Jamiyat | 09:37 / 12.06.2025
7177
2 daqiqa o‘qiladi

Qo‘qonda “Hizb ut-Tahrir” tashkilotining yashirin guruhi a’zolari ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmati Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlarini jalb qilgan holda o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Hizb ut-Tahrir” diniy ekstremistik tashkilotining yashirin guruhi fosh etildi.

Foto: DXX

Xususan, Qo‘qon shahrida yashovchi, muqaddam “Hizb ut-Tahrir” tashkilotiga a’zo bo‘lib, Jinoyat kodeksining 159- va 244-1- hamda 244-2-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgani uchun 2000-2019 yillarda ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tagan shaxs 1965-1971 yillar oralig‘ida tug‘ilgan 4 nafar fuqaroni jalb qilgan holda noqonuniy guruh tuzgan.

2024-2025 yillar davomida Qo‘qon shahridagi choyxona va oshxonalarda o‘tkazilgan o‘zaro yig‘inlarda guruh a’zolari “Hizb ut-Tahrir” g‘oyalarini O‘zbekistonga olib kirilishini, ushbu tashkilot tomonidan chop etilgan kitob va jurnallarda ifodalangan aqidaparastlikni, xalifalik davlati qurish g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab kelgan.

Shuningdek, “Telegram” messenjeridagi yopiq kanalga a’zo bo‘lib, unda “Hizb ut-Tahrir” DETga tegishli materiallar bilan muntazam tanishib borgan.

Guruhning yana bir a’zosi ham muqaddam “Hizb ut-Tahrir” tashkilotidagi ishtiroki uchun 23 yillik jazo muddatini o‘tab,  2024 yilning aprel oyida ozodlikka chiqqan bo‘lsa, boshqa bir a’zosi esa firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun umrining ma’lum bir qismini panjara ortida o‘tkazgan shaxs hisoblanadi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 159- va 244-1- hamda 244-2-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Mavzuga oid