O‘zbekiston | 16:11 / 12.06.2025
9782
3 daqiqa o‘qiladi

“Konstitutsiyaga zid tartib bekor qilinish kerak” - XDP taksichilar masalasida vazirni gilamga chaqirdi

Viloyatliklarning Toshkent shahrida taksichilik qilishini taqiqlash O‘zbekiston konstitutsiyasiga zid va bu tartib bekor qilinishi kerak, deb hisoblaydi muxolifatdagi Xalq demokratik partiyasi. Partiya transport vaziriga bu borada so‘rov yuborib, vazirni hukumat soatiga chaqirdi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi taksichilarga nisbatan propiska talabi qo‘yilganiga qarshi chiqib, transport vaziri Ilhom Mahkamovga so‘rov yubordi.

Partiya bayonotiga ko‘ra, vazir Mahkamov muammoni bartaraf etish maqsadida parlamentdagi hukumat soatiga taklif qilingan.

Vazirlar Mahkamasining 2 aprelda qabul qilingan va oradan ikki oy o‘tib jamoatchilik e’tiboriga tushgan qarorga ko‘ra, taksi faoliyati uchun litsenziya berish tartibi o‘zgargan: endilikda avtomobilning davlat raqamida qaysi hudud kodi ko‘rsatilgan bo‘lsa, bu avtomobilda faqatgina shu hudud va unga tutash hududdagina taksichilik qilish mumkin. Eski tartib asosida litsenziya olishga ulgurgan haydovchilar litsenziya muddati (1 yil) tugagunga qadar faoliyatini erkin davom ettirishi mumkin.

Xalq demokratik partiyasining qayd etishicha, bu tartib – Konstitutsiyasining 67-moddasiga zid. Bu modda bilan, O‘zbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlangan.

“Yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan bog‘liq joriy qilingan cheklov turli noqonuniy faoliyatlarni boshlanishiga, ularni erkin mehnat faoliyatini olib borishga to‘sqinlik qilishga, eng asosiysi, fuqarolarimizning konstitutsiyaviy huquqlari cheklanishiga olib keladi.

Shuningdek, Bosh qomusimizning 42-moddasiga ko‘ra, har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga egaligi nazarda tutilgan.

Yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarimiz o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ishsizlikdan himoyalanish huquqidan foydalangan hisoblanadi. Va bunday shaxslar qonunlarda belgilangan tartibda tegishli litsenziya olib, tegishli soliqlarni to‘lagan holda to‘liq qonuniy faoliyat yuritmoqda.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, yo‘nalishsiz taksilar bo‘yicha cheklov joriy qilishga hech qanday huquqiy asoslar yo‘q. Aksincha, konstitutsiyaviy me’yorlarga zid kelayotgan jihatlari yaqqol ko‘rinib turibdi”, – deyiladi XDP bayonotida.

Avvalroq jamoatchilik faoli Otabek Bakirov deputatlarni hukumat qarori ustidan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishga chaqirgan edi.

Mavzuga oid