington Post (WP).

Nashr manbalari so‘zlariga ko‘ra, migrantlar harbiy baza qamoqxonasiga jo‘natilishi uchun yetarli darajada sog‘lom yoki yo‘qligini aniqlash uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Yuborilishi rejalashtirilganlar orasida Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Irlandiya, Belgiya, Niderlandiya, Litva, Polsha, Turkiya va Ukraina hamda boshqa mamlakatlarning yuzlab fuqarolari bor. Shu bilan birga, WP suhbatdoshlarining qayd etishicha, Vashington o‘z qarori haqida hatto ittifoqchi davlatlar hukumatlarini ham xabardor qilishni rejalashtirmayapti.

Yanvar oyida Tramp Guantanamo qamoqxonasiga 30 mingga yaqin migrantni yuborishini aytgan edi. Shu bilan birga, qamoqxona shunchalik ko‘p yangi mahbuslarni sig‘dira oladimi yoki yo‘qmi, noma’lum, chunki hozirgacha u bir necha yuz kishini saqlagan va AQSh harbiylari chodirlar yordamida atigi 3 mingdan ortiq qo‘shimcha joy tashkil qilishga muvaffaq bo‘lgan.

Oq uy rasmiylarining tushuntirishicha, minglab migrantlarni Kubadagi harbiy bazaga jo‘natish Trampning noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilish bilan bog‘liq AQSh tarixidagi eng katta jarayonni boshlash va’dasi tufayli to‘lib ketgan hibsxonalarda joy bo‘shatish uchun zarur.

Mavzuga oid